Buyuk Britaniyaning Charities Aid Foundation’s tashkiloti har yili dunyoning 119 mamlakatida so'rovnomalar o'tkazib, xayriya va beminnat ko'mak ishlarida qaysi xalq vakillari faol ekanini aniqlab, reyting tuzadi.
Mana beshinchi yildirki, ketma-ket indoneziyaliklar reytingda birinchilikni egallab, sayyoradagi eng saxiy xalq deb tan olindi, deya xabar beradi Coconuts Jakarta nashri.
So'rovda ishtirok etgan mamlakat aholisining 68 foizi moddiy xayr-ehsonlar yoki ko'ngilli ishlar orqali muhtojlarga yordam berishga tayyorligini bildirgan. Tadqiqotga ko'ra, indoneziyaliklarning qariyb 80 foizi xayriya ishlariga pul ajratadi va 60 foizga yaqini o'z mehnati va vaqtini sarflaydi.
Reytingda ikkinchi o'rinni Keniya egalladi, u erda aholining 61 foizi xayriya faoliyati bilan shug'ullanadi, Amerika Qo'shma Shtatlar fuqarolari 59 foiz bilan uchinchi o'rinda turibdi.
Shunisi e'tiborliki, o'tgan yillardagi pandemiya va iqtisodiy qiinchiliklarga qaramay, indoneziyaliklar xayriya ishlarini yanada ko'paytirib, saxovat ko'rsatishda mamlakat tarixidagi rekord natijani qayd etishdi.
Internet materiallari asosida tayyorlandi.