Kishi jamiyatda qanday mavqeda bo'lishidan qat'i nazar bolalariga nisbatan bola bo'lishi kerak. Ular bilan vaqt o'tkazganda tadbirkormi, kosibmi, dehqonmi, shifokormi, binokormi, kim bo'lsa bo'lsin, o'zligini unutib bolalarning muhitiga moslasha olishi kerak. Kerak bo'lsa, bolalarning o'yinlarini ular bilan qo'shilib o'ynashi lozim. Bu narsa farzand bilan ota-ona orasidagi rishtalarni yanada mustahkamlaydi. Orada devorlar paydo bo'lishiga yo'l qo'ymaydi.
Ammo ba'zilar bunday qilish ota-onaning farzandlar oldidagi hurmatini tushiradi deb o'ylashadi. Afsuski, qaynonam shunday fikrlaydigan kishilar toifasidan edilar. Bolalar bilan o'ynagan vaqtlarim menga ko'p dakki berardilar. Yosh bolalar ichiga kirib o'ynash o'z hurmatini oyoqosti qilishdir derdilar. Katta odam bolalar oldida viqor bilan tursa, hurmati joyida bo'ladi, aks holda, bolalar uning gapini bir tiyinga ham olmaydigan bo'lib qoladi deb hisoblardilar.
Lekin men qaynonamning gaplariga, menga har ikki kunning birida beradigan tanbehlariga sabr qilar edim. Ularga qattiq gapirmasdim. Ayniqsa bolalarning oldida yumshoq ohangda gapirib, qaynonamning gaplarini tilda bo'lsa ham ma'qullab qo'yardim. “Sen bolalar bilan o'ynab aqling ham bolalarnikidek bo'lib qolibdi deb” dilimga ozor bersalar ham doim yaxshi munosabatda bo'lishga harakat qilardim. Farzandlarimga, ayniqsa, qizlarimga yomon o'rnak bo'lmay derdim.
Qaynonam menga shuncha dashnom berishlariga qaramasdan farzandlarim bilan birga o'ynashdan, ularga o'z dunyoqarashlari bilan muomala qilishdan to'xtamadim. Allohning inoyati ila bolalarim gapimni ikki qilishmas, nima buyursam o'sha zahoti bajarishardi. Odob-axloqlari joyida edi. O'yin bilan jiddiy gapimning farqiga borishardi. Shukrki, qaynonam aytganlaridek meni nazar-pisand qilmaydigan, quloqsiz bola bo'lishmadi. Qaynonam kun sayin ko'zni quvontiradigan odob bilan o'sayotgan nevalralarini ko'rib menga oldingidek tanbeh bermay qo'ydilar.
Bir kuni bolalar bilan odatdagidek, “Men bu erdaman” o'yinini o'ynayotgandik. Bu o'yin qoidalariga ko'ra, bir bola ko'zini bog'lab boshqalarni qidiradi. Boshqa bolalar esa “Men bu erdaman” deb ko'zi bog'langan bolani chalg'itib kulishadi, hazil-huzul qilib qochishga harakat qilishadi. Bu juda qiziq o'yin. Bir payt o'yinga berilib ketib bir chekkada kuzatib turgan qaynonamni payqamay qolibman. Endi gap eshitsam kerak deb tursam, qaynonam jilmayib “Men ham sizlar bilan o'ynay” deb hammamizni hayron qoldirdilar. Bolalar ham o'yinoariga kutilmagan “o'yinchi”ning qo'shilganidan quvonib darrov buvisining ko'zlarini bog'lashdi. Keyin “men bu erdaman”lab buvisini kuldirib, yugurtirib rosa charchatishdi.
Hozir qaynonam juda o'zgarib, bolajon bo'lib qolganlar. O'sha kundan keyin menga bolalar bilan o'ynash haqida umuman tanbeh bermay qo'ydilar. Men oshxona ishlaridan bo'shab, bolalar bilan o'ynashga kelsam, buvisi allaqachon ular bilan o'yinni boshlab yuborgan bo'ladilar. Shunday paytlarda qaynonamning dashnomlariga qo'rs-qo'pol javob qaytarmay sabr qila olganim uchun Robbimga shukrlar aytaman. Menga sabrni qaynonamga esa haqiqatni ko'radigan basirat ko'zini tortiq qilgan Allohga hamdlar bo'lsin!
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining
“Farzand tarbiyasida 700 ta saboq” kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini boyitish va takomillashtirishga qaratilgan loyihalar doirasida ishchi guruh rahbarlari bilan muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati