“Basmala” ya'ni, “Bismillahir rohmanir rohim” jumlasi islom fiqhida alohida o'rganiladigan mavzu hisoblanadi. Zero, unga bog'liq hukmlar juda ko'p.
Basmala Qur'ondan bir oyat bo'lib, uni qiroat sifatida o'qish janobatdagi, hayz va nifosdagi shaxslar uchun joiz emas. Ammo zikr ma'nosida, ish boshlashda tabarrukan talaffuz qilsalar, karohiyati yo'q.
Har bir xayrli ish oldidan tasmiya aytish, Alloh taoloni zikr qilish mashru' amal ekanida Islom ummati ijmo' qilib kelgan. O'sha ish ibodat bo'lsa ham, bo'lmasa ham, baribir. Namoz, tilovat, zikr, masjidga kirish, undan chiqish, uyga kirish, uydan chiqish, jinsiy munosabat, g'usl, chiroqni o'chirish yoki yoqish, idishlarning ustini yopish, eshikni berkitish, o'lgan odamning ko'zini yumib qo'yish, mayyitni lahadga qo'yish, eyish, ichish va boshqa ahamiyatli ishlarni Allohning ismi bilan bajarish mandub amaldir. Tasmiya «Bismillah» yoki «Bismillahir rohmanir rohiym» shaklida bo'lishi mumkin. Shu bilan birga, fuqaholar ayrim ishlarning ustida tasmiya aytish xususida alohida to'xtalib o'tganlar[1]. Ular quyidagilar:
1) tahorat oldidan tasmiya aytish:
hanafiy mazhabida, molikiylarning mashhur qavlida hamda shofe'iylarda tahorat oldidan tasmiya aytish sunnatdir. Usiz ham tahorat tahorat bo'laveradi. Tasmiya aytmagan kishi tarki sunnat qilgan bo'ladi[2]. Ularning dalillari quyidagicha:
a) chunki suv poklovchi qilib yaratilgan, uning bu xususiyati bandaning ishiga bog'liq bo'lmaydi;
b) Ibn Mas'ud (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) dedilar:
«Kim tahorat qilsa va unda Allohning ismini zikr qilsa, bu (tahorat) uning butun badanini poklovchi bo'ladi. Kim tahorat qilsa-yu, Allohning ismini zikr qilmasa, badanidan (suv) etgan joyini poklovchi bo'ladi».
Agar tahorat asnosida tasmiya esiga tushib qolsa, esiga tushgan zahoti aytib qo'yadi, toki tahorat Allohning zikridan xoli holda bo'lmasin.
Hanbaliy mazhabiga ko'ra, tahorat oldida tasmiya aytish vojib. Ularning dalillari quyidagi hadisdir:
Abu Hurayra (roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) dedilar:
«Tahorati yo'q bo'lganga namoz yo'q, Allohning ismini zikr qilmaganga tahorat yo'q» (Termiziy va Ibn Moja rivoyat qilgan).
Mazhabda tasmiya faqatgina «Bismillah» deyish bilan bo'ladi. Boshqa lafz uning o'rniga o'tmaydi. Unutgan kishidan soqit bo'ladi. Agar tahorat asnosida yodiga kelsa, esiga tushgan zahoti tasmiyani aytadi va tahoratni davom ettiradi. Tasmiyani qasdan tark etgan kishining tahorati o'tmaydi[3].
Soqov va tildan qolgan kishi ishora bilan ifoda qiladi;
2) zabh – so'yishda tasmiya aytish:
hanafiylar, molikiylarning nazdida hamda hanbaliylarning mashhur qavllariga ko'ra, jonliq so'yishda tasmiya vojibdir.
Tasmiya unutganga, soqovga, aytmaslikka majburlangan shaxsga vojib emas. Soqovning osmonga ishora qilishi kifoya qiladi[4].
Chunki uning ishorasi gapiradigan odamdagi nutq o'rniga o'tadi.
