Hozirgi biz yashab turgan musulmonlar jamiyatini ichidan buzib va tafriqalarga sabab bo'ladigan taxdidlardan biri takfir hisoblanadi. Takfir – musulmon insonni gunohi yoki xatosi sabab kofirga chiqarishga aytiladi. Takfir xodisasi dastlab hazrati Ali halifalik davrida unga qarshi chiqqan xavorijlardan sodir bo'lgan. Ular o'zlariga qo'shilmagan yoki ergashmagan musulmonlarni kofirga chiqarib, ularni jonlarini va mollarini halol sanab ularni o'ldirishgan va mollarini talon-taroj qilishgan. Hatto xulofoi roshidin bo'lgan Usmon ibn Affon va xazrati Ali roziyallohu anhuni ham kofirlikda ayblashgan.
Afsuski hozirgi kunda ham havorijlarni yo'lini tutgan turli diniy mutaassib tashkilotlar vakillari musulmonlar yashayotgan o'lkalarni kofirlar yurti deb, o'zlariga ergashmagan yoki qo'shilmagan, u erlarda tinch omonlikda, ibodatlarini to'la to'kis bajarib kelayotgan musulmonlarni ham kofirga chiqarib ularni jonlarini va mollarini halol sanab, ularni o'ldirib mol-mulklariga ega chiqishmoqdalar.
Darhaqiqat islom dinimiz kalimani aytib uni tasdiq qilgan musulmonni kofir deb aytishdan qaytaradi. Payg'ambarimiz alayhissalom muborak hadislarini birida shunday deydilar – “Uch narsa iymonni aslidandir: “Laa ilaha illalloh” degan kishiga tegmaslik. Gunohi sababli kofirga chiqarmaymiz. Amali sababli uni islomdan chiqarmaymiz”. Demak gunohi kabira qilib qo'ygan musulmon madomiki o'sha gunohni halol sanamasa ahli sunna valjamoa nazdida u kishini kofirlikka hukm qilinmaydi. Agar tavba qilmay vafot etsa gunohiga yarasha azoblanadi, lekin abadiy do'zaxda qolmaydi.
Norin tumani “Qozokovul” jome
masjidi imom xatibi R. Alixonov
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anho Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan birga juda ham oz vaqt yashaganlari va erta vafot etib ketganlari tufayli u kishi haqidagi ma’lumotlar oz va bori ham har xilligini barcha tarixchilarimiz ta’kidlaydilar. Biz ham mazkur ma’lumotlardan xulosa chiqarib olishga harakat qilamiz.
Zaynab binti Xuzayma onamiz Makkai Mukarramada Muhammad sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambar bo‘lishlaridan taxminan o‘n uch yil avval tavallud topganlar.
U kishining otalari Xuzayma ibn Horim ibn Abdulloh al-Hiloliy degan odam bo‘lgan, onalari Hind binti Avf ibn Horis ibn Hamota al-Humayriya bo‘lgan.
Zaynab binti Xuzayma onamiz voyaga yetgach, Abdulloh ibn Jahsh roziyallohu anhuga turmushga chiqqanlar.
Hijratga amr bo‘lganda Zaynab binti Xuzayma onamiz ham hijrat etib kelib, o‘z oilasi bilan Madinai Munavvarada istiqomat qila boshlaganlar.
Badr urushida Zaynab binti Xuzayma onamiz ham yaradorlarga qarashib, fidokorlik ko‘rsatganlar.
Hijriy uchinchi sanadagi Uhud urushida u kishining erlari vafot etdi. Shundan keyin Zaynab binti Xuzayma yolg‘iz qoldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu ayolga rahmlari kelib, u kishining iddasi chiqqach, o‘zlariga xotin qilib oldilar. U zot Zaynab onamizning mahrlariga to‘rt yuz dirham berib, Oisha onamizning hujralari yoniga u kishi uchun hujra qurdilar. Shunday qilib, Zaynab onamiz mo‘minlarning onasi degan sharafga noil bo‘ldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Zaynab onamizning sabrlari, jasoratlari, Allohning dini yo‘lidagi fidokorliklarini ana shunday taqdirladilar.
Zaynab onamizning laqablari Ummul Masokin (Miskinlarning onasi) edi. U kishi miskinlarga ko‘p yaxshilik qilganlari sababli mana shu laqabni olgan edilar.
Zaynab binti Xuzayma onamiz nubuvvat xonadonida bir necha oy yashaganlaridan keyin dorulbaqoga rihlat qildilar. Bu alamli hodisa hijriy to‘rtinchi sananing oxirgi choragida bo‘ldi. O‘shanda u kishining yoshlari o‘ttizda edi.
Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anhoning janozalarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari o‘qidilar va Baqiy’ qabristoniga dafn qildilar.
Alloh taolo Zaynab binti Xuzayma onamiz roziyallohu anhodan rozi bo‘lsin!
«Hadis va hayot» kitobidan