Insoniyat yaratilganidan buyon ikki g'oya orasida yashab kelmoqda. Bir-biriga zid bu g'oyalarning biri bunyodkor, ikkinchisi vayronkor. Bunyodkor g'oya bilan insonlar katta yutuqlarga erishgan. U barqaror bo'lgan jamiyatda dunyo xalqlari bir-biriga bilan bag'rikenglik munosabatida bo'lganlar, hamjihatlikda hayot kechirganlar. Hatto qarindoshlik rishtalarini bog'laganlar.
Buning aksi bo'lgan vayronkor g'oya hamma vaqt jamiyatdagi tinchlik tamoyillarini buzib, millat va elatlar orasiga adovat va gina urug'larini sochib, urush alangasini yoqqan.
Vayronkor g'oya ulg'ayib kelayotgan yoshlar uchun xavflidir. Nafaqat yoshlar, balki jamiyatning har bir a'zosi tinchlikdan og'ishsa, beqarorlik yuzaga keladi.
Hozirgi kunda bir-biriga zid bo'lgan bu ikki tushunchani to'g'ri talqin qilish dolzarb masalalardan biri bo'lib qolmoqda. Vaziyat bu g'oyalarning ijobiy va salbiy tomonlarini insonlarga Qur'on va Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari asosida tushuntirishni taqozo etmoqda.
Qur'oni karimda musulmonlarni bunyodkor g'oyalarga targ'ib qiluvchi bir qancha oyatlar kelgan. Biz “السِلْمُ“ [as-silm] – “tinchlik” lafzining turli ma'nolarda kelgani va Alloh taolo bu lafz bilan musulmonlarni jamiyatda tinchlik o'rnatishga targ'ib qilganiga to'xtalamiz.
﴿يَأَيُّهَا الَّذِينَ ءَامَنُوا ادْخُلُوا في السِلْم ِكافةً﴾
“Ey iymon keltirganlar! Islomga to'lig'icha kiring!”[1].
﴿وَإِن جَنحُوا لِلسَّلْمِ فاجنح لها﴾
“(Ey Muhammad) agar ular sulhga moyil bo'lsalar, siz ham unga moyil bo'ling”[2].
“السِلْمُ” lafzining o'zagi bo'lgan “السلام” [as-salom] lafzi Qur'onda olti o'rinda, ba'zida oxiratda mo'minlar kiradigan jannat, boshqasida salom berish ma'nosida kelgan.
﴿لهم دارُ السَلامِ عِندَ رَبِّهِمْ﴾
“Ular uchun Parvardigor huzurida tinchlik diyori (jannat) bordir”[3].
﴿وَلَقَدْ جَاءَتْ رُسُلُنَا إِبْرَاهِيمَ بِالْبُشْرَىٰ قَالُوا سَلَامًا ۖ قَالَ سَلَامٌ﴾
“Elchilarimiz Ibrohimga xushxabar keltirib, unga salom berdi, Ibrohim ham salom berdi”[4].
Demak, Alloh taolo mo'minlarga:
﴿يَأَيُّهَا الَّذِينَ ءَامَنُوا ادْخُلُوا في السلم كافة﴾
“Ey iymon keltirganlar, islomga to'lig'icha kiring!” deb, dinning barcha ahkomlarini qabul qilgan holda Islom diniga kirishni amr qilmoqda.
Bu tinchlik-omonlik dini ekani boshqa oyatlarda ham bildirilgan. Alloh taolo Quraysh ahliga tinchlik ne'matini minnat qilib:
﴿الَّذِي أَطْعَمَهُم من جُوعِ وَءَامَنْهُم مِّنْ خوف﴾
“U Zot ularni ochlik va xavfu xatardan xoli qildi”[5] dedi. Undan oldin:
﴿فَلْيَعْبُدُوا رَبَّ هَذَا الْبَيْتِ﴾
“Ular mana shu Uyning Parvardigoriga ibodat qilsinlar”, deb aytdi va ularga ibodat qilishni buyurdi. Bunda ikki ne'matni – to'kin-sochinlik va tinchlikni sabab qilib keltirdi. Chunki ibodat ne'mat beruvchiga shukr hisoblanadi.
