frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Otamdan qolgan saboqlar: Qiyomat kuni Allohning oldida uyalib qolma!

25.06.2026   22304   4 min.
Otamdan qolgan saboqlar: Qiyomat kuni Allohning oldida uyalib qolma!

Qalbim sururi, ko‘zim quvonchi bo‘lgan aziz farzandim! Siz dunyoga kelganingizda mendanda baxtli inson yo‘q edi. Ilk bor mustaqil qadam bosganingiz, “dadajon” deb, erkalanganingiz, telefon qilib “dada uyga qachon kelasiz?” deganingiz kechagidek yodimda.
Ko‘z ochib yumguncha bir zumda ulg‘aydingiz... Maktabda tengqurlaringiz orasida tarbiyangiz bilan ajralib turardingiz.


Yoshligingizdan orzu qilgan institutning talabasi bo‘lish baxtiga erishsin deya kechalari onangizning yig‘lab qilgan duolari, “Allohim farzandimga manfaatli ilm bergin” deb qilgan iltijolarim ijobat bo‘lganini eshitganimda ko‘z yoshlarimni tiyolmagandim. Yuzlab qorako‘zlar ichidan talaba bo‘lish baxti sizga nasib bo‘lgani uchun Robbimga hamdlar aytdim.


Mana oradan 4 yil o‘tdi. Bugun bu fayzli va muborak dargohni tark etmoqdasiz.
Ey Farzandim! Bugun fursatdan foydalanib, Sizga kichik bir nasihatni qilmoqchiman. Unga umringizning oxirgi lahzalarigacha amal qilishingizga Alloh tavfiq berishini so‘rab qolaman.


Aziz dilbandim! Siz endigina 4 bahorni ko‘rgan bolakay edingiz. Jajji qo‘llaringizdan tutib sizni bog‘chaga olib ketardim. Shunda do‘kondagi mashina o‘yinchog‘ini ko‘rib qolib, olib bering deb rosa xarxasha qilgandingiz. Olib berishni juda istardimku, ammo afsuski oldimda shu kichkinagina o‘vinchoqni olib berishga ham pulim yo‘q edi....Jonimni so‘rashsa sizga berishga tayyorman bolam... o‘zimdan afzal inson bo‘lishingiz uchun bor imkoniyatimni ishga solib harakat qilaman. Ba’zan duoda o‘zimni unutsamda, sizni aslo unutmayman.

Oradan yillar o‘tib, Rasulimiz alayhissalomning sunnatlariga muvofiq nikoh to‘yingizni o‘tkazdik. Shu kuni sizni muborak etgani so‘zga chiqqanimda sizga mendan arazlab, hatto gaplashmay qo‘yishingizga sababchi o‘sha kichkina mashinani topshirganimda juda uyalib, yuzlaringiz qizarib ketgandi...
Jonim bolam, niyatim sizni uyaltirish emas... Sizga faqat yaxshiliklarni tilayman. Sizga butun umringiz va oxiratingiz uchun kerak bo‘ladigan muhim bir saboqni amaliy tarzda yetkazgim keldi, xolos...

Unutmangki, kunlar o‘tib Allohning huzuriga qaytarilasiz. Bir kun aniq Robbimizning oldida turamiz. Alloh taolo har birimizning qilgan amalimizni birma-bir hisob-kitob qiladi. Shunday kunda ummati Muhammad bo‘lgan siz dilbandim amallaringizning juda oz va kichkinaligi bilan butun xaloyiqning oldida uyalib qolmang! Buning uchun har bir amalingizni xolis Alloh taolo uchun qiling! Hech kimni g‘iybat qilmang, boshqalarga hasad qilmang!

Unutmangki, siz Alloh taoloning dinini yetkazishdagi omonatdorsiz. Ulug‘ zotlarga ilm beshigi bo‘lgan institutning vakilisiz. Siz ularga so‘zsiz munosib bo‘lishingiz kerak. Zero, xalqimiz muborak Islom dinimizni – imom timsolida ko‘radi.

Bizni zalolatdan hidoyatga, zulmatdan yorug‘likka, jaholatdan ma’rifatga, baxtsizlikdan saodatga olib chiqqan, bu yo‘lda mollarini ham, jonlarini ham ayamagan, hamisha faqat biz bevafo ummatning g‘amida bo‘lgan sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nimaga buyurgan bo‘lsalar shuni mahkam tuting, nimadan qaytargan bo‘lsalar undan tiyiling. Hadislarini yodlashga haris bo‘ling, hayotlari, sifatlari, xulqlari va yo‘llarini ko‘proq o‘rganing va ularga amal qiling.

Aslo erishgan yutug‘ingiz bilan cheklanib qolmang. Kimdir yoki nimadir uchun ilm olmang. Eng muhimi – ilm ibodat ekanini unutmang!

Qur’onni qo‘lingizdan qo‘ymang. Qur’onga muhabbatli bo‘ling!

Jigarporam, musofirchilik, ota-onadan uzoqda yurish, ularga bo‘lgan mehrni ham uzoqlashtirmasin. Unutmangki, biz sizni yaxshi ko‘ramiz, siz bizning hamisha qalbimizda, duolarimizdasiz. 

Sizni ko‘rishimiz bolaligingizni, baxtli onlaringizni, quvonch bilan yugurib quchog‘imizga o‘zingizni otishingizni yodimizga soladi.
Siz kelmay qo‘ysangiz bizning yuraklar siqilib, sog‘inchdan va xavotirdan jam bo‘lmaydi. 

Sizdan yagona iltimosimiz shuki, duolaringizda doimo eslab, Alloh taolodan bizga rahm-shafqat so‘rang. Qaniydi, Jannatda barcha ota-onalar qatorida turganimizda ismlarimiz bilan chaqirilib, “farzandingiz Qur’on yodlab, qilgan solih amallari uchun sizga mukofot – izzat toji kiydiriladi” deganini eshitsak edi... Bu bizning eng buyuk orzuimiz.
Alloh taolo barchamizni jannatda birga qilsin! Izzat tojini kiyadigan zotlardan qilsin! Omiyn.

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

13 ming nafardan ziyod o‘quvchiga maktab forma va o‘quv qurollari hadya qilindi

31.08.2026   15211   1 min.
13 ming nafardan ziyod o‘quvchiga maktab forma va o‘quv qurollari hadya qilindi

Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.

Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.

Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.

Shuningdek, joriy yilda «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan ham 1500 nafar yetim va chin yetim bolalarga bayram sovg‘alari hamda maktab formalari va o‘quv qurollari hadya qilindi. Xususan, Farg‘ona viloyatida 302 nafar, Samarqand viloyatida 243 nafar va Qashqadaryo viloyatida 215 nafar boquvchisini yo‘qotgan o‘quvchilarga yordamlar ko‘rsatildi.

Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.

Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari