#xabar #murojaat #qabul
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati tomonidan aholi bilan o‘tkazilayotgan ochiq va samimiy muloqotlar fuqarolarning muammolarini bartaraf etishda muhim omil bo‘lmoqda. Har bir murojaatga alohida e’tibor qaratilishi natijasida ko‘plab masalalar joyida va ijobiy hal etilmoqda.
Xususan, bugun, 1 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazdi. Muloqot davomida imom-xatiblar faoliyati, haj va umra ziyoratlari, diniy ta’lim tizimi, oilaviy munosabatlar hamda moddiy yordamga oid murojaatlar ko‘rib chiqildi.
Qabulda oilaviy masalalar yuzasidan kelganlarga shar’iy yechimlar va zarur maslahatlar berilgan bo‘lsa, moddiy yordam so‘ragan fuqarolarga belgilangan tartibda amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.
Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan yurtdoshlarimiz mamnunligini bildirishdi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "... Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishni aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi", deb marhamat qilganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Shu kabi qabul jarayonlari har haftaning chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining barcha hududiy vakilliklari va jome masjidlarida imom-domlalar tomonidan muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida diniy-ma’rifiy sohada samarali faoliyat yuritayotgan, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash va yoshlarni yot g‘oyalardan asrash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan bir guruh soha xodimlari taqdirlandi.
Tadbirda Qumqo‘rg‘on tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Z.Eshqobilov ishtirok etib, yig‘ilganlarni qutlug‘ bayram bilan samimiy muborakbod etdi hamda ularning el-yurt osoyishtaligi va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishdagi xizmatlarini yuqori baholadi.
Marosimda fidoyi soha xodimlariga tuman hokimligining tashakkurnomalari va bayram esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati