Dushmaningiz ustidan g'alaba qozonishingiz muhim emas!
Muhimi – ichingizdagi yomonlik ustidan g'alab qozonish!
Agar uning ustidan g'alab qozonsangiz Alloh darhol sizni o'z yordami ila siylaydi. Sizni yaxshilik va salomatlik yo'llari tomon etaklaydi.
Namoz o'qiganda shayton tinmay vasvasa qiladigan bir kishi bor ekan. Shu darajada vasvasaga duchor bo'lgan ekanki, namoz arkonlarini bajardimi yo'qmi bilolmay qolarkan. Qiynalib ketgach bir faqihning oldiga muammosini hal qilib berishi ilinjida boribdi.
Unga haligi olim tabassum bilan debdi: "Hozirgina oldimda ayolingizga uch taloq berganingizni ham eslolmaysizmi?".
Boyagi kishi hayajon bilan: “Yo'q, Allohga qasam taloq qilmadim. Men taloq so'zini umrimda ishlatmaganman. Ey siz, nega menga tuhmat qilyapsiz?” dedi.
Faqih aytibdi: “Shaytoningiz vasvasa qilganda ham uni xuddi shu keskirlik bilan, xuddi shu reaktsiya bilan rad eting. “Men to'g'ri namoz o'qidim” deng. Sizni chalg'itayotgan narsa berkinib yuruvchi la'nati shaytondan ekanini biling!”.
Bu gapni eshitib haligi kishining ko'ngli yorishib, kulib qo'yibdi. Faqih nima demoqchi bo'lganini tushunibdi.
Muhammad ibn Abu Bakr rahimahulloh aytadi:
“Intiluvchilar uch turli bo'ladi:
Allohga intiluvchilar;
Allohning huzuridagi mukofotlarga intiluvchilar;
Allohni unutib, boshqa narsalarga intiluvchilar.
Qalbida Allohga muhabbati bor odam Allohga intiladi. Amal qiluvchilar Allohning huzuridagi mukofotlarga intiladi. Oxiratni unutib, dunyoning o'ziga ko'nganlar Allohdan yuz buruvchilardir. Kimniki intilishi Alloh tomon bo'lsa, Alloh uning barcha g'am-tashvishini O'z zimmasiga oladi, barcha ishida u bilan birga bo'ladi va undan o'zi bartaraf qilishga qurbi etmaydigan muammolarni bartaraf etadi”.
Shayx Aliy Tantoviy rahimahulloh aytadi: “G'o'r odam – oxiri zavol bo'lgan dunyoga aldangan odamdir. Oqil esa ne'matlari tugab-bitmaydigan kunlar saodatiga erishish uchun oz kunlar davom etadigan azobga sabr qilib yashaydigan kishidir”.
Qur'onda “Ularning ustilarida yashil sundusdan (yupqa ipakdan) va istobraqdan (qalin ipakdan) kiyimlar bor va kumush bilakuzuklar-la yasanganlar va Robbilari ularni pok sharob bilan sug'orar” (Inson surasi, 21-oyat) deya zikr qilingan odamlar bilan “Ularga olovdan kiyim bichildi” (Haj surasi, 19-oyat) deyilgan odamlar orasida osmon bilan erchalik farq bor!
Dunyoda Allohni rozi qiladigan amallar qilaylik va shunga munosib kiyim kiyaylik, shunda Allohga yo'liqqanimizda O'zi bizga bizni rozi qiladigan kiyimlarni kiydiradi.
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Bir qishloqda jahli tez chiqadigan, o‘zini boshqa olmaydigan o‘spirin yigit bor ekan. Kunlardan birida otasi unga har gal jahli chiqqanida bir mix olib, uyning oldidagi daraxtga qoqishini aytdi.
O‘g‘il shunday qila boshladi. Bir necha mix qoqilgan daraxtni ko‘rib, yigitning unga rahmi keldi. O‘zini boshqarishni, sabrli bo‘lishni o‘rgandi. Daraxtga mix qoqmay qo‘ydi. Buni ko‘rgan ota endi o‘g‘liga qoqilgan mixlarni sug‘urib tashlashni buyurdi. O‘g‘il otasining aytganini bajardi.
Daraxtning yaralari bitib, o‘rnida chandiqlar paydo bo‘ldi. Ota o‘g‘liga:
– Qara, o‘g‘lim! Qoqilgan har bir mix bu daraxtni yaralagan edi. Ularni sug‘urib tashlagan taqdiringda ham, o‘rni, chandiqlari qoldi. Endi daraxtning ana shu joylari mo‘rtlashib, qurt tushadi va uni yemiradi.
O‘g‘il boshini egib qoldi. Ota so‘zida davom etdi:
– Bu-ku bir daraxt ekan, Alloh taolo azizu mukarram qilib yaratgan inson zotining qalb atalmish daraxtiga ham ba’zan til atalmish bolg‘a bilan so‘z atalmish mixlar qoqiladi. Garchi keyin xatolar tan olinib, uzr so‘ralib, u “mix”lar sug‘urib olinsa-da, o‘rnida chandig‘i, dog‘i qoladi... Sen o‘shanday mixlarni qoqishdan saqlan. O‘zingni idora qilishni, jahlingni jilovlashni o‘rgan!..
Darhaqiqat, inson qalbi go‘yo nafis bir oynaga o‘xshaydi. U darz ketsa, keyin hech qachon aslidagidek tiklanmaydi. Shunday ekan, har doim Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga o‘xshab muomila qilishni o‘rganaylik hech bo‘lmasa harakat qilaylik. Alloh hammamizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin! Zero, ko‘ngil – Yaratganning nazargohidir.
Qudsiy hadislardan birida Alloh taolo: “Men sizlarning na suratingizga va na chiroylaringizga qarayman. Balki qalblaringizga qarayman va sizlardagi yaxshi xislatlardan rozi bo‘laman”, degan.
Akbarshoh Rasulov