Yana Alloh taolo:
﴿مقَامُ إِبْرَاهِيمَ وَمَن دَخَلَهُ، كَانَ آمِنًا﴾
“Unda maqomi Ibrohim – ochiq oyat-alomatlar bor. Unga kirgan odam (har qanday xavf-xatardan) omon bo'lur”[6], degan so'zi bilan musulmonlardan kim Baytul haromga kirsa, xavfu xatardan xoli bo'lishining xabarini beryapti. Bu jumla xabariy bo'lsa-da, ba'zilar unga inshoiy (talabni anglatish), ya'ni “Kim Baytul haromga kirsa, Allohga iymon keltirsin”, deb ma'no bergan. Ammo buni xabariy jumla deb tushunish foydalidir. Chunki oyatda avvalgi oyatlardagi kabi ijtimoiy tinchlik nazarda tutilayapti. Buni “السلم” ma'nosidan ajratib bo'lmaydi.
Bu o'rinda bizga ahamiyatli bo'lgani “السلم” lafzi bo'lib, u haqda mufassirlar quyidagi fikrlarni bildirgan.
Abu Mansur Moturidiy rahmatulloh aytadi: “Alloh taoloning
﴿ يَأَيُّهَا الَّذِينَ ءَامَنُوا ادْخُلُوا في السلم كافة ﴾
oyatidagi “السِلم” kasra o'qilsa islom dini nazarda tutiladi, agar “السَلم” deb fathalik o'qilsa, “sulh” ma'nosini beradi”[7].
Ali ibn Muhammad Movardiy bunday fikr bildirgan: “Oyatdagi “السلم”ga salaf ulamolari ikki xil ma'no bergan. Birinchisi: “Islomga kiringlar” ma'nosida. Bu Ibn Abbos, Mujohid va Zahhokning fikri. Ikkinchisi: “Toatga kiringlar”, ma'nosida bo'lib, u Robia va Qatodaning so'zi”[8].
Imom Zamaxshariy “Kashshof” tafsirida “السَلم”ni ikkinchi ma'no – “itoat qilish” ma'nosi bilan tafsir qilgan. Birinchi ma'noni qabul qilmagan[9].
Ibn Atiyya Andalusiy o'z tafsirida ikki ma'noni ham qabul qilgan. Birinchisi, islom dini bo'lsa, ikkinchisi, itoat ma'nosida[10].
Imom Tabariy aytadi: “Oyatdagi “السَلم”ni fatha bilan o'qiganlar bu lafzni kelishuv ma'nosiga burgan. Shunda ma'no: “Urushni tark qilib, sulh va kelishuvga hamda jizya olishga kirishinglar” bo'ladi”[11].
Yuqoridagi fikrlardan bu mufassirlarning barchasi bitta ma'noda ittifoq bo'lgani ayon bo'ladi. U ham bo'lsa, islom diniga kirish bo'lib, buning negizida bo'ysunish, sulh tuzish va kelishish ma'nolari yotadi. Bu ma'nolar bilan birinchi ma'no orasida hech ham qarama-qarshilik yo'q. Chunki islom dini bu ma'nolarning barchasini o'z ichiga qamrab oladi. Zero, sulh, itoat va kelishish “السلم“ – “tinchlik” uchun xizmat qiladigan tamoyillardir.
Imom Roziy oyatdagi “السلم“ni yuqoridagi oyatlarga bog'lab, mana bunday fikr bildirgan: “Alloh taolo bu suraning avvalida er yuzida buzg'unchilik, gina, adovat urug'ini sochadigan va kelajak avlodni parokanda qilish uchun yugurib-elib yuradigan munofiqlar haqida hikoya qilgan. Keyin musulmonlarni bu salbiy ishlardan qaytib, islom ta'limotiga muvofiq keladigan ijobiy ishlarga buyurib: “Ey iymon keltirganlar, islomga to'lig'icha kiring!” degan[12].
Demak, bu oyatda mo'minlar er yuzida buzg'unchilik qiladigan munofiqlar fe'lining aksini qilishga buyurilgan. Buning natijasi o'laroq, musulmon kishi o'zi yashab turgan jamiyatni isloh qilishga, odamlarga yaxshilik va xursandlik keltiradigan xayrli ishlarga intiladi. Vayronkor g'oyalardan yiroq bo'ladi.
Jumhur mufassirlar “السلم” so'ziga o'ch olishni tark qilish ma'nosini ham bergan. Bunga:
﴿وَخُذِ الْعَفْوَ وَأْمُرْ بِالْعُرْفِ وَأَعْرِضْ عَنِ الْجَهِلِينَ﴾
“(Ey Muhammad) afvli – marhamatli bo'ling, yaxshilikka buyuring va johillardan yuz o'giring”[13] oyatini dalil qilgan.
Demak, mufassirlar “السلم” lafzi borasida ikkita aniq fikrdan, ya'ni islom va kelishuv ma'nolaridan chetga chiqmagan. “السلم”ni sulh deb tafsir qilgan ulamolar kelishuvdan keyingi sulhni nazarda tutgan. Eslatib o'tish kerakki, kelishuv, sulh va urushni to'xtatish islom ta'limotidir. Bunga Alloh taoloning Payg'ambar alayhissalomdan himoya so'ragan kishiga omonlik berishni ta'lim bergan oyati dalil bo'ladi. Alloh taolo aytadi:
﴿وَإِنْ أَحَدٌ مِنَ الْمُشْرِكِينَ اسْتَجَارَكَ فَأَجِرْهُ حَتَّى يَسْمَعَ كَلمَ اللَّهِ ثُمَّ أَبْلِغْهُ مَأْمَنَم﴾
“(Ey Muhammad) agar mushriklardan birontasi sizdan himoya so'rasa, bas, uni o'z himoyangizga oling, toki u Allohning kalomini eshitsin. So'ng uni o'zi uchun tinch bo'lgan joyga etkazib qo'ying”[14].
Ma'lumki, Tavba surasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan tuzgan ahdlarini buzgan mushriklardan yiroq bo'lish haqida nozil bo'lgan. Shunday bo'lsa-da, Alloh taolo Payg'ambariga mushriklardan biri himoya so'rasa, Allohning kalomini eshitishi uchun uni himoyasiga olishni va tinch joyga etkazib qo'yishni buyurayapti. Zero, Islom insonlarni bag'rikeng bo'lishga chorlaydi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko'rsatmalari ham bisyordir. Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Qo'li va tili bilan musulmonlarga ozor bermagan kishi haqiqiy musulmondir. Alloh taolo man etgan narsalardan qaytgan kishi Alloh yo'lida haqiqiy hijrat qilgan kishidir”[15].
Demak, islom insonlarni ahl, tinch-totuv bo'lib yashashga buyurib, er yuzida buzg'unchilik qilishdan qaytarmoqda. Tinchlik musulmon jamiyatlarining umumiy maqsadi bo'lib, shu orqali taraqqiyotga va farovon hayotga erishiladi.
Otabek BAHRIYeV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anho Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan birga juda ham oz vaqt yashaganlari va erta vafot etib ketganlari tufayli u kishi haqidagi ma’lumotlar oz va bori ham har xilligini barcha tarixchilarimiz ta’kidlaydilar. Biz ham mazkur ma’lumotlardan xulosa chiqarib olishga harakat qilamiz.
Zaynab binti Xuzayma onamiz Makkai Mukarramada Muhammad sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambar bo‘lishlaridan taxminan o‘n uch yil avval tavallud topganlar.
U kishining otalari Xuzayma ibn Horim ibn Abdulloh al-Hiloliy degan odam bo‘lgan, onalari Hind binti Avf ibn Horis ibn Hamota al-Humayriya bo‘lgan.
Zaynab binti Xuzayma onamiz voyaga yetgach, Abdulloh ibn Jahsh roziyallohu anhuga turmushga chiqqanlar.
Hijratga amr bo‘lganda Zaynab binti Xuzayma onamiz ham hijrat etib kelib, o‘z oilasi bilan Madinai Munavvarada istiqomat qila boshlaganlar.
Badr urushida Zaynab binti Xuzayma onamiz ham yaradorlarga qarashib, fidokorlik ko‘rsatganlar.
Hijriy uchinchi sanadagi Uhud urushida u kishining erlari vafot etdi. Shundan keyin Zaynab binti Xuzayma yolg‘iz qoldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu ayolga rahmlari kelib, u kishining iddasi chiqqach, o‘zlariga xotin qilib oldilar. U zot Zaynab onamizning mahrlariga to‘rt yuz dirham berib, Oisha onamizning hujralari yoniga u kishi uchun hujra qurdilar. Shunday qilib, Zaynab onamiz mo‘minlarning onasi degan sharafga noil bo‘ldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Zaynab onamizning sabrlari, jasoratlari, Allohning dini yo‘lidagi fidokorliklarini ana shunday taqdirladilar.
Zaynab onamizning laqablari Ummul Masokin (Miskinlarning onasi) edi. U kishi miskinlarga ko‘p yaxshilik qilganlari sababli mana shu laqabni olgan edilar.
Zaynab binti Xuzayma onamiz nubuvvat xonadonida bir necha oy yashaganlaridan keyin dorulbaqoga rihlat qildilar. Bu alamli hodisa hijriy to‘rtinchi sananing oxirgi choragida bo‘ldi. O‘shanda u kishining yoshlari o‘ttizda edi.
Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anhoning janozalarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari o‘qidilar va Baqiy’ qabristoniga dafn qildilar.
Alloh taolo Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anhodan rozi bo‘lsin!
«Hadis va hayot» kitobidan