Ashuro – Muharram oyining o‘ninchi kuni bo‘lib, Islomda fazilatli kunlardan sanaladi. Bu kunning sharafi haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ko‘plab hadislar rivoyat qilingan.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida yahudiylarning Ashuro kuni ro‘za tutayotganini ko‘rib: “Nima bu? (ya’ni, nima uchun bu kun ro‘za tutyapsiz?)” dedilar. Ular: “Bu yaxshi kundir. Bu kunda Alloh taolo Bani Isroilga dushmanlaridan najot bergan. Shuning uchun Muso ro‘za tutgan”, deb javob berishdi. Shunda u zot alayhissalom: “Men Musoga sizlardan ko‘ra haqliroqman”, dedilar va shu kuni ro‘za tutdilar hamda boshqalarni ham ro‘za tutishga buyurdilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ashuro kunining eng katta fazilatlaridan biri — bu kunda tutilgan ro‘zaning ulkan savobidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi o‘tgan bir yilning gunohlariga kafforat bo‘lishidan Allohdan umid qilaman”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu ashuro kunichalik biror kunning ro‘zasini hamda ushbu ramazon oyichalik (biror oyni) savob talabida boshqasidan afzal bilganlarini ko‘rmaganman”, dedi (Imom Buxoriy rivoyati).
Ulamolar bu hadisdagi gunohlar kichik gunohlar ekanligini bayon qilganlar. Katta gunohlar uchun esa tavba qilish lozim. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, boshqalarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Ey Allohning Rasuli, axir, bu – yahudiylar va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku?”, dedilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar kelasi yili bo‘lsa, albatta, to‘qqizinchi kuni ham ro‘za tutamiz”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Hofiz ibn Hajar rahmatullohi alayh bunday deganlar: “Bu voqea oxirgi vaqtlarda bo‘lgan. Chunki Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam avvallari biror narsaga buyurilmagan ishlarda ahli kitoblarga muvofiq bo‘lishni xohlardilar. Ayniqsa, mushriklarga xilof bo‘lgan ishlarda shunday edilar. Makka fath bo‘lib, Islom mashhur bo‘lganidan so‘ng ahli kitoblardan ham farqli bo‘lishni xohladilar. Shuning uchun avvalda: “Men Musoga sizlardan ko‘ra haqliroqman”, degan bo‘lsalar, keyinchalik ulardan ham ajralib turishni istadilar va Ashuro kunidan oldin yoki keyin yana bir kun ro‘za tutib qo‘yishga buyurdilar”.
Shu sababli ulamolar Ashuro ro‘zasini 9-10 yoki 10-11 muharram kunlari tutishni mustahab deb bilganlar.
Ashuro kuni mo‘min uchun Allohning ne’matlariga shukr qilish, gunohlardan tavba etish, zikr va ibodatni ko‘paytirish uchun yaxshi fursatdir. Bu muborak kunning fazilatidan foydalanib, ro‘za tutish va solih amallarni ko‘paytirish har bir musulmon uchun katta manfaatdir.
Alloh taolo barchamizni Ashuro kunining fazilatidan bahramand bo‘ladigan bandalaridan qilsin.
Asliddin MIRZAMIDDINOV,
Toshkent Islom instituti “Qur’on ilmlari” kafedrasi o‘qituvchisi
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida "Islom ma’rifati, hadis ilmi va Imom Buxoriy merosi" o‘quv kursi o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan yodgorlik majmuasi gid-ekskursovodlari uchun o‘tkazilgan mashg‘ulotlar doirasida ekskursiya faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, nazariy va amaliy masalalar ko‘rib chiqildi, xabar bermoqda “Samarkandskiy vestnik” nashri.
- Bu yerga tashrif buyurgan har bir ziyoratchi faqat ibodat qilish uchun emas, balki ma’naviy "oziq" olish uchun ham borishi kerak, - deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov. - Bu yerda faoliyat yuritayotgan gidlarning malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yar ekanmiz, ularga Imom Buxoriyning bizga qoldirgan merosini, bu merosning tarixiy manbalarini chuqur o‘rgatishimiz shart.
Kurs doirasida majmuaga birinchi marta tashrif buyurgan mehmonlar bilan muloqotning o‘ziga xos xususiyatlari muhokama qilindi. Xorijlik ziyoratchilarga nafaqat Imom al-Buxoriy hayotidagi faktlar va diniy qadriyatlarimizni yetkazish, balki boy madaniy merosimizni asrab-avaylash va yetkazish kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi.
Gid-ekskursovodlar ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, kelgusidagi ishlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar berdilar. Bu bevosita ekskursiyalarni o‘tkazish paytida yuzaga keladigan masalalarni muhokama qilish imkonini berdi.
Kurs O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Diniy ta’lim sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, viloyat hokimligi hamda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini saqlash va uning atrofini obodonlashtirish departamenti tomonidan tashkil etildi.
Tarixiy obidalar va ziyoratgohlar turizm salohiyatining muhim qismi bo‘lgan Samarqand viloyati uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash alohida ahamiyatga ega. Mehmonga tashrif buyuriladigan joyning tarixi qanchalik to‘liq va tushunarli ochib berilishi gidning professionalligiga bog‘liq. Shuning uchun ham gid-ekskursovodlarning malakasini muntazam oshirib borish, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etish Samarqandda turizm xizmatlari sifatini oshirishda ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati