Salim al-Malik
Islom olami ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti
(ICESCO) Bosh direktori
— O‘zbekiston Respublikasi va ICESCO hamkorligida tashkil etilgan ushbu tarixiy anjuman oddiy tantana emas. Bu — Imom Buxoriyning buyuk ilmiy merosini asrash, uning haqqoniy mohiyatini jahon jamoatchiligiga yetkazish, shuningdek, musulmon ummatining ma’naviy o‘zligi va sivilizatsion merosini muhofaza qilish yo‘lidagi yuksak mas’uliyat ifodasidir. Ishonamanki, bu konferensiya haqiqatni ilm bilan himoya qilishning yorqin namunasi sifatida tarixda munosib o‘rin egallaydi.
Birinchidan, hadisi sharif ilmiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferensiyani har yili turli islom mamlakatlarida muayyan mavzular asosida muntazam o‘tkazishni taklif etaman. Bu ilm ahlining o‘zaro tajriba almashishi, yangi tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ikkinchidan, hadis ilmini rivojlantirish, mazkur sohadagi fundamental tadqiqotlarni rag‘batlantirish hamda yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida har yili nufuzli xalqaro mukofot ta’sis etishni taklif qilaman.
Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston rahbariyatiga, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev janoblariga ushbu xalqaro konferensiyani tashkil etish tashabbusi uchun samimiy minnatdorligimni izhor etaman.
Ikki yil avval muhtaram Prezident bilan uchrashganimizda u kishi Imom Buxoriy merosiga bag‘ishlangan yirik xalqaro konferensiya o‘tkazish niyati haqida so‘z yuritgan edilar. Bugun esa ana shu ezgu g‘oya Samarqandning muqaddas zaminida amalda ro‘yobga chiqqanini ko‘rib turganimiz barchamiz uchun katta mamnuniyat va quvonch bag‘ishlaydi.
Ushbu anjuman Imom Buxoriy merosini chuqur o‘rganish, uning ilmiy ahamiyatini keng targ‘ib etish va insoniyatning umumiy ma’naviy taraqqiyotiga xizmat qiladigan yangi xalqaro tashabbuslarga mustahkam poydevor bo‘lishiga ishonaman.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
Axborot xizmati
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida islom tarixi, qo‘lyozma merosi, manbashunoslik, raqamlashtirish va madaniy yodgorliklarni zamonaviy ilmiy usullar asosida o‘rganishga qaratilgan qator yirik tadqiqot loyihalari amalga oshirilmoqda. Ularning umumiy xususiyati — tarixiy merosni faqat saqlash yoki namoyish etish emas, balki uni birlamchi manba sifatida qayta o‘rganish, turli fondlarda tarqoq holda saqlanayotgan materiallar o‘rtasidagi ilmiy bog‘lanishlarni aniqlash va yangi tadqiqot masalalarini shakllantirishdir. Markazda amalga oshirilayotgan “114 Qur’on” loyihasi ana shu yondashuvning eng noyob va metodologik jihatdan muhim namunalaridan biri hisoblanadi, xabar bermoqda iccu.uz.
Loyihaning yangiligi 114 ta nodir mus'hafni bir joyga jamlash bilan cheklanmaydi. Uning asosiy ilmiy konsepsiyasi Qur’oni karimning 114 surasini turli asrlar, hududlar va qo‘lyozma maktablariga mansub 114 tarixiy nusxa orqali yagona tizimda taqdim etish va qiyosiy o‘rganishga asoslangan. Shu orqali bir xil muqaddas matnning qariyb o‘n to‘rt asr davomida turli madaniy muhitlarda qanday kitobiy shakllarga kirgani, xat uslublari, bezak tizimi, materiallar, kitob tayyorlash texnologiyasi va tarjima an’analarida qanday o‘zgarishlar yuz bergani kuzatiladi. Ilk Qur’on qo‘lyozma an’analaridan Somoniylar, Qoraxoniylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar, Oltin O‘rda, Temuriylar, Boburiylar, Safaviylar va Turkiston xonliklari davrigacha bo‘lgan manbalarning bir korpusda qiyoslanishi loyihani an’anaviy katalog yoki ekspozitsiya doirasidan chiqaradi.