Shofe'iylarning nazdida esa zabiha ustida tasmiya aytish sunnatdir. Bu qavl imom Ahmaddan ham rivoyat qilingan. Shofe'iy mazhabida tasmiyani qasdan tark qilish makruh. Ammo so'yilgan narsa halol bo'ladi;
Alloh taolo chiroyli sanalgan har qanday amalni bajarishdan oldin O'z ismini zikr qilishga buyurgan. Zero, bunday qilish usha ishning bardavomligini yoki pok-halol bo'lishini ta'minlaydi. Jonliq so'yish yoki ovga chiqqanda ham mazkur buyruq mavjuddir.
Zero Alloh taolo O'z kalomida shunday buyuradi:
«Allohning nomi zikr qilinmagan narsalardan emangiz!» (An'om surasi, 121)
Mazkur oyatda eyishdan qaytarilgan narsa bu o'limtik yoki but-sanamlarga atab so'yilgan hayvondir. Bu haqida Ibn Abbos roziyallohu anhumo shunday deganlar: «Mazkur oyatdan murod o'limtik, bo'g'ilib o'lgan va but-sanamlarga atab so'yilgan jonivorlar».
Huddi shunga o'xshash ma'noda imom Kalbiy: «Ular Alloh nomi zikr qilinmagan yoki Alloh taolodan boshqaga atab so'yilgan jonivorlardir», deganlar.
Lekin, musulmon kishi esidan chiqib Allohning ismini aytmasdan so'ygan go'shti mazkur hukm ostiga kirmaydi. Bu haqida Ibn Abbos roziyallohu anhumo shunday degan edilar: «Kim jonliq so'ysa-yu, «basmala» aytishni unutsa, unga Allohning ismini zikr qilib eyaversin. Modomiki, fitrat shariatga binoan so'ygan ekan, uni shaytonga berib qo'ymasin» (Bayhaqiy rivoyati).
Darhaqiqat, esdan chiqib qandaydir amalni tark qilish avf qilinadi. Lekin, qasddan “basmala”ni tark qilgan holatda jonliq so'yish itoatsizlik hisoblanadi. Bunday so'yilgan go'shtni eyish mumkin emas. Shu bilan birga itoatsizlik uchun so'ygan kishi ham uqubatga loiq bo'ladi.
3) ovda tasmiya aytish:
hanafiylar va molikiylar go'shti eyiladigan jonivorni ov qilishda tasmiya vojib deydilar. Bu o'rinda Alloh taoloning ismini zikr qilish kifoya, aynan «Bismillah» deyish shart emas. Ammo «Bismillahi vallohu akbar» deyish afzal. «Arrohmanir rohim» yoki salavotlar qo'shilmaydi. Tasmiyani, agar esida bo'lsa va qodir bo'lsa, o'q otish yoki ovchi hayvonni qo'yib yuborish paytida aytish shart qilinadi. Agar tasmiyani ojizlik yoki unutish sababli tark qilgan bo'lsa, ov halol bo'laveradi, biroq qasdan tark etgan bo'lsa, halol bo'lmaydi[5].
Shofe'iy mazhabiga ko'ra, ovda tasmiya aytish − sunnat. Tasmiya «Bismillah» deyish bilan bo'ladi. Mukammal shakli «Bismillahir rohmanir rohiym»dir. Tasmiyani qasdan tark qilish, zabihada bo'lganidek, makruh, ammo ov halol bo'laveradi.
