Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Oktabr, 2026   |   27 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:08
Quyosh
06:27
Peshin
12:11
Asr
16:09
Shom
17:58
Xufton
19:12
Bismillah
08 Oktabr, 2026, 27 Rabi`us soni, 1448
Yangiliklar

Istig‘for – ma’firat, rahmat va baraka kaliti!

04.08.2026   26035   1 min.
Istig‘for – ma’firat, rahmat va baraka kaliti!

Istig‘for insonning Alloh taolodan gunohlarini kechirishini so‘rashi va uning rahmatiga yuzlanishidir. Islom ta’limotida istig‘for nafaqat gunohlarning kechirilishiga, balki inson hayotida baraka, xotirjamlik va yaxshiliklar ko‘payishiga sabab bo‘luvchi amal sifatida ta’kidlangan.


Bir kishi Tobe’inlarning buyuk olimlaridan Hasan Basriy huzurlariga kelib: Ey imom! osmondan yomg‘ir yog‘mayapti, dedi.


U zot: Allohdan mag‘firat so‘rang (istig‘for ayting), – dedilar.


Keyin boshqa bir kishi kelib: Xotinim farzand ko‘rmayapti, – dedi.


U zot: Allohdan mag‘firat so‘rang, – dedilar.


Yana bir kishi kelib: hayot qiyinchiliklaridan, qashshoqlikdan shikoyat qilaman, – dedi.


U zot: Allohdan mag‘firat so‘rang, – dedilar.


Shunda majlisdagi kishilardan biri: Ajab ekan, ey imom! Kim qanday hojat bilan kelmasin, hammasiga istig‘for aytishni buyuryapsiz, – dedi.


Hasan Basriy bunday javob berdilar: Alloh taoloning ushbu so‘zini o‘qimadingizmi?


“Bas, Parvardigoringizdan mag‘firat so‘ranglar. Albatta, U o‘ta Mag‘firatlidir. Shunda U sizlarga osmondan ketma-ket yomg‘ir yog‘diradi. Mol-dunyo va farzandlar bilan madad beradi, sizlar uchun bog‘lar va anhorlar ato etadi” (Nuh surasi, 10–12-oyatlar).

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mutaxassisi

Humoyuddin Xusniddin o‘g‘lining tarjimasi.

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston va Indoneziya olimlari Moturidiy merosi bo‘yicha akademik hamkorlikni kuchaytirmoqda

08.10.2026   10310   2 min.
O‘zbekiston va Indoneziya olimlari Moturidiy merosi bo‘yicha akademik hamkorlikni kuchaytirmoqda

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekiston va Indoneziyaning yetakchi ilmiy-ta’lim muassasalari vakillari ishtirokida «Islomiy merosni qayta jonlantirish: zamonaviy musulmon dunyosida aqidaviy o‘zlik, ma’naviy mo‘tadillik va ekologik amaliyot» mavzusida xalqaro ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi, xabar bermoqda iccu.uz.

Seminar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Indoneziyaning LPTNU–PBNU, UNUSIA, UNU Yogyakarta, UNUGIRI va IPMAFA kabi nufuzli ilmiy-ta’lim muassasalari hamkorligida tashkil etildi.

Anjumanda Imom Moturidiyning boy ilmiy merosi, moturidiylik ta’limotidagi aqidaviy masalalari, diniy tafakkur, ma’naviy mo‘tadillik, shuningdek, islomiy merosning zamonaviy jamiyatdagi ahamiyatiga bag‘ishlangan ilmiy ma’ruzalar taqdim etildi.

Xususan, indoneziyalik tadqiqotchi doktor Sahal Mahfudh Imom Moturidiyning «Ta’vilot al-Qur’on» asaridagi qiroat talqinlarining lingvistik xususiyatlari hamda ularning aqidaviy va fiqhiy yondashuvlarga ta’siriga bag‘ishlangan tadqiqotini taqdim etdi.

Doktor Sahal Mahfudh  O‘zbekiston bilan yo‘lga qo‘yilgan ilmiy hamkorlikka alohida to‘xtalib, shunday dedi:

«O‘zbekiston islom ilmlari, xususan, Imom Moturidiy merosini o‘rganish bo‘yicha katta ilmiy salohiyatga ega. O‘zbekistonlik olimlar bilan hamkorlikda olib borilayotgan tadqiqotlar bizga yangi ilmiy manbalar bilan ishlash, turli yondashuvlarni o‘rganish va tajriba almashish imkonini bermoqda. Bunday ilmiy muloqot O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi akademik aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, deb ishonamiz».

Shuningdek, doktor Nur Hidaya, Ls., M.A. Imom Moturidiyning «Kitob at-Tavhid» asari asosida aqidaviy o‘zlikning shakllanishi, turli qarashlar bilan ilmiy muloqot olib borish uslubi hamda asardagi nazariy yondashuvlar xususida ma’ruza qildi.

Doktor Nur Hidaya:

«O‘zbekistonda Imom Moturidiy va boshqa buyuk allomalar merosini o‘rganishga qaratilayotgan e’tibor bizda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan bevosita ilmiy muloqot qilish, manbalar ustida birgalikda ishlash va fikr almashish tadqiqotlarimiz uchun muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston va Indoneziya olimlari o‘rtasidagi bunday hamkorlik kelgusida qo‘shma tadqiqotlar va ilmiy loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi».

Seminar davomida, shuningdek, Moturidiy va Muhosibiy merosida ma’naviy mo‘tadillik, O‘zbekiston va Indoneziya musulmon merosida ekologik tafakkur, tarixiy meros va zamonaviy amaliyotning o‘zaro bog‘liqligiga oid tadqiqotlar ham muhokama qilindi.

Mazkur xalqaro seminar O‘zbekiston va Indoneziya olimlari o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlash, Imom Moturidiy merosini zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida chuqur tadqiq etish, tajriba almashish hamda qo‘shma ilmiy izlanishlar ko‘lamini kengaytirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari