Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyun, 2025   |   28 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
24 Iyun, 2025, 28 Zulhijja, 1446

Qur'oni karimdagi qaysi sura tasbeh bilan boshlanib, tasbeh bilan tugaydi?

09.02.2023   5896   2 min.
Qur'oni karimdagi qaysi sura tasbeh bilan boshlanib,  tasbeh bilan tugaydi?

 

Hashr surasining ilk oyatlari Allohga tasbeh bilan boshlanib: “Osmonlar va Yerdagi (barcha) narsalar Allohga tasbeh aytur. U Aziz (qudratli) va Hakim (hikmatli)dir” (Hashr surasi, 1-oyat), so'nggi oyatlari ham tasbeh bilan yakunlanadi: “Osmonlar va Yerdagi (bor) narsa Unga tasbeh aytur. U Qudratli va Hikmatli (zot)dir” (Hashr surasi, 24-oyat).

“Hashr” – “Jamlab surgun qilish” degan ma'noni anglatadi. Yigirma to'rt oyatdan iborat ushbu sura Madinai munavvarada, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga “Bayyina” surasi nozil qilingan so'ng nozil bo'lgan.

Hashr – Qiyomat kunining nomlaridan biri sanaladi. Oxiratda insonlarning barchasi mahshargohda to'planadi. Hayotlik vaqtlarida qilgan har bir yaxshi va yomon amallari uchun Alloh taoloning oldida javob berishadi.

Ma'qil ibn Yasor roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim tong ottirganda uch marta “A'uzu billahis-samiy'il a'liym minash shaytonir rojiym” deb turib, “Hashr” surasining oxiridan uch oyatni tilovat qilsa, Alloh unga etmish ming farishtani vakil qilib qo'yadi. Ular unga kech kirguncha salavot aytadilar. Agar u o'sha kuni o'lsa, shahid holida o'ladi. Kim o'shalarni kech kirganda aytsa, xuddi o'shandoq bo'ladi», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Davron NURMUHAMMAD

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar

Marhumlar uchun Qur’on tilovati

23.06.2025   2047   2 min.
Marhumlar uchun Qur’on tilovati

Ulamolar Qur’on tilovatining savobi dunyodan o‘tganlarga yetadi deganlar.  Hanafiy mazhabining imomlaridan Abu Ja’far Tahoviy “Aqidatu Tahoviya” kitobida: “Tiriklarning duo va sadaqalaridan o‘lganlarga manfaat bordir”, deb keltiradi.

“Ro‘za, namoz, Qur’on qiroati va zikr kabi badaniy ibodatlarni qilib o‘tganlarga bag‘ishlasa savobi yetadimi, yo‘qmi” degan masalada biroz ixtilof bor.  Imom Abu Hanifa, Imom Ahmad ibn Hanbal va jumhur ulamolar “Badaniy ibodatning savobi o‘lganlarga yetadi”, deganlar.  

Ibn Hoj “Madhal” kitobida: “Kim qiroati hech xilofsiz mayitga yetishini xohlasa, shu ishini “Ey Alloh! Qiroatimning savobini falonchiga bergin”, deb duoga aylantirsin”, deydi.

Ibn Hoj agar Qur’on tilovatidan keyin duo qilib, uning savobi marhumga bag‘ishlansa, bu yerda  ixtilof qolmaydi, demoqdalar. Yurtimizda urf bo‘lgan marosimlarda ham xuddi mana shunday yo‘l tutiladi va bu amal shar’an joiz hisoblanadi.

Dinimizda inson o‘lishi bilan unut bo‘lmaydi, ularning tiriklar zimmasida haqlari bo‘ladi. Shuning uchun ham Islomda o‘tganlarning haqlariga duo qilishga targ‘ib etilgan. Qur’oni karimda o‘tganlarning haqiga mag‘firat so‘rab duo qilgan mo‘minlar zikr qilinadi. 

Alloh taolo Hashr surasi 10‑oyatda shunday marhamat qiladi: “Ulardan keyin kelgan zotlar ayturlar: «Ey Rabbimiz! O‘zing bizlarni va bizdan ilgari imon bilan o‘tganlarni mag‘firat etgin va qalblarimizda imon keltirgan zotlarga nisbatan gina paydo qilmagin! Ey Rabbimiz! Albatta, Sen mehribon va rahmli zotdirsan!”.

Ushbu ilohiy ta’lim asrlar osha musulmon olamida amalda joriy bo‘lib kelgan. Shu bilan birga, o‘tganlarning nomidan yaxshi amallar qilib, savobini ularga bag‘ishlash ham bevosita Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning tavsiyalari bilan joriy qilingan amaldir. Bu mavzuga oid ta’limotlarni chuqur o‘rgangan ulamolar Qur’on tilovat qilib, savobini o‘tganlarning haqiga bag‘ishlash ham mazkur shar’iy ko‘rsatma ostiga doxil ekanini ta’kidlaydilar. 

Xulosa shuki, bir qancha manbalarda Qur’on qiroatining savobi vafot etganlarga yetib borishi aytilgan. «Hidoya», «Badoi’», «Bahr» va boshqa kitoblarda bu haqda yetarlicha ma’lumotlar topiladi. Shunday ekan, bu boradagi har xil noto‘g‘ri fatvolarga e’tibor bermaslik kerak.

To‘raqo‘rg‘on tumani "Yandama" jome masjidi imom xatibi Abduraxim Surobbayev

Manba: http://t.me/Softalimotlar