“114 Qur’on” doirasida har bir qo‘lyozma mustaqil tarixiy-ilmiy manba sifatida o‘rganiladi. Paleografiya uning xat xususiyatlari va yozuv uslublarining rivojini, kodikologiya qo‘lyozmaning qog‘oz yoki pergamenti, hajmi, muqovasi va kitob tuzilishini, san’atshunoslik tazhib, ornament va kompozitsiya maktablarini, tarixiy tilshunoslik esa tarjima qatlamlari va leksik xususiyatlarni tahlil qilish imkonini beradi. Kolofonlar, bag‘ishlovlar, egalik qaydlari va boshqa belgilar orqali qo‘lyozmaning yaratilgan muhiti, xattoti, buyurtmachisi va keyingi harakat tarixi tiklanadi. Shu jihatdan mus'haf bu loyihada faqat diniy yodgorlik emas, balki bir vaqtning o‘zida tarix, til, san’at, kitobat texnologiyasi va madaniy aloqalarni o‘rganish uchun ko‘p qatlamli manbaga aylanadi.
Loyihaning alohida ahamiyatli yo‘nalishlaridan biri — turkiy va forsiy satrma-satr tarjimali Qur’on qo‘lyozmalarini tadqiq etishdir. Xususan, Qoraxoniylar va Xorazm muhiti bilan bog‘liq tarjimali nusxalar Qur’onshunoslikdan tashqari tarixiy tilshunoslik uchun ham muhim ma’lumot beradi. Ularda saqlangan leksika, grammatik shakllar va tarjima usullari turkiy yozma tilning qadimgi bosqichlarini, islomiy tushunchalarning mahalliy til muhitiga qanday kirib kelganini va keyingi til jarayonlarini o‘rganish imkonini yaratadi. Bu esa “114 Qur’on”ni faqat qo‘lyozmalar tarixi emas, balki Markaziy Osiyoda diniy tafakkur, til va kitobat madaniyatining o‘zaro ta’sirini tadqiq etuvchi keng ilmiy platforma sifatida namoyon qiladi.
Tadqiqotning yana bir muhim xususiyati — uning xalqaro manbalar geografiyasi bilan bog‘liqligidir. O‘zbekiston va tarixiy Movarounnahr bilan bog‘liq ko‘plab nodir Qur’on qo‘lyozmalari bugun Istanbul, Parij, London, Dublin, Mashhad, Nyu-York va boshqa shaharlardagi yirik muzey va kutubxonalar fondlarida saqlanmoqda. Shu bois loyihada qo‘lyozmaning hozirgi saqlanish joyi emas, balki uning kelib chiqishi, yaratilgan ilmiy-madaniy muhiti, xattotlik an’anasi va tarixiy aloqalari asosiy mezon sifatida qaraladi. Loyiha O‘zbekiston, Fransiya, Turkiya va Avstriyaning Qur’onshunoslik, qo‘lyozmashunoslik, paleografiya va islom san’ati sohalaridagi olim hamda mutaxassislarini yagona ilmiy jamoa atrofida birlashtirdi. Ularning ishtirokida dunyoning turli muzey va kutubxona fondlarida saqlanayotgan mingdan ortiq nodir mus'hafga oid ilmiy ma’lumotlar va raqamli tasvirlar ko‘rib chiqilib, tarixiy, matnshunoslik va badiiy ahamiyati yuqori bo‘lgan namunalar saralab olindi. Bunday xalqaro hamkorlik turli mamlakatlarda tarqoq holda saqlanayotgan qo‘lyozmalarga oid manbalarni yagona metodologiya asosida qiyosiy o‘rganish imkonini bermoqda.
Loyihaning ilmiy natijalari Islom sivilizatsiyasi markazining Qur’oni karim zalida ham o‘z ifodasini topadi. Hazrati Usmon Mus'hafi markaziy o‘rin egallagan mazkur makonda turli davrlarga mansub Qur’on nusxalarining tarixiy ketma-ketlikda taqdim etilishi tashrifchiga alohida nodir asarlarni ko‘rishdan ko‘ra kengroq imkoniyat — Qur’on kitobati madaniyatining asrlar davomidagi rivojini yaxlit jarayon sifatida anglash imkonini beradi. Shu ma’noda “114 Qur’on” loyihasi Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy modelini aniq namoyon etadi: dunyo fondlariga tarqalgan manbalarni izlash, aniqlash, qiyosiy tahlil qilish, ilmiy tavsiflash, raqamlashtirish va zamonaviy muzey talqini orqali jamoatchilikka yetkazish yagona tadqiqot jarayoniga birlashtirilmoqda. Loyihaning haqiqiy noyobligi ham ana shunda — 114 qo‘lyozma bir joyga emas, bir ilmiy g‘oya va yagona tadqiqot tizimi atrofiga birlashtirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati