Bir kishi Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning oldiga kelib, rizqining torligidan shikoyat qildi.
Ali roziyallohu anhu:
– Ehtimol sen to'mtoq qalam bilan yozarsan? – dedi. U:
– Yo'q, – dedi. Hazrat Ali:
– Ehtimol siniq taroq bilan soch tararsan? – dedi. Haligi kishi:
– Yo'q, – dedi. Hazrat Ali:
– Ehtimol o'zingdan yoshi katta odamning oldiga tushib yurarsan? – dedi. U:
– Yo'q, – dedi. Ali karramallohu vajhahu: .
– Ehtimol bomdod namozidan keyin kun chiqmasdan uxlarsan? – dedi. U:
– Yo'q, – dedi. Hazrat Ali:
– Ehtimol ota-onangning haqqiga duo qilmay qo'ygandirsan? – dedi. U:
– Ha, – dedi. Shunda Ali roziyallohu anhu:
– Ularni eslab turgin. Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan eshitganman. U zot: “Ota-onaga duo qilishni tark etish rizqni kesadi”, deganlar, – dedi.
Har namozdan keyin ikki daqiqangizni ota-onangizga duo qilishdan qizg'anmang.
Homidjon qori IShMATBYeKOV
Imom Abu Homid G‘azzoliy aytadilar: "Agar Alloh seni mol-dunyodan qisganini, ustingda balo va musibatlarni ko‘paytirganini ko‘rsang, bilginki, sen Uning huzurida azizsan. Uning huzurida darajang bor, seni avliyo va asfiyolari yo‘lida yurg‘izib qo‘ygandir. U seni ko‘rib turgan.
Alloh taoloning: "Robbingning hukmiga sabr qil, albatta sen ko‘z o‘ngimizdasan. Va qoyim bo‘lgan paytingda Robbingni hamdi bilan poklagin", deganini eshitmaganmisan?"