17 yanvar' kuni O'zbekiston elchixonasi diplomatlari Malayziya poytaxti Qirollik politsiyasi rahbari Azmi bin Abu Qosim bilan ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun uchrashuv o'tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Muzokaralar chog'ida Malayziya tomoni O'zbekistonda sud-huquq sohasini yanada takomillashtirishga qaratilgan keng ko'lamli islohotlar, shuningdek, mamlakatda jinoiy huquqbuzarliklar, diniy ekstremizm va terrorizmning oldini olish bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan batafsil tanishtirildi.
Malayziya tomoni O'zbekistonning ma'rifat yo'li bilan radikallashuv, diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish borasidagi, jumladan, islom dinining asl qadriyatlariga nisbatan yondashuvlarini yuksak baholadi. Mamlakat rahbariyati tomonidan Yaqin Sharqdagi qurolli to'qnashuvlar zonasidan o'z fuqarolarini vataniga qaytarish bo'yicha olib borilayotgan insonparvarlik siyosati alohida e'tiborga loyiqligi ta'kidlandi.
Shu bilan birga, suhbat davomida poytaxtda istiqomat qilayotgan fuqarolarimizning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida elchixona va Qirollik politsiyasi o'rtasida amaliy hamkorlikni tashkil etish yuzasidan fikr almashildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Kecha, 6 may kuni Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasida “Yilning eng yaxshi islom tarixi o‘qituvchisi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, viloyat bosh imom-xatibi, Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elov, hay’at a’zolari, ta’lim muassasalari rahbarlari, pedagog-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Musobaqa davomida ishtirokchilar 4 ta shart bo‘yicha bahs olib bordi. Ularning chiqishini malakali hakamlar hay’ati baholab bordi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra quyidagilar g‘olib deb topildi:
1-o‘rin: “Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi Muhammadyahyoxon Mahmudov 1-darajali diplom, “Haj” safari yo‘llanmasi va smart televizor bilan mukofotlandi.
2-o‘rin: Toshkent islom instituti o‘qituvchisi Xalilulloh Yusupov, 2-darajali diplom, “Umra” safari yo‘llanmasi va smart televizor bilan taqdirlandi.
3-o‘rin: Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi Sanjar Berdiyevga 3-darajali diplom va zamonaviy muzlatgich taqdim etildi.
Tanlovning qolgan 10 nafar ishtirokchisiga faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Aytish joizki, ushbu tanlov O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari pedagog-o‘qituvchilari o‘rtasida har yili o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati