frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null
Yangiliklar

Salim al-Malik: O‘zbekiston Imom Buxoriy merosini asrashda yuksak mas’uliyat ko‘rsatmoqda

09.07.2026   44147   1 min.
Salim al-Malik: O‘zbekiston Imom Buxoriy merosini asrashda yuksak mas’uliyat ko‘rsatmoqda

Salim al-Malik
Islom olami ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti
 (ICESCO) Bosh direktori

—  O‘zbekiston Respublikasi va ICESCO hamkorligida tashkil etilgan ushbu tarixiy anjuman oddiy tantana emas. Bu — Imom Buxoriyning buyuk ilmiy merosini asrash, uning haqqoniy mohiyatini jahon jamoatchiligiga yetkazish, shuningdek, musulmon ummatining ma’naviy o‘zligi va sivilizatsion merosini muhofaza qilish yo‘lidagi yuksak mas’uliyat ifodasidir. Ishonamanki, bu konferensiya haqiqatni ilm bilan himoya qilishning yorqin namunasi sifatida tarixda munosib o‘rin egallaydi.

Birinchidan, hadisi sharif ilmiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferensiyani har yili turli islom mamlakatlarida muayyan mavzular asosida muntazam o‘tkazishni taklif etaman. Bu ilm ahlining o‘zaro tajriba almashishi, yangi tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ikkinchidan, hadis ilmini rivojlantirish, mazkur sohadagi fundamental tadqiqotlarni rag‘batlantirish hamda yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida har yili nufuzli xalqaro mukofot ta’sis etishni taklif qilaman.

Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston rahbariyatiga, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev janoblariga ushbu xalqaro konferensiyani tashkil etish tashabbusi uchun samimiy minnatdorligimni izhor etaman.

Ikki yil avval muhtaram Prezident bilan uchrashganimizda u kishi Imom Buxoriy merosiga bag‘ishlangan yirik xalqaro konferensiya o‘tkazish niyati haqida so‘z yuritgan edilar. Bugun esa ana shu ezgu g‘oya Samarqandning muqaddas zaminida amalda ro‘yobga chiqqanini ko‘rib turganimiz barchamiz uchun katta mamnuniyat va quvonch bag‘ishlaydi.

Ushbu anjuman Imom Buxoriy merosini chuqur o‘rganish, uning ilmiy ahamiyatini keng targ‘ib etish va insoniyatning umumiy ma’naviy taraqqiyotiga xizmat qiladigan yangi xalqaro tashabbuslarga mustahkam poydevor bo‘lishiga ishonaman.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 
Axborot xizmati

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Arab Tourist”: Samarqand, Buxoro va Xiva — islom sivilizatsiyasi va jahon madaniy merosining bebaho durdonalari

20.08.2026   938   1 min.
“Arab Tourist”: Samarqand, Buxoro va Xiva — islom sivilizatsiyasi va jahon madaniy merosining bebaho durdonalari

Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.

Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.

Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.

Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari