Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Yanvar, 2025   |   19 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:45
Peshin
12:39
Asr
15:42
Shom
17:26
Xufton
18:44
Bismillah
19 Yanvar, 2025, 19 Rajab, 1446

Ixtilof dinimizga zarardir

14.02.2023   619   4 min.
Ixtilof dinimizga zarardir

O'zining Kalomi sharifida “Agar bilmasangiz, zikr ahlidan so'rang”, deb marhamat qilgan Allohga hamdu sanolar bo'lsin.

 

“Ixtilof qilmanglar! Yana qalblaringiz ixtilofli bo'lib qolmasin!”, degan suyukli Payg'ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga salovotu salomlar bo'lsin.

 

Har bir masalani Qur'on va hadis orqali batafsil bayon qilib, bizlarga faqatgina amal qilishnigina qoldirib ketgan ulamolarimizga Allohning rahmati bo'lsin.

 

Haqiqattan ham ahli sunna val jamoa ulamolarimiz aqiydaviy masala bo'ladimi, fiqhiy hukmlar bo'ladimi - barchasi haqida kechalarini bedor qilib, ne zahmatlar ila ularni bayon qilib ketganlar. Endilikda bizlarga ularni o'rganib, tushunib, hayotga tatbiq qilish va amal qilish qolyabti, xolos.

 

Ba'zi johil, ilmsiz kishilarni uchratamizki, ularning xayoli, butun fikri-yu zikri faqat ixtilofda, musulmonlar necha asrlardan beri toyilmay amal qilib kelayotgan ishlarda fitna chiqarish bilan ovora bo'ladilar. Chunki ular bu ishga o'zlari haqli bo'lmasdan turib, dalillar borasida aqllari etmasdan turib kirishib olganlar, endilikda ularga to'g'ri yo'l ko'rsatilsaham anglamaydilar.

 

Alloh taolo “Anfol” surasining 46-oyatida ixtilof, o'zaro tortishuvning zararlarini bayon qiladi.

 

وَأَطِيعُوا اللَّهَ وَرَسُولَهُ وَلَا تَنَازَعُوا فَتَفْشَلُوا وَتَذْهَبَ رِيحُكُمْ ۖ وَاصْبِرُوا ۚ إِنَّ اللَّهَ مَعَ الصَّابِرِينَ

 

“Allohga va uning Rasuliga itoat qiling. O'zaro nizo qilmang, u holda tushkunlikka uchraysiz va kuch-quvvatingiz ketadir. Va sabr qiling. Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilandir”.

 

Demak, zaiflashish va kuch-quvvatning ketishiga asosiy sabab o'zaro tortishish, ixtiloflarga berilish va bundan kelib chiqadigan parokandalik ekan.

 

Ibn Masud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir kishining bir oyatni o'qiganini eshitdim, men Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan bundan boshqacha o'qiganlarini eshitgan edim. Shunda uni Nabiy sollallohi alayhi vasallamning oldilariga olib kelib, U zotga bor gapni aytdim. U zotning yuzlaridan yoqtirmaganlarini payqadim. Shunda U zot: “Ikkingiz ham to'g'ri qilgansiz. Ixtilof qilmanglar, chunki sizlardan avvalgilar ixtilof qilishdi va halok bo'lishdi”, dedilar”.

 

Ustozlarimizdan birlari aytgan edilar, saf masalasini o'qiganimda Abu Hanifa va Abu Yusuf rohimahumallohlar bir fatvoni aytganlar. Imom Muhammad bo'lsa boshqa fatvoni aytganlar. Bizning diyorlarda bo'lsa Imom Muhammadnikiga amal qilinadi. Hayron bo'lib, yugurib borib ustozimdan nimaga biz Abu Hanifa va Abu Yusuf rohimahumoallohlarning fatvosini olmaganmiz, deb so'rasam, ustozim siz nima uchun ularni olmaganmiz, deb emas, nimaga Imom Muhammadning fatvosini olganmiz, deb qidiring deya javob berganlar. Haqiqiy ulamolar ana shunday yo'lni tutganlar, ya'ni, xalqni tafriqaga solishga emas, balki birlashtirishga harakat qilganlar.

 

Hulosa o'rnida aytish mumkinki, hozirgi kunda ba'zi hukmlar borasida ixtilofga tushib qolinsa, arab tilini bilmaydigan, diniy ma'lumoti bo'lmaganlar Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari kabi ulamolarning kitoblariga murojat qilishi mumkin. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari xalqimiz orasida tushunmovchilikka sabab bo'lgan masalalarni jamlab, “Ixtiloflar: sabablar, echimlar” nomli alohida kitob ham ta'lif etganlar. Shuningdek, Diniy idora qoshida fatvo markazi mavjud bo'lib, o'sha joyga xoh internet orqali, xoh telefon orqali savollarimizni berib, o'sha zahoti ulamolardan batafsil va ilmiy asoslangan javoblarni olishimiz va oramizdagi ixtiloflarni bartaraf etishimiz mumkin.

 

 

Temirov Ibrohimjon

 

Mir Arab oliy madrasasi o'qituvchisi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Videolar

Solih bandalar

19.01.2025   9139   31 min.
Solih bandalar

 

To‘liq video

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov