Ishorai sabboba qanday amal?
Bugungi kunda namozxonlar orasida ishorii sabboba qanday amal va uning qachon qilish kerak degan savollar ko'p eshtilmoqda. Hanafiy mazhabimizda ishorai sabboba sunnat amal xisoblanadi. U to'g'risida bir necha xadisu shariflar vorid bo'lib quydagi manbalarda u to'g'risida va qanday qilinishligi borasida to'xtalib o'tilgan. Abu Lays Samarqandiy “Navozil”, Kamoliddin Ibnu Humom “Fathul qodir”, Alloma Alouddiyn Kosoniy “Badoius Sanoiy”, Ibn Obidiyn “Raddul muxtor”, Abdulhay Laknaviy “Umdatur rioya”, e'lo us-sunan kaba mo''tabar manbalarda ham sunnat ekanligi zikr qilingan. Bu haqida Aliyyul Qoriy ikkita “Tazyinul ibora tahsinul ishora” va “Attadhiynu littazayyun”, Hofiz Ibn Hajar “Talhisul hobir”, Ibn Obidiyn “Raf' ul taraddud” nomli bir qator risolalarda ham ta'lif qilib o'tganlar.
Termiziy Abu Humayddan rivoyat qiladilar: “O'ng kaftlarini o'ng tizzalariga, chap kaftlarini chap tizzalarini ustiga qo'yib barmoqlari bilan ishora qilar edilar”.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallolohu alayhi vasallam namozda, ya'ni tashahhudga o'tirsalar o'ng qo'llarini o'ng tizzalarini ustiga chap qo'llarini chap tizzalarini ustiga qo'yib ko'rsatkich barmoqlarini ko'tarib ishora qilardilar chap qo'llari tizzalarini ustida turar edi”. Ushbu hadisga sahobalar, tobeinlar, amal qilib, tashahhudda ishorani ixtiyor qildilar.
Ahmad Nofi'dan rivoyat qiladilar: “Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuma namozda tashahhudga o'ltirsalar ikki qo'llarini ikki tizzalariga qo'yib barmoqlari bilan ishora qilib, ishora qilgan barmoqlariga qarab turar edilar, so'ng Rasululloh sallalohualayhi vasallam: “Barmoq bilan ishora qilish shaytonga temirdan ham shiddatliroq”, derdilar.
Aliyyul qori “Tazyinul ibora tahsinul ishora” kitoblarida ushbu hadisni sharhlab aytadilarki, “Barmoq bilan ishora qilish urushda temir qurolni ishlatishdan ham qiyinroqdir, go'yo tavhidga ishora qilish bilan shayton mo''min bandani adashtirishi, shirkka olib borishdan bo'lgan umidini kesadi”.
Imom Suyutiy “Jomeul kabir” kitoblarida Uqba ibr Omirdan rivoyat qiladilar: “Kishi namozida ishora qiladigan har bir ishorasiga o'nta hasanot yoziladi”, dedilar.
Ibni Obidiyn “Raf' ul taraddud” nomli kitoblaridagi ishorai sabboba haqida vorid bo'lgan hadislar, olti sahih kitoblarning hammasida zikr qilingan. U hadislarni hattoki, ma'naviy mutovotir deyish durust bo'ladi deganlar.
Ishorai sabboba qilish borasida sahobalar, ularga ergashgan tobeinlar ixtilof qilmadilar. Imom Abu Hanifa va u zotning ikki shogirdlari Imom Abu Yusuf va imom Muhammmad, imom Molik, imom Shofiiy, imom Ahmad ibn Hanbal hamda mutaqaddim ulamolar ishorai sabboba sunnat ekanligiga ittifoq qilishgan.
Hulosa qilib aytadigan bo'lsak ishorai sabbobani tashaxxudga o'tirganda, tashaxxud duosini o'qib “Ashxadu anla” deganda o'ng qo'lni ko'rsat barmog'ini ko'tariladi, “illalloh” deganda tushiriladi. Tashaxxud duosini avvalidan qo'lni qimirlatib turishlik durust emas. Shuni takidlash lozimki ishorai sabboba rivoyatlaridan bexabar bo'lib, bu amalni qilmagan namozxonni aslo malomat qilinmaydi.
Yangiqo'rg'on tumani "Ishoq hoji" jome masjidi imom noibi Muhammadyusuf Tursunov
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anho Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan birga juda ham oz vaqt yashaganlari va erta vafot etib ketganlari tufayli u kishi haqidagi ma’lumotlar oz va bori ham har xilligini barcha tarixchilarimiz ta’kidlaydilar. Biz ham mazkur ma’lumotlardan xulosa chiqarib olishga harakat qilamiz.
Zaynab binti Xuzayma onamiz Makkai Mukarramada Muhammad sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambar bo‘lishlaridan taxminan o‘n uch yil avval tavallud topganlar.
U kishining otalari Xuzayma ibn Horim ibn Abdulloh al-Hiloliy degan odam bo‘lgan, onalari Hind binti Avf ibn Horis ibn Hamota al-Humayriya bo‘lgan.
Zaynab binti Xuzayma onamiz voyaga yetgach, Abdulloh ibn Jahsh roziyallohu anhuga turmushga chiqqanlar.
Hijratga amr bo‘lganda Zaynab binti Xuzayma onamiz ham hijrat etib kelib, o‘z oilasi bilan Madinai Munavvarada istiqomat qila boshlaganlar.
Badr urushida Zaynab binti Xuzayma onamiz ham yaradorlarga qarashib, fidokorlik ko‘rsatganlar.
Hijriy uchinchi sanadagi Uhud urushida u kishining erlari vafot etdi. Shundan keyin Zaynab binti Xuzayma yolg‘iz qoldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu ayolga rahmlari kelib, u kishining iddasi chiqqach, o‘zlariga xotin qilib oldilar. U zot Zaynab onamizning mahrlariga to‘rt yuz dirham berib, Oisha onamizning hujralari yoniga u kishi uchun hujra qurdilar. Shunday qilib, Zaynab onamiz mo‘minlarning onasi degan sharafga noil bo‘ldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Zaynab onamizning sabrlari, jasoratlari, Allohning dini yo‘lidagi fidokorliklarini ana shunday taqdirladilar.
Zaynab onamizning laqablari Ummul Masokin (Miskinlarning onasi) edi. U kishi miskinlarga ko‘p yaxshilik qilganlari sababli mana shu laqabni olgan edilar.
Zaynab binti Xuzayma onamiz nubuvvat xonadonida bir necha oy yashaganlaridan keyin dorulbaqoga rihlat qildilar. Bu alamli hodisa hijriy to‘rtinchi sananing oxirgi choragida bo‘ldi. O‘shanda u kishining yoshlari o‘ttizda edi.
Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anhoning janozalarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari o‘qidilar va Baqiy’ qabristoniga dafn qildilar.
Alloh taolo Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anhodan rozi bo‘lsin!
«Hadis va hayot» kitobidan