Diniy tashkilot – diniy ehtiyojlarni birgalikda qondirish yoki qondirishga ko'maklashish maqsadida tuziladigan va diniy marosimlarni ado etish asosida ish ko'radigan ixtiyoriy, teng huquqli va o'z-o'zini boshqaruvchi uyushma. Ayni vaqtda diniy tashkilotlar fuqarolarning vijdon erkinligini kafolatlovchi tuzilmalardan hisoblanadi.
Diniy tashkilotlarning ta'limoti, tarixiy an'analari, diniy uyushmalar tuzilishida tutgan o'rni va roli turli-tuman bo'lishi mumkin. Fuqaroning Diniy tashkilotga a'zoligi uning huquqiy maqomini, jumladan boshqa shaxslar bilan tengligini cheklab ko'ya olmaydi. Diniy tashkilotlarning eng muhim belgisi – ularning o'z-o'zini boshqarishidir, ya'ni, ular ma'muriy jihatdan davlat idoralaridan ajratilgan. Diniy tashkilotlarning faoliyati qonunlarga zid kelmasa, davlat ularning ichki aqidaviy ishlariga aralashmaydi. Ular o'z ustav va nizomlariga muvofiq tashkil topish va ish yuritish, xodimlarni tanlash, tayinlash va almashtirish huquqiga egadirlar.
Diniy tashkilotlarning ustavlari ularning tuzilishi, diniy ta'lim va faoliyatning boshqa masalalarini belgilab beradi. Ba'zi diniy tashkilotlar iyerarxiya tizimida tashkil topgan. Masalan, O'zbekiston musulmonlari idorasi, Rus pravoslav cherkovining Toshkent va O'rta Osiyo Yeparxiyasi, masjidlar, cherkovlar, o'quv yurtlari, mahalliy tashkilotlar va o'z boshqaruv organlariga ega. O'zbekistan Respublikasining "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida"gi (2021 yil yangi tahrirda qabul qilingan) qonunida ta'kidlanganidek, O'zbekistan Respublikasi fuqarolarining dinga e'tiqod qilish, ibodat, rasm-rusum va marosimlarni birgalikda ado etish maqsadida tuzilgan ko'ngilli birlashmalari – diniy jamiyatlar, diniy o'quv yurtlari, masjidlar, cherkovlar, sinagogalar, monastirlar va boshqalar Diniy tashkilotlar deb e'tirof etiladi.
Tegishli ustav asosida faoliyat yurituvchi respublika diniy uyushmalari O'zbekistan Respublikasining Adliya vazirligi tomonidan ro'yxatga olinadi. Viloyat, tuman va shahar, shaharcha va qishloq hududida bo'lgan Diniy tashkilotlar tegishli viloyatlar, shuningdek, Toshkent shahar hokimligi adliya boshqarmalari tomonidan ro'yxatga olinadi. Diniy tashkilot ro'yxatga olingandan so'ng u yuridik shaxsga aylanadi. Diniy tashkilot yuridik shaxs sifatida qonunlarga va o'z nizomiga muvofiq holda huquqlardan foydalanadi hamda majburiyatlarni o'taydi. Diniy tashkilot rahbarining tashkilot ustavini ro'yxatdan o'tkazishdan bo'yin tovlashi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka olib keladi. Ro'yxatdan o'tmagan Diniy tashkilotlarning faoliyat ko'rsatishiga yo'l qo'ygan mansabdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo'ladilar.
Diniy tashkilotlar faoliyati ikki holda: ular o'z nizomlariga muvofiq tugatilganda va "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'gisidagi” Qonuni yoki boshqa qonun hujjatlariga rioya qilinmaganda to'xtatiladi. Diniy tashkilot faoliyatini to'xtatish haqidagi qaror O'zbekistan Respublikasi Adliya vazirligi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimligining adliya boshqarmalari tomonidan qabul qilinadi.
Diniy tashkilotlar qabul qilingan qaror ustidan sudga shikoyat qilish huquqiga ega, shikoyat fuqarolik ishlarini yurituvchi sud tomonidan ko'rib chiqiladi. Diniy tashkilotlar tasarrufida binolar (masjidlar, cherkovlar, sinagogalar, kirxalar, monastirlar, ibodatxonalar va boshqa inshootlar), korxonalari (bosmaxonalar, fermalar, badiiy-tikuv tsexlari va hakazolar), ijtimoiy va xayriya ob'ektlari (etimxonalar, qariyalar uylari va hakazolar), diniy anjomlar (diniy kitoblar, ikonalar, shamlar va hakazolar), ular faoliyatini ta'minlash uchun zarur transport vositalari, pul va boshqa mulklar bo'lishi mumkin. Diniy tashkilotlarning mulkiy huquqi qonun tomonidan himoya qilinadi.
Habibulloh Saidov, Termiz shahar “Hakim Termiziy” jome masjidi imom noibi
#xabar #kirish_imtihoni #sana #manzil
2025-2026 o‘quv yili uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari hamda Toshkent islom instituti Modul ta’lim shakli uchun kirish imtihonlari sanasi va manzillari bilan tanishing:
1-hudud: JOYLASHUV (https://maps.app.goo.gl/Vmbm88k5b7tJg9WH6)
29-31 iyul kunlari Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi "Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf" jome masjidi majlislar zali;
2-hudud: JOYLASHUV (https://maps.app.goo.gl/4LDn82ij51CtGkzq5)
5-7 avgust kunlari Namangan viloyati Namangan shahridagi "Hidoya" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi;
3-hudud: JOYLASHUV (https://maps.app.goo.gl/E5fnbp9h4M34JbMV9)
11 avgust kuni Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi;
4-hudud: JOYLASHUV (https://maps.app.goo.gl/NwTKBd1QPhnj66sG9)
13 avgust kuni Buxoro viloyati Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasi;
5-hudud: JOYLASHUV (https://maps.app.goo.gl/sLRA2EXo4rfrHhNPA)
15 avgust kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi "Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi.
Imtihon sanalari hududlardagi abituriyentlar sonidan kelib chiqqan holda belgilangan.
Ma’lumot o‘rnida abituriyentlar o‘zining imtihon ruxsatnomasida ko‘rsatilgan hududdagina imtihon topshirishi mumkin. Boshqa hududlarda qabul qilinmaydi. Shu bois ulardan o‘zlari tanlagan hududda bo‘lishlari talab etiladi.
Hurmatli abituriyentlar! Qabul imtihonlari to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumotlarni O‘zbekiston musulmonlari idorasi va diniy ta’lim muassasalarning rasmiy sahifalarida kuzatib boring.
Imtihon ruxsatnomasini olish tartibi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
2025-2026 o‘quv yili qabul jarayonlari haqidagi so‘nggi yangiliklarni @qabulmuslimuz (https://t.me/qabulmuslimuz) telegram sahifasida kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati