Mulla Ali Qoriy (vaf.1014)
Allomaning to'liq ismi Nuriddin Ali ibn Sulton Muhammad al-Makkiy al-Hanafiy bo'lib, “al-Qoriy” kuniyasi bilan mashhurdir.
“Al-Qoriy” nomining unga berilishiga sabab, u Qur'oni karimni turli qiroatlarda o'qish bo'yicha peshqadamlardan bo'lgan. Shuning uchun Mulla al-Qoriy nomi bilan shuxrat qozongan.
Ali al-Qoriy haqidagi ma'lumotlar olimning o'zi tomonidan yozilgan asarlar muqaddimalarida keltiriladi. Shuningdek, uning hayoti va faoliyatini yoritishda Muhammad al-Muhibbiyning “Hulosat al-asar fiy a'yon al-qarn al-hodiy ashar” va ash-Shavqoniyning “Al-badr at-tole'” asarlari ham asosiy manba bo'lib xizmat qiladi.
“Hulosat al-asar fi a'yon al-qarn al-hodiy ashar” kitobida Ali al-Qoriy o'z asrining benazr olimi, iboralarni tuzatish va tadqiq etishda mohir imom, faqih, muhaddis, usul va nahv bilimdoni, mufassir, mutakallim, mutasavvif, tarixchi va adabiyotshunos olim, Sunnati nabaviya borasida etuk mutaxassis bo'lgani bayon etilgan.
Mulla Ali al-Qoriy ko'p sohalar bilimdoni hisoblanib, juda ko'p asarlar yozgan. Manbalarda keltirilishicha, ularning soni 125 tani tashkil etadi va ular bir necha jildlik iborat yirik kitoblar va ko'plab sahifalarni o'z ichiga oluvchi risolalardan iborat.
Olimning kitob yozishdagi o'ziga xos uslubi shundaki, u barcha asarlardagi boblarni qimmatli ma'lumotlar va bahslar bilan boyitgan. O'quvchi uchun tushunarli, boshqalarda uchramaydigan yo'nalish bilan yozilgan bo'lib, mavhum iboralarsiz va nodir tadqiqot tarzida amalga oshirilgan.
Bundan tashqari, Mulla Ali al-Qoriy mohir xattot ham bo'lgan. Ash-Shavkoniy “Al-badr at-tole'” asarida yozishicha, Ali al-Qoriy o'ninchi hijriy asrning mujaddidi va mujtahiddir.
Mashhur faqih Husayn ibn Muhammad Said Abdulg'ani al-Makkiy al-Hanafiy “Irshod as-soriy ila manosik al-Mulla Ali al-Qoriy” asrida bunday yozadi: “O'z zamonasining buyuk allomasi, mashhur olim, aqliy va naqliy bilimlarni o'zida mujassamlashtirgan, Qur'on va hadis ilmi bo'yicha bildirilgan fikrlarni asosli tarzda sharhlovchi – tadqiqotchidir”.
Shayx Muhammad Zohid Kavsariy “Iroq ahlining faqihlari va ularning so'zlari” nomli risolasida: “Imom Abu Hanifaning izdoshlaridan Mulla Ali al-Koriy hofiz, benazir muhaddis olim edi”, deb yozadi.
Zamondoshlari uni “Haqiqatlar sultoni, nodir fiqhiy masalalar bilimdoni, faqih, mufassir, qoriyu mutakallim, muhaddis hamda balog'at va fasohat, nahv ilmlarining muallimi” deb tan olishgan.
Allomaning ba'zi asarlari necha asrlardan beri o'quv yurtlarida muhim darslik va qo'llanma bo'lib kelmoqda. Olimning “Anvarul Qur'on fiy asrorul Furqon” (“Furqon sirlarida Kur'on nurlari”), “An-nasixu val-mansuxu minal hadis” (“Hadislarning nasx va mansuxlari”), “Adillatu mu'taqadi Abi Hanifa fi abavayi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam” (“Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ota-onalariga doir aqidada Abu Hanifaning dalili”), “Al-asmarul janiyyatu fiy asmail hanafiya” (“Hanafiy olimlarning ismlari haqida yig'ilgan mevalar”), “Al-ahadisul qudsiyatu arba'iniya” (“Kirq qudsiy hadis”), “Al-adab fiy rajab” (“Rajab oyi odoblari”) va “Manaqibu al-Imomi A'zam va ashobihi” (“Imomi A'zam va ashoblarining manoqiblari”) kabi kitoblari mashhur.
Alloma Hanafiy mazhabining fiqhiy masalalariga doir qator risolalar ham yozgan. “Risalatu fiy himayati mazhabil Imomi Abi Hanifa” (“Imom Abu Hanifa mazhabini himoya qilish to'g'risida risola”), “Risalatu fir raddi ala min zammi mazhabil Imomi Abi Hanifa” (“Imom Abu Hanifa mazhabini yomonlovchilarga raddiya risolasi”) shular jumlasidan.
Alloma o'ndan ortiq kitobga sharh yozgan. “Sharhi Sahihi Muslim” (“Sahihi Muslim”ning sharhi), “Sharhu Aynil ilmi va zaynil hilmi” (“Hilmning ziynati va ilmning bulog'i” kitobiga sharh), “Sharh al-Fiqh al-akbar” (“Fiqhul akbar”ning sharhi), “Sharhu Musnad al-Imomi Abi Hanifa” (Imom Abu Hanifaning “Musnad”iga sharh), “Sharhu al-Hidoya lil Marg'inoniy” (Marg'inoniyning “Hidoya”siga sharh), “Sharhu al-Viqoya fi masailil Hidoya” (“Hidoya” masalalaridagi “Viqoya”ga sharh) va “Mirqotil mafotih sharhi Mishkatil Masobih” («“Mishkatul Masobih”ni sharhlashda ochilgan nozik o'rinlar») kabi sharhlari butun Islom olamida e'tiborlidir.
Hanafiy mazhabining etuk allomasi Mulla Ali al-Qoriy Imom Abu Hanifa, Sufyon Savriy va Fuzayl ibn Iyozning yo'lidan borib, hayotda duch kelgan masalalarga asosli javoblar bergan. Alloma 1014 hijriy (1636 milodiy) sananing shavvol oyida Makkai Mukarrama shahrida hayotdan ko'z yumdi va shu shahardagi mashhur “al-Muallot” qabristoniga dafn etildi.
Muftiy Ibrohim Desai rahimahullohning "Hadis ilmiga kirish" kitobidan olindi.
Siz hech qachon yutqazmaydigan, kasodga uchramaydigan uchta tijoriy kelishuv haqida eshitganmisiz? Unda ushbu oyatga quloq tuting:
"Albatta, Allohning Kitobini tilovat qiladiganlar,
- namozni to‘kis ado etib,
- Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan maxfiy va oshkora nafaqa qiladiganlar hargiz kasodga uchramaydigan tijoratdan umidvor bo‘lurlar" (Fotir surasi, 29-oyat).
Izoh: "..hargiz kasodga uchramaydigan tijoratdan umidvor bo‘lurlar". Bu ushbu oyatning asosiy xulosasidir. Dunyodagi tijoratda foyda ham, zarar ham bo‘lishi mumkin. Lekin yuqorida sanab o‘tilgan uch amalni – Qur’on tilovati, namoz va infoqni – bajargan insonlar Alloh bilan bo‘lgan "tijorat"dan hech qachon yutqazmaydilar. Bu tijoratning foydasi bu dunyoda ham, u dunyoda ham bo‘ladi. Bu dunyoda qalb xotirjamligi, baraka, hayotda ma’no topish kabilar, u dunyoda esa Allohning roziligi, jannat va abadiy saodatdir. Bu tijorat – haqiqiy va abadiy muvaffaqiyatdir.
Doktor Ahmad Iso Ma’soraviy