Bugun, 24 iyun kuni O‘zbekiston musulmonlar idorasi huzuridagi “Shamsuddinxon Boboxonov” nashriyot matbaa ijodiy uyida 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni nashriyot bosh direktori Sultonbek Imomnazarov olib bordi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, muftiy o‘rinbosarlari Zayniddin domla Eshonqulov, Obidjon Qodirov va boshqa mas’ullar qatnashdi.
Bayram tadbirida so‘zga chiqqan Homidjon domla Ishmatbekov Muftiy hazratning tabrigini yetkazib, nashriyot xodimlarining ma’rifat tarqatishdek mashaqqatli va sharafli ishlarini e’tirof etdi.
Taqdirlash marosimida to‘rt nafar xodimga umra yo‘llanmasi taqdim etildi. Shuningdek, jonkuyar va fidoyi xodimlar “Tashakkurnoma” va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati