Gretsiya poytaxti Afinadagi Islom san'ati muzeyi mamlakatdagi eng muhim muzeylardan biridir. Ushbu muzeyda Yunonistonda islom paydo bo'lishidan to Usmonlilar davrigacha bo'lgan islom tsivilizatsiyasining rivojlanish tarixini yoritib beruvchi ko'plab tarixiy eksponatlar namoyish etilmoqda.
Bular qatorida 100 yil avval Iskandariyada yashagan yunon muhojiri Antonius Benaki tomonidan jamlangan islomiy asarlar to'plami ham o'rin olgan. To'plamda ettinchi asrdan to o'ninchi asrgacha bo'lgan eksponatlar mavjud.
Shuningdek, muzeyda ko'plab tarixiy ashyolar namoyish etilmoqda. Hususan, islom san'ati va madaniyatini aks ettiruvchi qadimiy buyumlar, naqshlar, qo'lyozmalar, metall va shisha buyumlar, sopol buyumlar, tilla buyumlar, qalqonlar, urush asboblari, tilla taqinchoqlar hamda katta mahorat bilan ishlangan jarrohlik asboblari ham bor.
Ayni kunda mazkur muzeyga tashrif buyuruvchilarning qiziqishi tobora ortib bormoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Kecha, 6 may kuni Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasida “Yilning eng yaxshi islom tarixi o‘qituvchisi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, viloyat bosh imom-xatibi, Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elov, hay’at a’zolari, ta’lim muassasalari rahbarlari, pedagog-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Musobaqa davomida ishtirokchilar 4 ta shart bo‘yicha bahs olib bordi. Ularning chiqishini malakali hakamlar hay’ati baholab bordi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra quyidagilar g‘olib deb topildi:
1-o‘rin: “Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi Muhammadyahyoxon Mahmudov 1-darajali diplom, “Haj” safari yo‘llanmasi va smart televizor bilan mukofotlandi.
2-o‘rin: Toshkent islom instituti o‘qituvchisi Xalilulloh Yusupov, 2-darajali diplom, “Umra” safari yo‘llanmasi va smart televizor bilan taqdirlandi.
3-o‘rin: Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi Sanjar Berdiyevga 3-darajali diplom va zamonaviy muzlatgich taqdim etildi.
Tanlovning qolgan 10 nafar ishtirokchisiga faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Aytish joizki, ushbu tanlov O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari pedagog-o‘qituvchilari o‘rtasida har yili o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati