Hammod ibn Aqta’ rahimahulloh: “Qalblar — idishlardir. Iymonga to‘la qalbning alomati barcha musulmonlarga nisbatan shafqatli bo‘lish, ularning qayg‘u-tashvishlari bilan yashash hamda ularga manfaat va yaxshilik olib keladigan ishlarda ko‘makdosh bo‘lishdir. Nifoqqa to‘la qalbning alomati esa adovat, nafrat, aldov va hasaddir", dedi.
Ibn Asokir rahimahullohning "Tarixi Dimashq" asaridan
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi “Jizzaxlik”, “Yakkatut” va “Ardaxshon” jome masjidlarining yangi binolari foydalanishga topshirildi.
Tantanali ochilish marosimida soha mutasaddilari, Jizzax viloyati bosh imom-xatibi Mehmonxon domla Jabborov, mahalliy hokimlik vakillari hamda namozxonlar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar Allohning uylarini obod etishning ulug‘ fazilati, masjid qurilishiga hissa qo‘shgan insonlarning ajru mukofotlari haqida to‘xtalib o‘tdilar. Shuningdek, masjidlarni nafaqat moddiy, balki jamoat bilan ibodatlarni ado etib, ma’naviy jihatdan obod qilish har bir mo‘min uchun muhim ekani ta’kidlandi.
Yurtimizda istiqlol ayyomi munosabati bilan eshiklarini ochgan ushbu yangi masjidlar namozxonlar uchun zamonaviy va qulay sharoitlarda ibodatlarini ado etishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Jizzax viloyati
Matbuot xizmati