Endi ixtilofning yomonligi haqida Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo'lgan ba'zi hadisi shariflar bilan qisqacha tanishib chiqaylik:
Birinchi hadis:
Imom Muslim rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Ixtilof qilmanglar, yana qalblaringiz ixtilofli bo'lib qolmasin», deganlar.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qaytargan narsadan qaytmog'imiz lozim. U zot bizni ixtilof qilishdan qaytarib tursalar-u, biz o'zaro ixtilof qilib tursak, qandoq bo'ladi?! Hadisi sharifda ixtilofning yomon oqibati alohida ta'kidlanmoqda. Bu qalblarning ixtilofli bo'lib qolishidir.
Ha, bir-ikki bor ixtilof sodir bo'lgandan keyin, uning ta'sirida qalblar ixtilofli bo'lib qolsa, Alloh ko'rsatmasin, keyin o'shanday qalb egalarining boshlari shubhasiz kelishmovchilik va urush-janjallardan chiqmay qoladi.
Ikkinchi hadis:
Muhaddislarimiz Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda u kishi quyidagilarni aytadilar: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga issiq paytda borgan edim, bir oyat haqida ixtilof qilgan ikki kishining ovozlarini eshitib qoldim. Shu payt Rasululloh sollallohu alayhi vasallam chiqdilar, yuzlaridan g'azab bilinib turar edi. Bas, u zot:
«Albatta, sizdan oldin o'tganlar Kitob haqida ixtilof qilganlari uchun halok bo'lganlar!» dedilar».
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o'z sahobalaridan ikkitalarini bir oyat haqida ixtilofga tushishlaridan g'azablanishlari bejiz emas ekan. Chunki ular o'zlari sezmagan holda, tarixdagi eng katta xatolardan birini takrorlashayotgan ekan. U ham bo'lsa, ilohiy kitob haqida ixtilof qilishdir. Oldin o'tgan ummatlar o'zlari tufayligina mag'lubiyatga uchraganlar».
Yangiqo'rg'on tumani "Poromon" jome masjidi imom xatibi Zamirbek Yo'ldoshev
Shu yil 8 may kuni Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasida vakillik tasarrufidagi masjid imom-xatiblari o‘rtasida “Moturidiy ta’limoti bilimdoni” nomli intellektual bellashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Buxoro viloyatidagi vakili, Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elov kirish so‘zi bilan ochib, bellashuvning ma’naviy, ilmiy va tarbiyaviy ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Viloyat bosh imom-xatibining o‘rinbosari Otabek domla Avezovga esa tanlov tartib-qoidalarini tushuntirdi.
Bellashuv quyidagi to‘rt shart asosida o‘tkazildi:
1. Taqdimot sharti
2. Moturidiy ta’limoti bo‘yicha savol-javob;
3. Diniy-ma’rifiy sohadagi davlat siyosatiga oid savol-javob;
Tanlov ishtirokchilari moturidiylik ta’limotining asosiy qoidalari, aqidaviy yechimlari va mantiqiy-ilmiy asoslari yuzasidan o‘z bilimlarini namoyon etdi.
Bellashuv yakunlariga ko‘ra quyidagi jamoalar g‘olib deb topildi:
• 1-o‘rin: Moturidiy me’rosxo‘rlari;
• 2-o‘rin: E’tiqod durdonalari;
• 3-o‘rin: Aqida imomlari.
Mazkur tanlov Imom Abu Mansur Moturidiyning ilmiy merosini chuqur o‘rganish, uni keng targ‘ib qilish va bu orqali sof e’tiqod, ilm va ma’rifat asoslarini jamiyatda mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati