Kelinim homiladorligining uchinchi oylarida shifokor tavsiyasi bilan ul'tra tovush tashxisini qildirdik. Shifokor homilani tekshirib, sog'lom, yuragi yaxshi urayotganini aytdi. “Tabriklayman, nevarangiz qiz ekan”, deb, qog'ozga yoza boshladi. Qizmi, o'g'ilmi Allohning ne'mati, ko'rsatganiga shukr.
Biror oy o'tib, kelinim ko'chadan gap topib keldi. “Oyijon uyga qaytayotsam, ko'cha boshidagi qo'shni ayol: “Mening ko'zimga ko'rinadi, kelinposhsha, qiz ko'rasiz” deb, oy kunigacha aytib berdilar.
Hayron bo'lib qoldim. Bir soatdan keyin nima bo'lishini bilmaymiz. Ular bo'lsa oy kunigacha aytishga jur'at qilishadi. Hattoki Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham g'ayb ilmidan bexabar bo'lganlar.
Oysha onamiz (roziyallohu anho) bunday deganlar: “Kim Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) ertaga nima bo'lishini aytadilar, deb o'ylasa, Alloh taologa katta bo'hton qiladi. Alloh taolo bunday marhamat qilgan:“Ayting: “Osmonlar va erdagi birorta g'aybni bilmaydi. Faqat Alloh biladi” (Naml, 65. Imom Muslim rivoyati).
Alloh taolo Qur'oni karimning A'rof surasida marhamat qiladi:
“Sen: “O'zim uchun Alloh xohlaganidan tashqari, na foyda va na zararga molik emasman. Agar g'aybni bilganimda, yaxshilikni ko'paytirib olgan bo'lar edim va menga yomonlik etmas edi ...” deb ayt” (188-oyat).
Ibn Umar (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: “G'ayb ilmlari beshtadir, ularni Alloh taolodan o'zga bilmaydi. Bachadonlar qachon tashlashini, ertaga nima bo'lishini, qachon yomg'ir yog'ishini, har bir tirik jon qayerda o'lishini va qiyomat qachon qoim bo'lishini Alloh taolodan o'zga bilmaydi” (Imom Buxoriy rivoyati).
O'zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi
Munira ABUBAKIROVA
Bismillahir Rohmanir Rohiym
حدثنا عباس الدوري نا محمد بن بشر العبدي نا مجمع بن يحيى عن عثمان بن موهب عن موسى بن طلحة عن طلحة قال: قلت: يا رسول الله كيف الصلاة عليك ؟ قال: قل :اللهم صل على محمد كما صليت على إبراهيم إنك حميد مجيد وبارك على محمد وعلى آل محمد كما باركت على إبراهيم إنك حميد مجيد.
Muso ibn Talha roziyallohu anhu Talha roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Yo Allohning Rasuli, sizga salavot qanday aytiladi?” deb so‘radim.
U zot alayhissalom: “Allohumma solli ’alaa Muhammadin kamaa sollayta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd. Va baarik ’alaa Muhammadin va ’alaa aali Muhammadin, kamaa baarakta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd”, deb ayt”, dedilar.
Salavotning ma’nosi: “Allohim! Ibrohimga salavot yo‘llaganingdek, Muhammadga ham salavot yo‘llagin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan. Ibrohimga barakot berganingdek, Muhammad va Muhammadning oilasiga ham barakot bergin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan”.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD