Siyrat ulamolarning ta'kidlashicha Islomdagi birinchi fitna Hazrati Usmon roziyallohu anhu davriga to'g'ri kelishini aytadilar. Birinchi fitna deb nomlanishiga sabab shuki, Rasululloh solallohu alayhi vasallamdan keyin ham turli fitnalar bo'lgan lekin ommaviy tus olmagan. Hazrati Usmon roziyallohu anhu davrida esa fitnalar qulfi sindirilgan edi. Voqe'ani qisqacha bayon qiladigan bo'lsak, bir kuni Hazrati usmon ro'za tutgan hollarida namozgohda Qur'on o'qib o'tirgan edi. Nogahon fitnachilar qo'llarida qurol bilan u zotning joniga qasd qilish niyyatida yashirincha orqalaridan kirib borishdi. Ulardan biri Usmon roziyallohu anhuga yaqinlashib qo'lidagi zaharlangan pichoq bilan zarba berdi. Zarb kuchidan Hazrati Usmon roziyallohu anhu hushsiz bo'lib erga yiqildi. Muborak qoni esa tilovat qilib turgan Qur'on sahifasi ustiga sochildi. Karomatni ko'ringki qon sochilgan joyi fitnagarlar haqidagi oyat edi. Oyatning mazmuni: “Alloh sizni ulardan tezda himoya etadi. Alloh eshituvchi va dono zotdir”.
Yana qurollangan shaxslardan biri Hazrati Usmon tomoniga yaqinlashib zarba bermoqchi bo'lgan edi ayoli noila u zotni himoya qilib ustiga tashlandi. Fitnachining keskir qilichi noilani qo'l va barmoqlarini kesib yubordi. Fitnachilar Hazrati Usmonni o'lganini bilgach, uylari va undagi narsalarni talon taroj qilishdi. Ular Allohdan qo'rqmadilar. Qur'oni karimni ham hurmat qilmadilar va urush harom qilingan zulhijja oyini ham e'tiborga olmadilar. Zero, bu ayanchli voqe'a hijriy 35 yil, 8-zulhijjada sodir bo'lgan edi. Demak fitna boshlanganida hurmatga sazovor muqaddas narsalarning hech qanday hurmati qolmas ekan. Demak yuqoridagi voqe'adan xulosa qiladigan bo'lsak fitnalar jamiyatni parokanda qilib, odamlar orasida turli nizolarga sabab bo'lar ekan. Oxir oqibat bu ziddiyatlar qon to'kilishi bilan yakun topar ekan.
Alloh taolo barchamizni hidoyatidan adashtirmasin. Amin.
Mir Arab oliy madrasasi o'qituvchisi
Madaminzoda Abdulatif Baxtiyorjon o'g'li tayyorladi.
Qumqo‘rg‘on tumanidagi "Xo‘jamulki" mahallasida "Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi" doirasida keng jamoatchilik va aholi vakillari ishtirokida qizg‘in obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Bu tashabbus mahalla hayotiga yangicha ruh baxsh etib, hamjihatlik va ezgulik muhitini yanada mustahkamlamoqda.
Azaliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan hashar an’anasi asosida mahalla ahli bir yoqadan bosh chiqarib, o‘z hududini yanada obod, fayzli va ko‘rkam maskanga aylantirish yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Har bir fuqaroning qalbida Vatanga muhabbat, mahallaga ehtirom tuyg‘usi jo‘sh urib, ular bunyodkorlik ishlariga faol hissa qo‘shmoqdalar.
Xususan, mahalla hududidagi muqaddas qadamjolardan biri – "Xo‘jamulki ota" qabristonida keng ko‘lamli tozalash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Hashar ishtirokchilari tomonidan qabriston hududi begona o‘tlar va chiqindilardan puxta tozalanib, qabr ustilari tartibga keltirilmoqda. Shuningdek, ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar yaratish borasida zarur ishlar olib borilib, ajdodlar xotirasiga chuqur ehtirom ko‘rsatilmoqda.
Bu kabi ezgu tashabbuslar mahallada obodlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash bilan birga, ajdodlarimiz xotirasiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etadi. Ayni paytda, yosh avlodga milliy qadriyatlarimizni singdirish, ularni Vatanga muhabbat va mehnatsevarlik ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga egadir. Bugungi hashar – kelajak avlod uchun namuna, ertangi kun uchun mustahkam poydevordir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Surxondaryo viloyati vakilligi Matbuot xizmati