frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Ot izini toy bosar

14.08.2026   41708   1 min.
Ot izini toy bosar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».


Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.


Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:


– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.

– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...

– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.

Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.

– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.

– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.


Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.


Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.


Akbarshoh RASULOV

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ilmiy-amaliy anjuman doirasida bir guruh ustoz va xodimlar munosib taqdirlandi

21.08.2026   56297   1 min.
Ilmiy-amaliy anjuman doirasida bir guruh ustoz va xodimlar munosib taqdirlandi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tashkil etilgan «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» mavzusidagi I ilmiy-amaliy anjumani doirasida sohada alohida o‘rnak ko‘rsatgan ustozlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda Davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan har jabhada amalga oshirilayotgan islohotlar qatorida ilm-fanni taraqqiy ettirish, ajdodlar merosini o‘rganish, diniy ta’limni rivojlantirish va sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibordan mamnunlik kayfiyati hukm surdi.

Diniy idora tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarida samarali faoliyat yuritib, yoshlarga ta’lim-tarbiya berish, soha rivojiga munosib hissa qo‘shish hamda dinimizning sofligini asrash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan bir guruh pedagog va mudarrislar mehnati munosib e’tirof etildi.

Tadbir davomida sohadagi fidokorona va samarali mehnatlari uchun quyidagi ustoz va pedagoglar Faxriy yorliq hamda Umra yo‘llanmalari bilan mukofotlandi:

  • Rahmatulla Umarov — Sayyid Muhyiddin maxdum o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.
  • Maxtumquli Toshqulov — Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.
  • Azimxon Abdullayev — Hidoya o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.
  • Abdulbosit Rahimov — Mir Arab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.

Shuningdek, anjuman doirasida diniy ta’lim tizimida namunali rahbarlik qilgan, fidokorona pedagogik va ilmiy-faoliyat olib borgan,ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, to‘garaklarni samarali tashkil etishdagi alohida xizmatlari uchun yana 15 nafar rahbar va o‘qituvchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasining Faxriy yorliqlari hamda esdalik sovg‘alari — televizor, noutbuk va planshetlar bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi taqdirlangan barcha ustoz va xodimlarni ushbu yuksak e’tirof bilan samimiy muborakbod etib, ularning kelgusi ilmiy va pedagogik faoliyatlarida ulkan zafarlar tilaydi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari