frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null
Yangiliklar

Dohada «Uzbekistan: Heritage in Motion» ko‘rgazmasi ochiladi

02.09.2026   14742   2 min.
Dohada «Uzbekistan: Heritage in Motion» ko‘rgazmasi ochiladi

2026-yil 3-sentabr kuni Dohadagi Islom san’ati muzeyida O‘zbekiston tarixi va madaniy merosiga bag‘ishlangan «Uzbekistan: Heritage in Motion» ko‘rgazmasi ochiladi. Ekspozitsiya Markaziy Osiyoda islom dini tarqalishidan oldingi davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan tarixiy va madaniy jarayonlarni qamrab oladi hamda 28-noyabrgacha davom etadi.

Loyiha O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Islom san’ati muzeyi hamkorligida tashkil etilmoqda. Ko‘rgazma so‘nggi uch o‘n yillikdagi O‘zbekiston tarixini mamlakatning zamonaviy madaniy qiyofasi shakllanishi nuqtayi nazaridan namoyish etuvchi ilk xalqaro ekspozitsiya bo‘ladi.

Ekspozitsiyada Qatar va O‘zbekistondagi yetakchi muzey hamda madaniy muassasalar kolleksiyalaridan namunalar namoyish etiladi. Ular orasida Afrosiyobning mashhur devoriy tasviri, «Katta Langar» Qur’oni, Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalari, Buxoro kulolchilik namunalari, XIX–XX asrlarga oid milliy liboslar, zargarlik buyumlari, ipak matolar va an’anaviy hunarmandchilik asarlari bor.

Ko‘rgazma qadimgi mintaqa tarixi, me’moriy meros, islom sivilizatsiyasining intellektual yutuqlari hamda an’anaviy hunarmandchilik rivojiga bag‘ishlangan to‘rtta tematik bo‘limdan iborat. Unda O‘zbekistonning islom olamida fan, madaniyat va san’at rivojining tarixiy markazlaridan biri sifatidagi o‘rniga, shuningdek, Somoniylar va Temuriylar davri merosiga alohida e’tibor qaratiladi.

Tarixiy meros mamlakatning zamonaviy madaniy rivoji bilan uzviy bog‘liq holda namoyish etiladi. Dekorativ-amaliy san’at, to‘qimachilik va zargarlik an’analariga alohida o‘rin beriladi.

Ko‘rgazma doirasidagi ommaviy dastur ma’ruzalar, mahorat darslari, an’anaviy hunarmandchilik namoyishlari, shuningdek, ikat san’ati va ipak ishlab chiqarishga bag‘ishlangan taqdimotlarni o‘z ichiga oladi. 3–16-sentabr kunlari rassom Davlat Toshev rezidentlik dasturi doirasida mahalliy rassomlar va ko‘rgazma tashrif buyuruvchilari uchun Sharq miniatyurasi hamda «Abrū-Bahor» texnikasiga bag‘ishlangan mahorat darslarini o‘tkazadi. Ishtirok etish uchun oldindan ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi.

2017-yilda tashkil etilgan O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi mamlakatning madaniy merosini asrash va xalqaro miqyosda targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi. Jamg‘arma 17 dan ortiq mamlakatda xalqaro loyihalarni amalga oshirgan va 40 dan ortiq xorijiy madaniyat muassasalari bilan hamkorlik qilgan.

Dohadagi Islom san’ati muzeyi 2008-yilda tashkil etilgan. Muzey kolleksiyasi qariyb 1 300 yillik tarixni qamrab oladi va unda qo‘lyozmalar, kulolchilik buyumlari, metall va shisha mahsulotlari, to‘qimachilik namunalari, gilamlar hamda zargarlik buyumlari mavjud.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
 
 
Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

"Vaqf" fondi va Turkiya diyonat vaqfi hamkorligi yangi bosqichda

28.08.2026   71617   1 min.

Joriy yilning 26 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida «Vaqf» xayriya jamoat fondi hamda Turkiya Diyonat vaqfi mas’ul xodimlari ishtirokida videokonferensiya formatida muloqot bo‘lib o‘tdi.


Uchrashuvda ikki muassasa o‘rtasida imzolangan memorandum va uning asosida ishlab chiqilgan yo‘l xaritasidagi vazifalar ijrosi atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar sheriklik aloqalarini mustahkamlash hamda uning amaliy mexanizmlarini belgilab olish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.


Muloqot davomida vazifalarning joriy holati tahlil qilinib, istiqbolda amalga oshiriladigan qo‘shma tashabbuslar va ijtimoiy loyihalar borasida o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi. Xususan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi qo‘shma tashabbuslar, yoshlar bilan ishlash va ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq etish, xorijiy xayriya xizmatlarini tashkil etish hamda zakot va xayriya munosabatlarini yanada rivojlantirish kabi o‘zaro manfaatli yo‘nalishlar bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.


Ta’kidlash joizki, mazkur muloqot ikki qardosh davlat vaqf fondlari o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy va saxovat yo‘nalishidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati