Bugun, 24 iyun kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida “Islom moliyasi va vaqf: O‘zbekistonda joriy etish imkoniyatlari va istiqbollari” mavzusida xalqaro ekspertlar va davlat tashkilotlari vakillari ishtirokida keng qamrovli tanishuv seminari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Din ishlari buyicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maqsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, “Vaqf” xayriya jamoat fondi raisi Zayniddin domla Eshonqulov, Islom Taraqqiyot banki vakili Husan Hasanov va boshqalar so‘zga chiqishdi.
Ta’kidlab o‘tish joizki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda islom moliyaviy instrumentlarini joriy etish uchun muhim huquqiy qadamlar qo‘yilmoqda. Xususan, mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy usulda xizmat ko‘rsatishga ruxsat berilgani, lizing (ijara) va sherikchilikka asoslangan moliyalashtirish tizimi kengayayotgani yurtimizning ushbu sohada katta salohiyatga ega ekanligini ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, Islom taraqqiyot banki (ITB) va Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha islom korporatsiyasi (XIKOR) kabi xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda mahalliy tijorat banklari orqali tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xayrli loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Seminar davomida soha ekspertlari islom moliyasining an’anaviy bank tizimidan tub farqlari va afzalliklarini ilmiy asoslar bilan ko‘rsatib berishdi.
Anjumanda qayd etilganidek, bugungi kunda an’anaviy ko‘chmas mulk vaqflaridan tashqari, pul vaqflari (cash) va korporativ vaqflar dunyoda yuqori samara bermoqda.
Muhokamalar davomida O‘zbekistonda vaqf tizimining huquqiy va iqtisodiy modellarini yaratish istiqbollari belgilab olindi. Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan "Vaqf" xayriya jamoat fondi tajribasini yanada kengaytirish, vaqf mulklarini samarali boshqarish orqali tolibi ilmlar uchun ta’lim grantlarini ta’sis etish, ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirish va kam ta’minlangan oilalarni uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha yangi strategiyalar haqida ham so‘z bordi.
Yakunda ishtirokchilar tomonidan O‘zbekistonda Islom moliyasi va vaqf to‘g‘risidagi qonunchilik asoslarini yanada takomillashtirish, soha uchun malakali kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish hamda aholining moliyaviy savodxonligini oshirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Samarqandning yuragi boʻlgan Registon maydoni hududidagi Shayboniyxon va uning sulolasi dafn etilgan maskan ziyoratgohga aylantiriladi.
Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarovning soʻzlariga koʻra,1960–1962-yillarda hozirgi Islom Karimov koʻchasini kengaytirish, obodonlashtirish ishlari jarayonida mazkur daxma shu hududda boʻlgan Shayboniyxon madrasasi hovlisidan Registon maydoniga – Tillakori va Sherdor madrasalari yoniga koʻchirilgan.
“Maʼlumki, mazkur hudud Amir Temur bobomiz davrida Samarqand shahrining eng muhim markazlaridan biri boʻlgan, bu hududda koʻplab madrasa va masjidlar bunyod etilgan. Jumladan, Amir Temur masjidi va uning roʻparasida Bibixonim madrasasi qad rostlagan. Keyinchalik Mirzo Ulugʻbek bobomiz tomonidan ulkan madrasa qurilgan. Balki Shayboniyxon ham ana shu ulugʻvor madrasa va masjidlarga havas qilib, ularning yonida madrasa qurgandir. Chunki, tarixiy manbalardan bilamizki, Muhammad Shayboniyxon ham ulugʻ hukmdor boʻlish bilan birga ilm-maʼrifat homiysi, ilmli inson va ijodkor sifatida Samarqandda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan, koʻplab masjid va madrasalar qurdirgan. Amir Temurdan keyin qudratli davlat tashkil etib, uning chegaralarini kengaytirgan, obod qilgan”, deydi Registon majmuasi rahbari.
Tarixiy manbalarda Shayboniyxon 1510-yilda Eron shohi Ismoil Safaviy bilan boʻlgan jangda halok boʻlgach, uning boshsiz tanasi Samarqandga keltirilib, Baland Sufaga dafn qilingani yozilgan.
Baland Sufa oʻz vaqtida Shayboniyxon madrasasida boʻlgan va keyinchalik (1960–1962-yillarda) oʻz holicha Registon hududiga koʻchirilgan daxmadir.
Xonqul Samarovning qoʻshimcha qilishicha, shu paytgacha Muhammad Shayboniyxon shaxsiga munosabat ortidan bu joyga ham yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan.
Shuningdek, u oltmish yildan ortiq vaqtdan buyon ushbu hududda turgan bu ziyoratgoh haqida oddiy odamlar, hatto koʻpchilik tarixchilarda ham ma'lumot yo'qligini, bunga sabab esa hududda hech qanday koʻrgazmali vosita yoki yozuv mavjud emasligini taʼkidlaydi.
“Yillar davomida xalqimiz ongiga Bobur ijobiy, Shayboniyxon salbiy shaxs sifatida singdirildi. Aslida esa davlatchilik tariximiz, qolaversa, adabiyotimiz rivojida bu ikki buyuk bobomizning ham oʻz munosib oʻrni, hissasi bor. Zahiriddin Muhammad Boburning oʻzi ham “Boburnoma”da bu zotning nomi haqida toʻxtalib, “Shayboq”, yaʼni “kuch-qudratli” degan taʼrif bergan. Shayboniyxon va shayboniylar tomonidan Samarqandda, umuman, ushbu mintaqada katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani haqida tarixiy manbalarda koʻplab maʼlumotlar uchraydi. Masalan, Shayboniyxon bir necha bosqichli oʻqitish tizimi joriy etib, barcha ilmlardan xabardor boʻlish uchun bola 26-yil taʼlim olishi kerak, deb hisoblagan. Ikki yillik maktab taʼlimidan soʻng har biri 8-yildan iborat uch bosqichli madrasa taʼlimini olish zarur boʻlgan”, deya maʼlumot beradi Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarov.
Maʼlumot uchun, Shayboniyxon kuchli sarkarda, hukmdor boʻlish bilan birga ijodkor sifatida nafis gʻazal va ruboiylar, dostonlar yozgan. Jumladan, “Bahr-ul xudo” nomli dostoni va oʻgʻli valiahd Temur sultonga atalgan pand-nasihatlardan iborat kitobi mavjudligi qayd etiladi.
Tarixiy manbalarda keltirilishicha, u bobosi Abulxayrxon vafotidan keyin parokanda boʻlib ketgan qabilalarni birlashtirib, koʻchmanchi oʻzbeklar davlatini qayta tiklagan. Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni egallab, qudratli davlat barpo qilgan. Muhammad Shayboniyxon butun mintaqani yagona bir markaz – Samarqand qoʻl ostida birlashtirgan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati