frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Oilaviy birdamlik istagan otalarga nasihat

10.06.2026   15308   1 min.
Oilaviy birdamlik istagan otalarga nasihat

Hurmatli otalar! Agar oilangizda birdamlik, o‘zaro hurmat-e’tibor, mehr-muhabbat bo‘lishini istasangiz, o‘z qarashlaringizni ayolingiz va farzandlaringizga majburlab singdirishga urinmang. Xato qilsangiz ularning oldida tan ola biling.

“Bu uyda mening aytganim bo‘ladi”, deya qaysarlik qilib turib olmang! Ahlingizni biror foydali ishga chorlar, buyurar ekansiz, ularga halimlik va sabr bilan  muomala qiling. Unutmang, hamma birday fikrlab, tushunib, idrok etib ketavermaydi. “Nega men tushungan narsani bular anglamaydi?” deya xunob bo‘lmang. Yotig‘i bilan anglating. Usul va yo‘l qidirishdan to‘xtamang.

Uyingizdan tashqarida duch kelgan g‘am-tashvishlaringiz oilangizga sizib kirib, ichki muammolaringiz bilan qo‘shilib-kattalashishiga yo‘l qo‘ymang! O‘z hayotingizni do‘stingiz yo yaqiningizning hayotiga taqqoslab, uni o‘zingizdan ko‘ra baxtliroq deb o‘ylamang. Hamma narsa ko‘ringani kabi bo‘lavermaydi.

Aksincha, hayotingizni siz hali duch kelmagan qiyinchilik va mashaqqatlarni boshdan o‘tkazayotgan kishilarning hayoti bilan qiyoslang! Shunda siz muammo deb o‘ylagan ba’zi narsalar aslida unday emasligini ko‘ra boshlaysiz. Siz ham bir xatokor bandasiz. O‘zingizga shu nazar bilan qarang. Hammasi iziga tusha boshlaydi. Farzandlaringiz haqiga ko‘p-ko‘p duo qiling...


Hasson Shamsiy Poshoning "Oqshom go‘zalliklari" kitobidan
Abdussami’ Xayrulloh, G‘iyosiddin Habibulloh tarjimasi

Boshqa maqolalar

Ot izini toy bosar

14.08.2026   38559   1 min.
Ot izini toy bosar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».


Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.


Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:


– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.

– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...

– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.

Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.

– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.

– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.


Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.


Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.


Akbarshoh RASULOV