Hanbaliylar nazdida ov halol bo'lishi uchun ovga o'rgatilgan hayvonni qo'yib yuborish vaqtida «Bismillah» deyish shart. Agar «Bismillahi vallohu akbar» desa ham, joiz. Agar tasmiyani unutib yoki qasdan tark qilsa, ov halol bo'lmaydi. Shu bilan birga, Ahmad ibn Hanbaldan ov ham zabiha kabi tasmiyani unutish sababli harom bo'lmaydi, degan qavl rivoyat qilingan. Boshqa bir rivoyatda, o'q otishda unutsa, halol bo'ladi, o'rgatilgan hayvonni yuborishda unutsa, halol bo'lmaydi[6], deyilgan;
4) eb-ichishda tasmiya aytish:
Fuqaholar eyish va ichish oldidan tasmiya aytishning sunnat ekanida ittifoq qilganlar. Tasmiya «Bismillah» yoki «Bismillahir rohmanir rohiym» bo'lishi mumkin[7]. Agar oldin aytish esdan chiqib qolsa, esiga tushgan zahoti «Bismillahi fi avvalihi va axirihi» (Avvalida ham, oxirida ham Allohning nomi bilan) deb aytadi;
Taomdan avvalgi va taom eyish asnosidagi sunnatlar: 1. Tasmiya aytish. 2. O'ng qo'l bilan eyish. 3. Yeyuvchi o'zining oldidan eyishi. Mana shu sunnatlarni: «Ey g'ulom! Allohning ismi ila, o'ng qo'ling ila, o'zingga yaqindan egin!» degan hadis jam qiladi. Muslim rivoyat qilgan. 4. Luqma tushib ketsa, sidirib eyish. «Qachon biringizdan luqma tushsa, undagi noloyiq narsani ketkazib, keyin esin» degan hadisga ko'ra. Muslim rivoyat qilgan. 5. Uchta barmoq bilan eyish[8]. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uchta barmoqlari bilan er edilar». Muslim rivoyat qilgan. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko'pincha qilgan ishlari. Mana shu afzaldir[9]. Taomlanishdagi o'tirish sifati:
Cho'kka tushib tizzasi bilan o'tirishi va oyog'larning to'pig'idan pasti ko'rinib turishi. Yoki chap oyog'ini tik tutib, chapiga o'tirish. Mana shu mustahabdir. Taomdan keyingi sunnatlar
5) tayammumdan oldidan tasmiya aytish:
Tayammum oldidan tasmiya aytish hanafiy mazhabida sunnat, molikiy mazhabida mandub, shofeiy mazhabida mustahabdir. Agar tasmiyani tayammumning boshida aytishni unutib qo'ysa, tayammumning o'rtasida bo'lsa ham, aytadi. Mabodo qasdan tark qilsa ham, tayammum joiz bo'ladi. Agar aytsa, savob oladi.
Hanbaliy mazhabiga ko'ra, tayammum oldidan tasmiya aytish − vojib. Tasmiya «Bismillah» bo'lishi shart[10]. Boshqa lafz uning o'rnini bosmaydi. Sahv holati o'tim qilinadi. Agar tayammum asnosida tasmiyani eslab qolsa, darhol aytadi va tayammumni davom ettiraveradi. Mabodo qasdan tark qilsa-yu, tayammum asnosida tasmiyani aytsa, qaytadan boshlash kerak bo'ladi. Agar qayta boshlamasa, poklik hosil bo'lmaydi.
Hanafiy mazhabi ulamolari nazdida u surani ochish uchun, suralar o'rtasini ajratish uchun nozil qilingan mustaqil oyatdir. Har ikki qarashga ko'ra ham, basmala Qur'oni Karimdan bir oyat hisoblanadi. Hatm deganda Qur'oni Karimni to'liq o'qib chiqish tushunilar ekan, bunda biror oyat istisno qilinmasligi kerak. Shunga ko'ra, namozda jamoatga xatm qilinganda, ya'ni Ramazondagi tarovehlarda basmalani bir bora bo'lsa ham jamoatga eshittirish kerak bo'ladi. Biz bu haqda mazhabimiz manbalariga murojaat qilamiz.
Shu bilan birga ulamolarimiz asarlar yozishda, albatta “basmala” bilan boshlaydi. Lekin, ba'zi kitoblarda “bismillah” yozilmagan holatlar uchiraydi. Ammo bu o'sha asarlar “basmala”siz boshlanganiligini bildirmaydi. Zero, “bismillah” yozuvda emas og'izaki aytilishi ham kifoya qiladi.
Barchaga ma'lum abjad raqamlari orqali turli so'zlarni ifodalash mumkin. Huddi shunday “bismillahir rohmanir rohim” jumlasini ham abjad raqamarida ifodalash mumkin. Abjad raqami bo'yicha bir necha ma'nolari bo'lib, ulardan biri “Bismillahir rohmanir rohim”dir. Lekin “Bismillah”ning o'rniga 786 ni yozish kifoya qilmaydi.
Hulosa shuki, “basmala” inson hayotida ajralmas jumladir. Zero, har bir musulmon kishi nafaqat ibodatlarni balki, barcha yaxshi amal va so'zlarini “basmala” bilan boshlaydi. Bu bilan u o'sha amalga oshirayotgan faoliyatining barakali va davomli bo'lishini niyat qiladi. Haqiqatdan ham, bu “basmala” bilan musulmon kishining qalbidagi ezgu niyatlar ro'yobga chiqadi.
Boboxon Boboxonov,
TII Modul' ta'lim shakli talabasi,
Samarqand shahar Ho'ja Nisbatdor
jome masjidi imom-xatibi
[1] Muhammadshafiy Usmaniy Muftiy A'zam. Maoruful Qur'on. – Karachi: Maktabatu ma'arifil Qur'an, 2010y. – B.37.
[2] Muhammadshafiy Usmaniy Muftiy A'zam. Maoruful Qur'on. – Karachi: Maktabatu ma'arifil Qur'an, 2010y. – B. 41.
[3] Muhammad Boqir. Bahouddin balogardon / Forsiydan tarjima, so'z boshi va lug'at muallifi M.Hasaniy. – T.: Yozuvchi, 1993. – B.57.
[4] Muhammadshafiy Usmaniy Muftiy A'zam. Maoruful Qur'on. – Karachi: Maktabatu ma'arifil Qur'an, 2010y. – B.63.
[5] Muhammad Boqir. Bahouddin balogardon / Forsiydan tarjima, so'z boshi va lug'at muallifi M.Hasaniy. – T.: Yozuvchi, 1993. – B.29.
[6] Muhammadshafiy Usmaniy Muftiy A'zam. Maoruful Qur'on. – Karachi: Maktabatu ma'arifil Qur'an, 2010y. – B.102.
[7] G'azzoliy Abu Homid. Mukoshafatul qulub. Miraziz A'zam tarjimasi. − T.: Adolat, 2002y. – B.84.
[8] Muhammadshafiy Usmaniy Muftiy A'zam. Maoruful Qur'on. – Karachi: Maktabatu ma'arifil Qur'an, 2010y. – B.17.
[9] G'azzoliy Abu Homid. Mukoshafatul qulub. Miraziz A'zam tarjimasi. − T.: Adolat, 2002y. – B.37.
[10] Muhammadshafiy Usmaniy Muftiy A'zam. Maoruful Qur'on. – Karachi: Maktabatu ma'arifil Qur'an, 2010y. – B.92.
Samarqandning yuragi boʻlgan Registon maydoni hududidagi Shayboniyxon va uning sulolasi dafn etilgan maskan ziyoratgohga aylantiriladi.
Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarovning soʻzlariga koʻra,1960–1962-yillarda hozirgi Islom Karimov koʻchasini kengaytirish, obodonlashtirish ishlari jarayonida mazkur daxma shu hududda boʻlgan Shayboniyxon madrasasi hovlisidan Registon maydoniga – Tillakori va Sherdor madrasalari yoniga koʻchirilgan.
“Maʼlumki, mazkur hudud Amir Temur bobomiz davrida Samarqand shahrining eng muhim markazlaridan biri boʻlgan, bu hududda koʻplab madrasa va masjidlar bunyod etilgan. Jumladan, Amir Temur masjidi va uning roʻparasida Bibixonim madrasasi qad rostlagan. Keyinchalik Mirzo Ulugʻbek bobomiz tomonidan ulkan madrasa qurilgan. Balki Shayboniyxon ham ana shu ulugʻvor madrasa va masjidlarga havas qilib, ularning yonida madrasa qurgandir. Chunki, tarixiy manbalardan bilamizki, Muhammad Shayboniyxon ham ulugʻ hukmdor boʻlish bilan birga ilm-maʼrifat homiysi, ilmli inson va ijodkor sifatida Samarqandda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan, koʻplab masjid va madrasalar qurdirgan. Amir Temurdan keyin qudratli davlat tashkil etib, uning chegaralarini kengaytirgan, obod qilgan”, deydi Registon majmuasi rahbari.
Tarixiy manbalarda Shayboniyxon 1510-yilda Eron shohi Ismoil Safaviy bilan boʻlgan jangda halok boʻlgach, uning boshsiz tanasi Samarqandga keltirilib, Baland Sufaga dafn qilingani yozilgan.
Baland Sufa oʻz vaqtida Shayboniyxon madrasasida boʻlgan va keyinchalik (1960–1962-yillarda) oʻz holicha Registon hududiga koʻchirilgan daxmadir.
Xonqul Samarovning qoʻshimcha qilishicha, shu paytgacha Muhammad Shayboniyxon shaxsiga munosabat ortidan bu joyga ham yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan.
Shuningdek, u oltmish yildan ortiq vaqtdan buyon ushbu hududda turgan bu ziyoratgoh haqida oddiy odamlar, hatto koʻpchilik tarixchilarda ham ma'lumot yo'qligini, bunga sabab esa hududda hech qanday koʻrgazmali vosita yoki yozuv mavjud emasligini taʼkidlaydi.
“Yillar davomida xalqimiz ongiga Bobur ijobiy, Shayboniyxon salbiy shaxs sifatida singdirildi. Aslida esa davlatchilik tariximiz, qolaversa, adabiyotimiz rivojida bu ikki buyuk bobomizning ham oʻz munosib oʻrni, hissasi bor. Zahiriddin Muhammad Boburning oʻzi ham “Boburnoma”da bu zotning nomi haqida toʻxtalib, “Shayboq”, yaʼni “kuch-qudratli” degan taʼrif bergan. Shayboniyxon va shayboniylar tomonidan Samarqandda, umuman, ushbu mintaqada katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani haqida tarixiy manbalarda koʻplab maʼlumotlar uchraydi. Masalan, Shayboniyxon bir necha bosqichli oʻqitish tizimi joriy etib, barcha ilmlardan xabardor boʻlish uchun bola 26-yil taʼlim olishi kerak, deb hisoblagan. Ikki yillik maktab taʼlimidan soʻng har biri 8-yildan iborat uch bosqichli madrasa taʼlimini olish zarur boʻlgan”, deya maʼlumot beradi Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarov.
Maʼlumot uchun, Shayboniyxon kuchli sarkarda, hukmdor boʻlish bilan birga ijodkor sifatida nafis gʻazal va ruboiylar, dostonlar yozgan. Jumladan, “Bahr-ul xudo” nomli dostoni va oʻgʻli valiahd Temur sultonga atalgan pand-nasihatlardan iborat kitobi mavjudligi qayd etiladi.
Tarixiy manbalarda keltirilishicha, u bobosi Abulxayrxon vafotidan keyin parokanda boʻlib ketgan qabilalarni birlashtirib, koʻchmanchi oʻzbeklar davlatini qayta tiklagan. Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni egallab, qudratli davlat barpo qilgan. Muhammad Shayboniyxon butun mintaqani yagona bir markaz – Samarqand qoʻl ostida birlashtirgan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati