Londondagi eng yirik masjidlardan biri Turkiya va Suriyadagi tabiiy ofat qurbonlari uchun katta miqdorda xayr-ehson yig'di.
Birinchi kunlardanoq Sharqiy London masjidi zilzila qurbonlariga Islamic Relief va Diyanet UK kabi xayriya tashkilotlari bilan hamkorlikda gumanitar yordam uchun resurslarni qidirishni boshladi.
Sharqiy London masjidida juma kuni xayriya jamg'armasiga 60 000 funt (72 000 dollar) yig'ildi, deya xabar bermoqda Anadolu agentligi.
"Hayriya yig'ish kampaniyasi juma namozidan so'ng, Islamic Relief bilan hamkorlikda, tashkilot direktori Tufail Husaynning hissiyotlarga to'la murojaatidan so'ng bo'lib o'tdi.
"Men Buyuk Britaniyadagi opa-singillarimiz va birodarlarimizning hamdard bo'lishlaridan juda ta'sirlandim", - dedi Turkiyaning Britaniyadagi elchisi Umit Yalchin.
Kelgusi haftalarda London masjidi Turkiya va Suriyadagi zilzilalarning oqibatlarini bartaraf etish uchun mablag' to'plashni davom ettiradi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Sulaymon ibn Surad roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Ikki kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida so‘kishib qoldi. Ikkisidan birining ko‘zlari qizarib, tomirlari bo‘rtib chiqa boshladi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Men agar u aytsa, undagi bu narsa ketadigan kalimani bilaman. U “A’uzu billahi minash-shaytonir rojiym”dir», dedilar. Bas, u: «Menda jinnilik bor deb o‘ylaysanmi?» dedi» (To‘rtovlari rivoyat qilishgan).
G‘azabi chiqishining oldini olish niyatida bo‘lgan odam «A’uzu billahi minash-shaytonir rojiym»ni aytib yurmog‘i lozim. Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga: “Sizlardan kimda-kim g‘azablansa, tik turgan bo‘lsa, o‘tirib olsin, g‘azabi ketsa ketdi, bo‘lmasa yonboshlasin”, dedilar (Abu Dovud va Ahmad rivoyati).
Albatta, bu ishlarning g‘azabni so‘ndirishi tajribada ham sobit bo‘lgan.
Imom Abu Dovud Abu Voil Ossdan quyidagi rivoyatni keltiradi: «Urva ibn Muhammad Sa’diyning oldiga kirgan edik. Bir odam gapirib, uning g‘azabini qo‘zg‘adi. Shunda u o‘rnidan turib, tahorat qildi. So‘ngra: “Otam menga bobom Atiyya roziyallohu anhudan ushbu rivoyatni aytib bergan edi”, deb quyidagilarni aytdi: Atiyya Sa’diy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “G‘azab shaytondandir. Shayton esa olovdan yaratilgandir. Olov suv bilan o‘chiriladi. Kimning g‘azabi kelsa, tahorat qilib olsin”, dedilar (Abu Dovud rivoyati).
Albatta, mazkur va shunga o‘xshash choralar g‘azabni qaytarish uchun qo‘llaniladigan yordamchi choralardir. G‘azabning asosiy chorasi esa Allohga bo‘lgan iymon, qiyomatdan umidvorlikdir. G‘azabi chiqqan odam darhol Alloh taoloni eslashi, U Zot har bir narsani ko‘rib-bilib turganini va hamma narsani hisob-kitob qilishi shubhasizligini yodga olishi zarur.
Shuningdek, g‘azabni ishga solib yomonlik qilsa, qanday jazo olishini, g‘azabini yutib ortga qaytsa, qanday savoblar olishini o‘ylashi lozim.
“Ruhiy tarbiya” kitobi asosida tayyorlandi