O‘simliklar bir joydan, bir xil ozuqadan oziqlansa ham mevalari turlicha bo‘ladi. Ya’ni, har bir o‘simlik o‘g‘itlardan o‘ziga mos ozuqalarni ajratib oladi. Shuning uchun bir joyda o‘sgan o‘simliklarni ko‘rsangiz birining mevasi shirin bo‘lsa, boshqasiniki nordon bo‘ladi, biriniki katta bo‘lsa, boshqasining mevasi kichkina bo‘ladi. Hatto ranglarida ham turli-tumanlikni ko‘rishimiz mumkin. Bunaqa misollarni ko‘plab keltirishimiz mumkin. Biroq shu o‘rinda Alloh taoloning Qur’oni karimdagi quyidagi oyati karimasini keltirish ayni muddao bo‘lsa kerak:
﴿وَفِي الْأَرْضِ قِطَعٌ مُتَجَاوِرَاتٌ وَجَنَّاتٌ مِنْ أَعْنَابٍ وَزَرْعٌ وَنَخِيلٌ صِنْوَانٌ وَغَيْرُ صِنْوَانٍ يُسْقَى بِمَاءٍ وَاحِدٍ وَنُفَضِّلُ بَعْضَهَا عَلَى بَعْضٍ فِي الْأُكُلِ إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآَيَاتٍ لِقَوْمٍ يَعْقِلُونَ﴾
“Va yer yuzida qo‘shni bo‘laklar bor. Shuningdek, uzumlar, bog‘lar, ekinzorlar, shoxlagan va shoxlamagan xurmozorlar bo‘lib, bir xil suv ila sug‘oriladilar va ularning ba’zilarining mevasini boshqasidan afzal qilurmiz. Bunda albatta aql ishlatuvchi qavmlar uchun oyat-belgilar bordir” (Ra’d surasi, 4-oyat).
Biz yer yuzida yurib ana shuncha mo‘jizalarni ko‘ramiz-u, shunda ham Allohning borligiga qani dalil deb so‘rayveramiz. Ana shunday kimsalar haqida Alloh taoloning quyidagi oyati karimasi bor: “Ularga Robbilarining oyatlaridan biri kelsa yuz o‘girurlar” (An’om surasi, 4-oyat).
Shayx Muhammad Mutavalli Sha’roviy rahimahullohning
"Allohning borligiga aqliy dalillar" kitobidan
Bugun, 2 sentyabr chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning murojaat va takliflarini atroflicha tingladi.
Ochiq va samimiy ruhda kechgan qabul jarayonida Toshkent shahri, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlaridan tashrif buyurgan fuqarolarning diniy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish, Umra ziyorati tartibi hamda masjidlar faoliyatiga doir murojaatlari birma-bir ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv davomida bildirilgan masalalar yuzasidan fuqarolarga shar’iy va huquqiy tushuntirishlar berilib, tegishli mas’ul xodimlarga murojaatlarni qisqa fursatlarda qonuniy hamda ijobiy hal etish bo‘yicha aniq topshiriqlar yuklatildi.
Eslatib o‘tamiz, aholi bilan ochiq muloqotni ta’minlashga qaratilgan bu kabi fuqarolar qabullari O‘zbekiston musulmonlari idorasi, uning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarida har haftaning chorshanba kuni muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati