Qashqadaryo viloyatidagi Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida 32-bitiruvchi kurs talabalari uchun bag‘ishlangan "Xatmona–2026" tantanali tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov, viloyat hokimligi vakillari, muassasa rahbariyati, ustozlar va bitiruvchilar qatnashdi.
Marosimni ta’lim muassasasi mudiri O‘tkir G‘uzarov ochib, yoshlarga ilm va ma’rifat yo‘lida sobitqadamlik tiladi. Shundan so‘ng viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov so‘zga chiqib, bitiruvchilarga ilm fazilati, ustozga hurmat hamda dinimiz va xalqimiz yo‘lida sidqidildan xizmat qilish mas’uliyati haqida qimmatli nasihatlar qildi.
Tadbir davomida ustozlar va talabalarning dildan suhbatlari, xotiralari tinglandi.
Yakunda ilm yo‘lida alohida o‘rnak ko‘rsatgan bitiruvchilarga esdalik sovg‘alari va tashakkurnomalar topshirildi.
Tantanali marosim xayrli duolar bilan yakunlandi.
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi shukuhi kezib yurgan shu kunlarda Namanganda ehtiyojmand va ko‘makka muhtoj oilalar holidan xabar olinmoqda.
“Mehr-saxovat” ma’rifiy tadbiri doirasida soha xodimlari shahardagi 125 ta xonadonga tashrif buyurib, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatdilar. “Vaqf” xayriya jamoat fondi hamda saxovatpesha yurtdoshlarimiz hamkorligida ko‘rsatilgan ushbu ko‘mak ko‘ngillarga iliqlik, yuzlarga tabassum ulashdi.
Dildan kechgan samimiy suhbatlar va ko‘tarilgan duolar yurtimizda mehr-oqibat, hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati