Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Yanvar, 2025   |   19 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:45
Peshin
12:39
Asr
15:42
Shom
17:26
Xufton
18:44
Bismillah
19 Yanvar, 2025, 19 Rajab, 1446

“Basmala”ni aytish bilan bog'liq hukmlar

2.03.2023   918   14 min.
“Basmala”ni aytish bilan bog'liq hukmlar

 “Basmala” ya'ni, “Bismillahir rohmanir rohim” jumlasi islom fiqhida alohida o'rganiladigan mavzu hisoblanadi. Zero, unga bog'liq hukmlar juda ko'p.

Basmala Qur'ondan bir oyat bo'lib, uni qiroat sifatida o'qish janobatdagi, hayz va nifosdagi shaxslar uchun joiz emas. Ammo zikr ma'nosida, ish boshlashda tabarrukan talaffuz qilsalar, karohiyati yo'q.

Har bir xayrli ish oldidan tasmiya aytish, Alloh taoloni zikr qilish mashru' amal ekanida Islom ummati ijmo' qilib kelgan. O'sha ish ibodat bo'lsa ham, bo'lmasa ham, baribir. Namoz, tilovat, zikr, masjidga kirish, undan chiqish, uyga kirish, uydan chiqish, jinsiy munosabat, g'usl, chiroqni o'chirish yoki yoqish, idishlarning ustini yopish, eshikni berkitish, o'lgan odamning ko'zini yumib qo'yish, mayyitni lahadga qo'yish, eyish, ichish va boshqa ahamiyatli ishlarni Allohning ismi bilan bajarish mandub amaldir. Tasmiya «Bismillah» yoki «Bismillahir rohmanir rohiym» shaklida bo'lishi mumkin. Shu bilan birga, fuqaholar ayrim ishlarning ustida tasmiya aytish xususida alohida to'xtalib o'tganlar[1]. Ular quyidagilar:

1) tahorat oldidan tasmiya aytish:

hanafiy mazhabida, molikiylarning mashhur qavlida hamda shofe'iylarda tahorat oldidan tasmiya aytish sunnatdir. Usiz ham tahorat tahorat bo'laveradi. Tasmiya aytmagan kishi tarki sunnat qilgan bo'ladi[2]. Ularning dalillari quyidagicha:

a) chunki suv poklovchi qilib yaratilgan, uning bu xususiyati bandaning ishiga bog'liq bo'lmaydi;

b) Ibn Mas'ud (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) dedilar:

«Kim tahorat qilsa va unda Allohning ismini zikr qilsa, bu (tahorat) uning butun badanini poklovchi bo'ladi. Kim tahorat qilsa-yu, Allohning ismini zikr qilmasa, badanidan (suv) etgan joyini poklovchi bo'ladi».

Agar tahorat asnosida tasmiya esiga tushib qolsa, esiga tushgan zahoti aytib qo'yadi, toki tahorat Allohning zikridan xoli holda bo'lmasin.

Hanbaliy mazhabiga ko'ra, tahorat oldida tasmiya aytish vojib. Ularning dalillari quyidagi hadisdir:

Abu Hurayra (roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) dedilar:

«Tahorati yo'q bo'lganga namoz yo'q, Allohning ismini zikr qilmaganga tahorat yo'q» (Termiziy va Ibn Moja rivoyat qilgan).

Mazhabda tasmiya faqatgina «Bismillah» deyish bilan bo'ladi. Boshqa lafz uning o'rniga o'tmaydi. Unutgan kishidan soqit bo'ladi. Agar tahorat asnosida yodiga kelsa, esiga tushgan zahoti tasmiyani aytadi va tahoratni davom ettiradi. Tasmiyani qasdan tark etgan kishining tahorati o'tmaydi[3].

Soqov va tildan qolgan kishi ishora bilan ifoda qiladi;

2) zabh – so'yishda tasmiya aytish:

hanafiylar, molikiylarning nazdida hamda hanbaliylarning mashhur qavllariga ko'ra, jonliq so'yishda tasmiya vojibdir.

Tasmiya unutganga, soqovga, aytmaslikka majburlangan shaxsga vojib emas. Soqovning osmonga ishora qilishi kifoya qiladi[4].

Chunki uning ishorasi gapiradigan odamdagi nutq o'rniga o'tadi.

Shofe'iylarning nazdida esa  zabiha ustida tasmiya aytish sunnatdir. Bu qavl imom Ahmaddan ham rivoyat qilingan. Shofe'iy mazhabida tasmiyani qasdan tark qilish makruh. Ammo so'yilgan narsa halol bo'ladi;

Alloh taolo chiroyli sanalgan har qanday amalni bajarishdan oldin O'z ismini zikr qilishga buyurgan. Zero, bunday qilish usha ishning bardavomligini yoki pok-halol bo'lishini ta'minlaydi. Jonliq so'yish yoki ovga chiqqanda ham mazkur buyruq mavjuddir.

Zero Alloh taolo O'z kalomida shunday buyuradi:

«Allohning nomi zikr qilinmagan narsalardan emangiz!» (An'om surasi, 121)

Mazkur oyatda eyishdan qaytarilgan narsa bu o'limtik yoki but-sanamlarga atab so'yilgan hayvondir. Bu haqida Ibn Abbos roziyallohu anhumo shunday deganlar: «Mazkur oyatdan murod o'limtik, bo'g'ilib o'lgan va but-sanamlarga atab so'yilgan jonivorlar».

Huddi shunga o'xshash ma'noda imom Kalbiy: «Ular Alloh nomi zikr qilinmagan yoki Alloh taolodan boshqaga atab so'yilgan jonivorlardir», deganlar.

Lekin, musulmon kishi esidan chiqib Allohning ismini aytmasdan so'ygan go'shti mazkur hukm ostiga kirmaydi. Bu haqida Ibn Abbos roziyallohu anhumo shunday degan edilar: «Kim jonliq so'ysa-yu, «basmala» aytishni unutsa, unga Allohning ismini zikr qilib eyaversin. Modomiki, fitrat shariatga binoan so'ygan ekan, uni shaytonga berib qo'ymasin» (Bayhaqiy rivoyati).

Darhaqiqat, esdan chiqib qandaydir amalni tark qilish avf qilinadi. Lekin, qasddan “basmala”ni tark qilgan holatda jonliq so'yish itoatsizlik hisoblanadi. Bunday so'yilgan go'shtni eyish mumkin emas. Shu bilan birga itoatsizlik uchun so'ygan kishi ham uqubatga loiq bo'ladi.

3) ovda tasmiya aytish:

hanafiylar va molikiylar go'shti eyiladigan jonivorni ov qilishda tasmiya vojib deydilar. Bu o'rinda Alloh taoloning ismini zikr qilish kifoya, aynan «Bismillah» deyish shart emas. Ammo  «Bismillahi vallohu akbar» deyish afzal. «Arrohmanir rohim» yoki salavotlar qo'shilmaydi. Tasmiyani, agar esida bo'lsa va qodir bo'lsa, o'q otish yoki ovchi hayvonni qo'yib yuborish paytida aytish shart qilinadi. Agar tasmiyani ojizlik yoki unutish sababli tark qilgan bo'lsa, ov halol bo'laveradi, biroq  qasdan tark etgan bo'lsa, halol bo'lmaydi[5].

Shofe'iy mazhabiga ko'ra, ovda tasmiya aytish − sunnat. Tasmiya «Bismillah» deyish bilan bo'ladi. Mukammal shakli «Bismillahir rohmanir rohiym»dir. Tasmiyani qasdan tark qilish, zabihada bo'lganidek, makruh, ammo  ov halol bo'laveradi.

Hanbaliylar nazdida ov halol bo'lishi uchun ovga o'rgatilgan hayvonni qo'yib yuborish vaqtida «Bismillah» deyish shart. Agar «Bismillahi vallohu akbar» desa ham, joiz. Agar tasmiyani unutib yoki qasdan tark qilsa, ov halol bo'lmaydi. Shu bilan birga, Ahmad ibn Hanbaldan ov ham zabiha kabi tasmiyani unutish sababli harom bo'lmaydi, degan qavl rivoyat qilingan. Boshqa bir rivoyatda, o'q otishda unutsa, halol bo'ladi, o'rgatilgan hayvonni yuborishda unutsa, halol bo'lmaydi[6], deyilgan;

4) eb-ichishda tasmiya aytish:

Fuqaholar eyish va ichish oldidan tasmiya aytishning sunnat ekanida ittifoq qilganlar. Tasmiya «Bismillah» yoki «Bismillahir rohmanir rohiym» bo'lishi mumkin[7]. Agar oldin aytish esdan chiqib qolsa, esiga tushgan zahoti «Bismillahi fi avvalihi va axirihi» (Avvalida ham, oxirida ham Allohning nomi bilan) deb aytadi;

Taomdan avvalgi va taom eyish asnosidagi sunnatlar: 1. Tasmiya aytish. 2. O'ng qo'l bilan eyish. 3. Yeyuvchi o'zining oldidan eyishi. Mana shu sunnatlarni: «Ey g'ulom! Allohning ismi ila, o'ng qo'ling ila, o'zingga yaqindan egin!» degan hadis jam qiladi. Muslim rivoyat qilgan. 4. Luqma tushib ketsa, sidirib eyish. «Qachon biringizdan luqma tushsa, undagi noloyiq narsani ketkazib, keyin esin» degan hadisga ko'ra. Muslim rivoyat qilgan. 5. Uchta barmoq bilan eyish[8]. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uchta barmoqlari bilan er edilar». Muslim rivoyat qilgan. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko'pincha qilgan ishlari. Mana shu afzaldir[9]. Taomlanishdagi o'tirish sifati:

Cho'kka tushib tizzasi bilan o'tirishi va oyog'larning to'pig'idan pasti ko'rinib turishi. Yoki chap oyog'ini tik tutib, chapiga o'tirish. Mana shu mustahabdir. Taomdan keyingi sunnatlar

  1. Tovoq va barmoqlarini yalash. Batahqiq, Nabiy sollallohu alayhi vasallam barmoq va tovoqlarni yalashga amr qilib: «Albatta sizlar qaysi birida baraka borligini bilmaysizlar», deganlar. Muslim rivoyat qilgan.
  2. Taomdan keyin Allohga hamd aytish: «Albatta, Alloh bir taomni eb, uning uchun hamd aytadigan bandasidan rozi bo'lur». Muslim rivoyat qilgan. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning taomdan keyingi duolaridan: «Alhamdu lillahillazi at'amani haza va rozaqoni min g'oyri havlin va la quvva» edi. Ma'nosi: «Shuni menga, mening kuch-quvvatimsiz, taom qilib va rizq qilib bergan Allohga hamd bo'lsin». Bu duoning samarasi: «Uning o'tgan gunohlari mag'firat qilunur». Abu Dovud, Termiziy va Ibn Moja rivoyat qilganlar.

5) tayammumdan oldidan tasmiya aytish:

Tayammum oldidan tasmiya aytish hanafiy mazhabida sunnat, molikiy mazhabida mandub, shofeiy mazhabida mustahabdir. Agar tasmiyani tayammumning boshida aytishni unutib qo'ysa, tayammumning o'rtasida bo'lsa ham, aytadi. Mabodo qasdan tark qilsa ham, tayammum joiz bo'ladi. Agar aytsa, savob oladi.

Hanbaliy mazhabiga ko'ra, tayammum oldidan tasmiya aytish − vojib. Tasmiya «Bismillah» bo'lishi shart[10]. Boshqa lafz uning o'rnini bosmaydi. Sahv holati o'tim qilinadi. Agar tayammum asnosida tasmiyani eslab qolsa, darhol aytadi va tayammumni davom ettiraveradi. Mabodo qasdan tark qilsa-yu, tayammum asnosida tasmiyani aytsa, qaytadan boshlash kerak bo'ladi. Agar qayta boshlamasa, poklik hosil bo'lmaydi.

Hanafiy mazhabi ulamolari nazdida u surani ochish uchun, suralar o'rtasini ajratish uchun nozil qilingan mustaqil oyatdir. Har ikki qarashga ko'ra ham, basmala Qur'oni Karimdan bir oyat hisoblanadi. Hatm deganda Qur'oni Karimni to'liq o'qib chiqish tushunilar ekan, bunda biror oyat istisno qilinmasligi kerak. Shunga ko'ra, namozda jamoatga xatm qilinganda, ya'ni Ramazondagi tarovehlarda basmalani bir bora bo'lsa ham jamoatga eshittirish kerak bo'ladi. Biz bu haqda mazhabimiz manbalariga murojaat qilamiz.

Shu bilan birga ulamolarimiz asarlar yozishda, albatta “basmala” bilan boshlaydi. Lekin, ba'zi kitoblarda “bismillah” yozilmagan holatlar uchiraydi. Ammo bu o'sha asarlar “basmala”siz boshlanganiligini bildirmaydi. Zero, “bismillah” yozuvda emas og'izaki aytilishi ham kifoya qiladi.

Barchaga ma'lum abjad raqamlari orqali turli so'zlarni ifodalash mumkin. Huddi shunday “bismillahir rohmanir rohim” jumlasini ham abjad raqamarida ifodalash mumkin. Abjad raqami bo'yicha bir necha ma'nolari bo'lib, ulardan biri “Bismillahir rohmanir rohim”dir. Lekin “Bismillah”ning o'rniga 786 ni yozish kifoya qilmaydi.

Hulosa shuki, “basmala” inson hayotida ajralmas jumladir. Zero, har bir musulmon kishi nafaqat ibodatlarni balki, barcha yaxshi amal va so'zlarini “basmala”  bilan boshlaydi. Bu bilan u o'sha amalga oshirayotgan faoliyatining barakali va davomli bo'lishini niyat qiladi. Haqiqatdan ham, bu “basmala” bilan musulmon kishining qalbidagi ezgu niyatlar ro'yobga chiqadi.

 

Boboxon Boboxonov,

TII Modul' ta'lim shakli talabasi,

Samarqand shahar Ho'ja Nisbatdor

jome masjidi imom-xatibi

 

[1] Muhammadshafiy Usmaniy Muftiy A'zam. Maoruful Qur'on. – Karachi: Maktabatu ma'arifil Qur'an, 2010y. – B.37.

[2] Muhammadshafiy Usmaniy Muftiy A'zam. Maoruful Qur'on. – Karachi: Maktabatu ma'arifil Qur'an, 2010y. – B. 41.

[3] Muhammad Boqir. Bahouddin balogardon / Forsiydan tarjima, so'z boshi va lug'at muallifi M.Hasaniy. – T.: Yozuvchi, 1993. – B.57.

[4] Muhammadshafiy Usmaniy Muftiy A'zam. Maoruful Qur'on. – Karachi: Maktabatu ma'arifil Qur'an, 2010y. – B.63.

[5] Muhammad Boqir. Bahouddin balogardon / Forsiydan tarjima, so'z boshi va lug'at muallifi M.Hasaniy. – T.: Yozuvchi, 1993. – B.29.

[6] Muhammadshafiy Usmaniy Muftiy A'zam. Maoruful Qur'on. – Karachi: Maktabatu ma'arifil Qur'an, 2010y. – B.102.

[7] G'azzoliy Abu Homid. Mukoshafatul qulub. Miraziz A'zam tarjimasi. − T.:  Adolat, 2002y. – B.84.

[8] Muhammadshafiy Usmaniy Muftiy A'zam. Maoruful Qur'on. – Karachi: Maktabatu ma'arifil Qur'an, 2010y. – B.17.

[9] G'azzoliy Abu Homid. Mukoshafatul qulub. Miraziz A'zam tarjimasi. − T.:  Adolat, 2002y. – B.37.

[10] Muhammadshafiy Usmaniy Muftiy A'zam. Maoruful Qur'on. – Karachi: Maktabatu ma'arifil Qur'an, 2010y. – B.92.

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Videolar

“Jumadan jumagacha” (17.01.2025)

19.01.2025   1214   1 min.

00:00 Anons
00:59 Haj anjumanida O‘zbekiston delegatsiyasi faol qatnashdi  
01:41 Hojilarga qulaylik yaratish yuzasidan uchrashuv o‘tkazildi
02:11“Haj – 2025” ziyoratchilari uchun xizmat ko‘rsatish sohalari o‘rganildi
02:44 Mino, Arafot va Muzdalifada hojilarga xizmat ko‘rsatish sifati yanada yaxshilanadi
03:06 Ziyoratchilarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishildi
03:36 Talaba bilan ochiq muloqotlar o‘tkazildi 
04:13 Hoji – chinakam ma’naviyat targ‘ibotchisi 
05:18 Har bir murojaat e’tibor markazida
05:49 Oliy madrasada yig‘ilish o‘tkazildi
06:17 "Ko‘kaldosh" madrasasida ochiq muloqot
06:55 Farg‘onadagi targ‘ibot tadbirida aholi muammolari hal etildi
07:49 Buxoro imom-xatiblari sayyor yig‘ilish o‘tkazdi
08:54 Viktorina: "Islom va ilm-fan"

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

#Jumadan_jumagacha@muslimuzportal

OBUNA BO'LING VA ULASHING

 

VIDEO