Imom Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayhi haqlarida Tamimiy quyidagilarni yozadi: "U kishi tengdoshlaridan ustun bo‘lgan. Zamon u bilan ziynatlangan edi. Uning ta’lifotlari keng tarqalgan, uning tasnifotlari har tarafga sayr etgan edi. Unga muvofiq bo‘lgan ham, muxolif bo‘lgan ham uning qadri oliyligiga va o‘rni buyukligiga ittifoq qilgan edi. U kishi ilmiga iqtido qilinadigan va nuridan hidoyat topiladigan katta va mashhur ulamolardan edi".
"Hidoyat imomi" kitobidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV