Moskva meriyasi islom mamlakatlaridan sayyohlar oqimini ko'paytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqmoqda. Bu haqda islamnews kanali ma'lum qilgan.
Poytaxtdagi turizm qo'mitasi rahbari Yuliya Syundyukovaning so'zlariga ko'ra, musulmon sayyohlarga xizmatni yaxshilash rejalashtirilgan bo'lib, ayni kunda sayyohlik salohiyatini namoyish etuvchi taqdimotlar qo'shni mamlakatlarda o'tkazilgan.
“Muayyan manzilni sayohat qilayotgan musulmonlar halol oziq-ovqat mavjudligiga e'tibor berishadi. Shuning bu borada barcha joylarda ishlar olib borilmoqda. Shu bilan birga mehmonxonalarda joynamoz va diniy adabiyotlarning mavjudligiga ham e'tibor berilmoqda”, dedi Syundyukova.
Rasmiyning ta'kidlashicha, musulmonlar uchun turizmni rivojlantirish poytaxtning ustuvor yo'nalishlaridan biridir.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Ajdodlarimizning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash – odamiylikning oliy mezoni va xalqimizga xos azaliy qadriyat ekanligining dalolatidir.
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida xizmat qilib, nafaqaga chiqqan bir guruh faxriylar holidan xabar olindi.
Ziyorat davomida Diniy idora tizimida uzoq yillar samarali mehnat qilgan, yoshlarga ibrat bo‘lgan ustozlar uylariga borilib, ularga ehtirom bildirildi. Hadyalar ulashildi.
Shu bilan birga, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Abdurashid qori Bahromov, Usmonxon domla Alimov, Abdurazzoq hoji Yunusov, Anvar qori Tursunov kabi marhum ulug‘larimizning xonadonlariga borilib, oila ahllari holidan xabar olindi.
Shuningdek, bunday tadbirlar joylardagi vakilliklar tomonidan ham amalga oshirilib, hech kim e’tibordan chetda qolmadi. Bunday tadbirlar orqali Islom dinida o‘tganlar xotirasiga ehtirom, tiriklarni qadrlash, ustozlar o‘gitlaridan bahramand bo‘lish kabi xayrli an’analar bardavom bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati