Buxoro viloyatida yangi jome masjidlarini barpo etish va obodonlashtirish ishlari izchil davom etmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Jobir domla Elov Kogon shahri va Kogon tumanida qurilayotgan ikki masjidda bo‘lib, qurilish ishlarining borishi bilan tanishdi.
Dastlab Kogon tumanidagi “Xo‘ja Ka’bul Axbor Vali” jome masjidining yangi binosida olib borilayotgan qurilish ishlari ko‘zdan kechirildi. Tashrif davomida mas’ullar bilan qurilish jarayoni muhokama qilinib, ishlarni belgilangan muddatlarda va sifatli amalga oshirish yuzasidan tegishli tavsiya hamda takliflar berildi.
Loyihaga ko‘ra, yangi masjid xonaqohi va keng hovlisi bilan birgalikda 1000 nafardan ziyod namozxonni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Majmua tarkibida muhtasham gumbaz, zamonaviy tahoratxonalar, ma’muriy binolar, yangi darvoza, avtoturargoh hamda ko‘kalamzorlashtirilgan hududlar barpo etiladi. Shuningdek, masjid hududidagi tarixiy hovuz va qadimiy quduqni restavratsiya qilish ishlari ham amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Shundan so‘ng Kogon shahrida barpo etilayotgan “Hazrati Bilol” jome masjidida ham qurilish ishlarining borishi o‘rganildi. Mas’ullarga qurilish sifatini yanada oshirish, me’moriy yechimlarga alohida e’tibor qaratish va ishlarni o‘z vaqtida yakunlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Loyihaga muvofiq, mazkur masjid sharqona milliy me’moriy uslubda qurilib, 900 nafar namozxonga mo‘ljallanadi. Majmuada kutubxona, omborxona, 20 kishilik tahoratxona, ma’muriy xonalar, baland gumbaz, ikki peshtoqli kirish darvozasi hamda balandligi 33 metr bo‘lgan minora barpo etiladi. Shuningdek, avtoturargoh, hovuz va yashil hududlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Qayd etilganidek, qurilish ishlari masjidlarning hisob raqamlariga tushayotgan mablag‘lar hamda saxovatpesha homiylarning xayriyalari asosida amalga oshirilmoqda.
Yangi masjidlar yurtimizda diniy-ma’rifiy muhitni yanada mustahkamlash, aholiga munosib ibodat sharoitlarini yaratish va milliy me’morchilik an’analarini asrab-avaylashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Alloh taolo ushbu xayrli bunyodkorlik ishlarini barakali qilib, ularning muvaffaqiyatli yakun topishini nasib etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Britaniyaning “Em Insight” jurnalida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Nashrda yozilishicha, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan tashkil etilgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumi xorijlik OAVda katta qiziqish uyg‘otgan.
Raqamli platformalar, sun’iy intellekt va axborot xurujlari avj olgan hozirgi zamonda ommaviy axborot vositalarining mamlakatlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar haqidagi tasavvurlarni shakllantirishdagi o‘rni tobora ortib bormoqda.
Maqolada ta’kidlanishicha, Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Mirzo Ulug‘bek kabi jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlar yurti bo‘lmish O‘zbekiston bu kabi global muhokamalar uchun eng maqbul maydondir.
Qatarning “The Peninsula” gazetasi mas’ul muharriri Muhammad Osmon forumning raqamli axborot asridagi ahamiyatiga to‘xtalib, Imom Buxoriyning hadislarni to‘plash va ularning haqqoniyligini tekshirishdagi qat’iy yondashuvini tilga oldi.
U ushbu metodologiyani manbalarni chuqur o‘rganish va verifikatsiya qilishning o‘chmas namunasi deb atadi va bu tamoyillar feyk xabarlar hamda sun’iy intellekt mahsulotlari ko‘paygan hozirgi davrda juda ahamiyatli ekanini bildirdi.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muharriri O‘tkir Alimov forumning Mustaqillikning 35 yilligi ostonasida o‘tkazilayotganiga e’tibor qaratgan. U 50 mamlakatdan 300 ga yaqin OAV vakillarining Toshkentda jamlangani O‘zbekistonning sivilizatsiyalar chorrahasi sifatidagi o‘rni ortib borayotganidan dalolat berishini ta’kidladi.
Maqolada Toshkentdagi xalqaro mediaforum jurnalistika mas’uliyati, tarixiy tadqiqotlar chuqurligi va zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlarini birlashtirgan holda Islom sivilizatsiyasini yangi, zamonaviy qiyofada dunyoga tanitishga xizmat qilishi bayon etilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati