Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Oktabr, 2026   |   2 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:14
Quyosh
06:32
Peshin
12:09
Asr
16:02
Shom
17:50
Xufton
19:04
Bismillah
13 Oktabr, 2026, 2 Jumadul avval, 1448
Yangiliklar

Turkiyada Amir Temur va Temuriylar Renessansiga bag‘ishlangan simpozium bo‘lib o‘tadi

02.10.2026   83888   2 min.
Turkiyada Amir Temur va Temuriylar Renessansiga bag‘ishlangan simpozium bo‘lib o‘tadi

2026 yil 6–7 oktyabr kunlari Anqara shahrida Amir Temur va Temuriylar Renessansiga bag‘ishlangan Xalqaro simpozium o‘tkaziladi. Tadbir Turkiya Fanlar akademiyasi (TÜBA), Anqara Yildirim Boyazid universiteti, O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi hamda Temuriylar tarixi davlat muzeyi hamkorligida tashkil etilmoqda, xabar bermoqda iccu.uz.

Simpoziumda Amir Temur shaxsiyati va Temuriylar davrining ilm-fan, madaniyat va san’at taraqqiyotidagi o‘rni, shuningdek, ushbu davrda yuzaga kelgan ilmiy va madaniy yuksalish jarayonlari muhokama qilinishi ko‘zda tutilgan. Temuriylar Renessansi Markaziy Osiyo tarixida ilm-fan, me’morlik, adabiyot, san’at va ma’naviy hayot yuksak taraqqiy etgan muhim tarixiy davrlardan biri. Samarqand, Hirot, Buxoro, Balx va boshqa shaharlar ilm va madaniyat markazlariga aylanib, bu yerlarda faoliyat yuritgan olimlar va ijodkorlar jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan.

Bu tarixiy merosni o‘rganish va uning zamonaviy ahamiyatini ochib berish O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy-ma’rifiy faoliyatida ham muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Markaz ekspozitsiyasida ham Temuriylar davrining ilm-fan va madaniyat taraqqiyotidagi o‘rni, buyuk allomalar ilmiy merosi hamda ushbu davrda shakllangan yuksak madaniy muhit keng yoritilgan.

Ayniqsa, Amir Temur davrida Samarqandning ulkan siyosiy markazdan tashqari, ilm-fan va madaniyat maskani sifatida shakllanishi, keyinchalik Mirzo Ulug‘bek davrida astronomiya va matematika sohalarida yuksak ilmiy natijalarga erishilishi Temuriylar Renessansining muhim jihatlaridan sanaladi.

Shu nuqtayi nazardan, Anqarada o‘tkazilayotgan xalqaro simpozium Temuriylar davri merosini xalqaro ilmiy muloqot doirasida yanada chuqur o‘rganish, turli mamlakat olimlari o‘rtasida fikr almashish va ushbu davrning jahon sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rnini tadqiq etishga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun: 2026 yilda buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekistonda Amir Temur va Temuriylar merosini o‘rganish va xalqaro miqyosda targ‘ib etishga qaratilgan qator ilmiy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Jumladan, 9–10 aprel kunlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazildi. Anjumanda mahalliy va xorijiy olimlar, temurshunos mutaxassislar ishtirok etib, Amir Temur va Temuriylar sivilizatsiyasining jahon tarixi, ilm-fani va madaniyatidagi o‘rni muhokama qilindi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Masjid ish yurituvchilari uchun mahorat darsi tashkil etildi

13.10.2026   9410   1 min.
Masjid ish yurituvchilari uchun mahorat darsi tashkil etildi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Oliy Hay’ati yig‘ilishi qarorlari ijrosini ta’minlash hamda tizim xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida Toshkent shahridagi tuman masjidlari ish yurituvchilari uchun o‘quv-amaliy mahorat darsi tashkil etildi.


Tadbirda Diniy idoraning Huquqshunoslik bo‘limi mutaxassislari sohaga oid qonunchilik talablari va ijro intizomi bo‘yicha quyidagi muhim yo‘nalishlarga alohida to‘xtaldilar:
 

  • masjidlar rahbar organlari tarkibidagi o‘zgarishlar to‘g‘risida belgilangan tartibda (bir oy muddatda) adliya idoralariga rasmiy ma’lumot taqdim etish;
     

  • masjid ustavi, guvohnomalari va boshqa ta’sis hujjatlarini qonunchilik talablari asosida yuritish hamda saqlash;
     

  • imom-xatib va noiblarning besh vaqt namozlarda xizmat joyida bo‘lishini ta’minlash;
     

  • masjid binolarida olib boriladigan qurilish-ta’mirlash ishlarining loyiha hujjatlarini vakolatli idoralar bilan oldindan belgilangan tartibda kelishish.
     

Qizg‘in savol-javob va muhokamalar ruhida o‘tgan mahorat darsida ishtirokchilar kundalik ish faoliyatida yuzaga kelayotgan huquqiy masalalar bo‘yicha batafsil tushuntirish va amaliy tavsiyalar oldilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Masjid ish yurituvchilari uchun mahorat darsi tashkil etildi Masjid ish yurituvchilari uchun mahorat darsi tashkil etildi
O'zbekiston yangiliklari