Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bugun – Yoshlar kuni.
Avvalo, shuni aytmoqchiman: Ey yoshlar, sizlar naqadar baxtlisiz!
Sizlar ilm olish uchun eshiklari ochiq bo‘lgan yurtda yashayapsiz. Ilm olishni istasangiz, kasb-hunar o‘rganishni istasangiz ham, oliy ta’lim olishni istasangiz ham imkoniyatlar bor. Ota-onangiz tinch osmon ostida sizning kamolingizni orzu qilib yashayapti.
Bu ne’matlarning qadriga yeting.
Har bir ne’matning shukri bo‘ladi. Yoshligingizning shukri – uni Alloh rozi bo‘ladigan yo‘lda sarflashdir.
Alloh taolo aytadi: “Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152-oyat).
Aziz yoshlar!
Bugun dunyo siz uchun kurashmoqda. Ammo bu kurash qurol bilan emas, qalbingiz uchun kurashdir.
Bir tomonda muallim ustozlaringiz chaqiradi.
Ikkinchi tomonda nafs chaqiradi.
Bir tomonda ota-onaning duosi.
Ikkinchi tomonda internetdagi noma’lum odamlarning chaqiriqlari.
Bir tomonda yurtimiz ulamolari.
Ikkinchi tomonda o‘zini “haqiqat tarafdori” deb ko‘rsatadigan, ammo aslida yoshlarni fitna, g‘azab va adovat sari yetaklaydigan buzg‘unchi oqimlar.
Ular sizga: “Faqat biz haqmiz”, deydi.
Ammo ularning ortidan borgan qancha yoshlar ota-onasidan, ilmidan, yurtidan ayrildi, eng achinarlisi esa, xotirjamligini ham yo‘qotdi. Ular baxt izlab chiqib, baxtini yo‘qotdi.
Islom esa, insonni ota-onasiga mehribon, yurtiga foydali, ilmga tashna, odobli va rahmli bo‘lishga chaqiradi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ikki ne’mat borki, odamlarning ko‘pi ularning qadriga yetmaydi: sog‘liq va bo‘sh vaqt” (Imom Buxoriy rivoyati).
Yoshlik ham mana shu ikki ne’matning eng go‘zal davridir.
Bugun telefoningizda birgina tugma bilan dunyoning har xil fikrlari kirib keladi.
Ammo unutmang...
Har ko‘p kuzatiladigan odam haq bo‘lavermaydi.
Har chiroyli gap jannatga olib bormaydi.
Ba’zan eng xavfli zahar eng shirin idishda bo‘ladi.
Shayton ham hech qachon insonni: “Kel, gunoh qil”, deb boshlamaydi. Avval: “Faqat bitta video ko‘r”, deydi. Keyin: “Faqat bitta shubhali sahifani o‘qib ko‘r”, deydi. So‘ng esa qalb asta-sekin nurini yo‘qota boshlaydi.
Bugun sen kimni tinglayotganing – ertaga kim bo‘lishingni belgilaydi.
Kim bilan yurganing – qayerga borishingni belgilaydi.
Nimani ko‘rayotganing – qalbing qanday bo‘lishini belgilaydi.
Shuning uchun ulamolarga mahkam yopishing.
Diyoringiz ulamolariga yaqin bo‘ling.
Jonajon vataningizni do‘st tuting.
Ilm-hunarni hayotingizning eng go‘zal lahzasiga aylantiring.
Ota-onangizning roziligini yo‘qotmang.
Chunki ota-onaning birgina duosi ba’zan insonni dunyo va oxirat saodatiga olib boradi.
Aziz yoshlar!
Yoshlik – o‘tib ketadigan fasl.
Bugun kuchli oyoqlar bir kun qariydi.
Bugun o‘tkir ko‘zlar bir kun xiralashadi.
Bugun tez yugurayotgan yurak ham bir kun to‘xtaydi.
Ammo yoshligingizda vataningizga qilgan bir fidoiylik, bir sadaqa, bir ilm, bir yaxshilik Qiyomat kunigacha siz bilan qoladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xabar berganlar: Qiyomat kuni banda besh narsadan so‘raladi. Ulardan biri “Yoshligini nimaga sarflading?”.
Shunday ekan, bugun javobini tayyorlaylik.
Ey yoshlar!
Siz bu yurtning umidisiz.
Ota-onangizning quvonchisiz.
Ustozlaringizning mevasisiz.
Ummatning ertangi kunisiz.
Shunday ekan, hech kim sizning pok qalbingizni o‘g‘irlamasin.
Hech kim sizni ilm yo‘lidan chalg‘itmasin.
Hech kim sizni fitnaga boshlamasin.
Ilm bilan yuksaling.
Odob bilan bezaning.
Shunday yosh bo‘lingki, sizni ko‘rgan ota-ona: “Allohim, O‘zinga shukur, farzandimdan roziman Sen ham rozi bo‘lgin”, deb duo qilsin.
Alloh taolo barcha yoshlarimizni iymoni mustahkam, ilmi ziyoda, odobi go‘zal, ota-onasiga sadoqatli, Vataniga foydali va ummatga xizmat qiladigan solih insonlardan aylasin.
Nuriddin HAMRAQULOV,
Yakkasaroy tumani “Rahimjon hoji ota” jome masjidi imom noibi
O‘zbekistonda noyob Qur’on yaratish bo‘yicha jahon xattotlar tanlovi 26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida e’lon qilinadi. Tanlov «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi doirasida o‘tkaziladi, xabar bermoqda UzDaily.uz.
«Dunyo Qur’oni: xattotlik an’analaridan — kelajak merosi sari» loyihasini xattot va Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi direktori Habibullo Solih taqdim etadi. Bu haqda tadbir tashkilotchisi xabar berdi.
Tanlov doirasida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining islomiy xattotlikdagi eng yaxshi an’analarini birlashtirgan noyob Qur’on yaratish ko‘zda tutilgan.
Tanlovning tantanali e’loni «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmunlari» mavzusidagi yalpi sessiyaning yakuniy qismi bo‘ladi. Sessiya 26 avgust kuni soat 09:30 dan 12:00 gacha o‘tkaziladi.
Tadbir doirasida ommaviy axborot vositalarining stereotiplar va islomofobiyani yengishdagi roliga bag‘ishlangan xalqaro muhokama ham bo‘lib o‘tadi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, Jazoir, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning davlat tuzilmalari hamda OAV vakillari ishtirok etadi.
Forum dasturidan Qur’oniy va qo‘lyozma merosga bag‘ishlangan loyihalar ham o‘rin olgan. Ular orasida «114 Qur’on: islom olamining 114 xattotlik durdonasi», «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va rivoyatlar» xalqaro loyihasi hamda «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasi bor.
O‘zbekistonda xattotlikni rivojlantirishga institutsional darajada ham e’tibor qaratilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Xattotlik maktabi faoliyat yuritmoqda. Maktabda suls, nasx, nasta’liq, ruq’a, devoniy va kufiy kabi an’anaviy yozuv uslublarini o‘rgatish rejalashtirilgan.
Xattotlik san’ati Samarqand viloyatidagi yangi Imom al-Buxoriy majmuasida ham namoyon etilgan. Majmua peshtoqlari va ayvonlari devorlari «Sahih al-Buxoriy»dan olingan hadislar bitilgan yozuvlar bilan bezatilgan. Majmua huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmiy maktabi ham faoliyat yuritadi.
Xalqaro mediaforumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi.
Tadbirda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 ga yaqin vakili ishtirok etadi. Ular orasida mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari bor.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati