Yildan yilga Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi ortib bormoqda. Bu bejiz emas, albatta. Zero, mamlakatimiz rahbariyati tomonidan ilgari surilayotgan ma’rifat, bag‘rikenglik va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot g‘oyalari aynan shu maqsadga yo‘naltirilganligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimizda to‘rt kun davomida bo‘lib o‘tgan Birinchi Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi bu borada yurtimizda ilgari surilayotgan ezgu tamoyillarning amaliy ifodasi o‘laroq nafaqat O‘zbekiston, balki butun Islom olami hayotida muhim voqeaga aylandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev dunyoning qirqdan ortiq mamlakatlaridan tashrif buyurgan taniqli olimlar, nufuzli xalqaro tashkilotlarning vakillari, davlat va jamoat arboblari, madaniyat va diniy konfessiyalar namoyandalari ishtirok etgan ushbu anjuman ishtirokchilariga murojaat etar ekan:
– Bugungi kunda dunyo chuqur va shiddatli o‘zgarishlar davrini boshidan kechirmoqda. Insoniyat fan va texnologiyalar sohasida mislsiz yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda, ayni vaqtda jiddiy sinov va muammolarga ham duch kelmoqda: mojarolar va o‘zaro ishonchsizlik kuchaymoqda, buzg‘unchi mafkuralar, toqatsizlik, ekstremizm, islomofobiya ko‘rinishlari keng tarqalmoqda. Madaniyatlar, dinlar va sivilizatsiyalarni bir-biriga qarshi qo‘yish, turli xalqlarning urf-odat va an’analari o‘rtasida ziddiyat keltirib chiqarishga urinishlar avj olmoqda.
Bunday murakkab vaziyatda azaldan bashariyatning tinch-totuv hayoti, hamjihatlik va ma’rifatga intilishi, tadrijiy rivojlanishi uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilib kelgan ezgu tushunchalar, jumladan, islomiy qadriyatlar alohida ahamiyat kasb etadi. Barchamizga ayonki, bu qadriyatlar asrlar davomida ilmiy taraqqiyot, madaniy yuksalish va ma’naviy kamolotning qudratli manbai sifatida jahon tafakkuri rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan va umuminsoniy merosning ajralmas qismiga aylangan, – deya fikr bildirdi. Darhaqiqat, o‘n to‘rt asrdan ziyodroq vaqt o‘tyaptiki, Islom nafaqat diniy ta’limot, balki insoniyatning olam va odam haqidagi dunyoqarashini tubdan o‘zgartirib, ilmiy-ma’rifiy taraqqiyotga beqiyos hissasini qo‘shib kelmoqda. Islom tamoyillari asosida matematika, astronomiya, geodeziya, tibbiyot, kimyo, tarix, falsafa, kalom, fiqh, hadisshunoslik yuksak cho‘qqilarga ko‘tarildi, bu yo‘nalishlarda minglab olimlar ulkan olamshumul kashfiyotlarni amalga oshirdilar. Bu yutuqlar zamirida, eng avvalo, Islomning ilm-fanga, ma’rifatga bo‘lgan munosabati yotadi. Zero, Alloh azza va jalla o‘zining muqaddas kitobida ilm va olimlarni ulug‘lab, shunday marhamat qiladi: “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur…” (Mujodala surasi, 11-oyat)”. Bu bejiz emas, albatta, chunki insoniyat taraqqiyotini ilmu fan rivojisiz tasavvur etish mumkin emas. Shu jihatdan olib qaralganda, mamlakatimizda keyingi o‘n yillikda Islom madaniyati, sivilizatsiyasiga juda katta e’tibor qaratildi va qaratilmoqda.
Birinchi Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi yuksak darajada bo‘lib o‘tdi. Anjuman yurtimizning azaldan ilmu fan beshiklari bo‘lgan Toshkent, Samarqand va Termiz kabi tarixiy shaharlarida o‘tkazilishi undan ko‘zlangan ma’rifiy ruhni yanada teranlashtirdi. Jahon tamaddunining qadimiy o‘choqlari bo‘lgan bu shaharlarda asrlar davomida minglab olimu fuzalolar yetishib chiqqan va o‘ziga xos ilmiy maktablarni shakllanishiga hissa qo‘shgan. Yurtimiz allomalari tomonidan amalga oshirilgan olamshumul kashfiyotlar insoniyat taraqqiyotiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shilgan. Ularning ezgu g‘oyalari va kashfiyotlari jahon sivilizatsiyasining ajralmas bir qismi sifatida e’tirof etilgan va bugun ham shunday bo‘lib qolmoqda. Anjuman ishtirokchilari ham buni chin dildan his qildilar va buni o‘zlarining Yurtboshimizga qilgan murojaatlarida aks ettirib shunday e’tirof etdilar:
– Mazkur tarixiy voqea islom sivilizatsiyasining jahon ilm-fani, madaniyati va ma’naviyati rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini yangicha talqin va targ‘ib etishda xalqaro ilmiy hamjamiyatni birlashtirish uchun keng imkoniyatlar yaratdi hamda Yangi Uyg‘onish davri – Uchinchi renessansning intellektual va ma’naviy asoslarini barpo etish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Ushbu tashabbus zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga uzoqni ko‘zlab, vaqtida berilgan ta’sirchan javob bo‘lganini ham bugun biz chuqur idrok etmoqdamiz. Dunyoning turli hududlarida islom dinining insonparvarlik mohiyatini buzib ko‘rsatish, madaniyat va sivilizatsiyalarni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish, shuningdek, musulmon olimlarining jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga qo‘shgan buyuk hissasini kamsitishga urinishlar kuzatilayotgan bir paytda Siz ma’rifat, ilmiy tafakkur, tarixiy haqiqatga ehtirom hamda islom sivilizatsiyasining haqqoniy merosini jahon hamjamiyatiga qayta taqdim etishga asoslangan bunyodkorlik yo‘lini taklif qildingiz.
Forum ishtirokchilarining bu e’tirofi mamlakatimizda diniy bag‘rikenglik va Islom sivilizatsiyasining boy merosini keng ko‘lamda o‘rganish, jahon afkor ommasini ham bu qutlug‘ ishga jalb etish, bugungi murakkab global o‘zgarishlar davrida o‘zaro tinch-totuv hayot kechirish va insoniyatning ma’naviy, madaniy va intellektual sohadagi yutuqlarini tinchlikka yo‘naltirish orqali bashariyat uchun kurrai zaminda farovon hayot barpo etish borasida olib borilayotgan ishlarning naqadar ulug‘vorligi va kelajakni ko‘zlab amalga oshirilayotganini yanada yaqqol namoyish etdi. Biz bu anjumandan o‘zimizga xulosa chiqarib, unda ilgari surilgan ezgu g‘oyalarni hayotimiz har bir jabhasining ajralmas bir qismi sifatida o‘rganish, asrab-avaylash, saqlash va keng targ‘ib etishga qaratishimiz zarurligini yaqqol his etdik.
Alisher domla Naimov,
Farg‘ona viloyati bosh imom xatib o‘rinbosari
Ulamolar kengashi a’zosi
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati