frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Johillikning davosi

13.01.2023   2464   4 min.
Johillikning davosi

Jaholat va johillikning eng asosiy davosi kitob o'qishdir. Zero, kitob insonning eng yaqin do'sti va maslahatchisi, aql qayrog'i va bilim manbaidir. Unga oshno kishi dunyo va oxirat sharifi bo'lgan ilmni egallaydi.

Alhamdulillah, yurtimizda barcha soha­larga oid bo'lgan kitoblar va adabiyotlar kun sayin ortib bormoqda. Birgina diniy yo'nalishda tafsir, Qur'oni karim ma'nolar tarjimasi, hadis, aqida va boshqa fanlarga oid ko'plab kitoblar ona tilimizda nashr etilmoqda. Ularni mutolaa qilish kerak, xolos.

O'tmishda ota-bobolarimiz Qur'on, ha­dislar bilan birgalikda “Hamsa”, “Bobur­noma”, “O'tgan kunlar”, “Mehrobdan chayon” singari badiiy adabiyotlar va xalq og'­zaki ijodi namunalarini o'qib-aytib ulg'a­yishgan. Bugun oramizda bu bebaho ma'­na­viy boylikni qadriga etmayotganlar ham talaygina. Aksariyat yoshlar ham, kattalar ham ijtimoiy tarmoqqa bog'lanib, kitob mutolaasiga bee'tibor bo'lmoqda. Natijada ularning ma'naviyati, tafakkur quvvati zaiflashdi. Hayotda ro'y berayotgan ayrim noxushliklarning ildizi esa o'sha ilmsizlik va kitob o'qimaslikning achchiq mevasidir. Bunday noxush holatlardan saqlanish uchun aqlni ilm va kitob mutolaasi bilan charxlab turish lozim.

Har qanday yangilik ham bir kun kelib eskiradi, biroq insoniyatning ming yillar davomida qo'lga kiritgan durdonalarini o'zida jamlagan kitoblar aslo eskirmaydi. Buni ulug' zotlardan bizgacha etib kelayot­gan bebaho asarlardan anglash mumkin.

Imom Muhammad ibn Hasan Shayboniy kitob o'qish asnosida murakkab bir masalaga echim topganlaridan xursand bo'lib: “Bunday lazzatni podshohlarning bolalari ham ko'rmagan”, deganlar.

Buyuk muhaddis Imom Abu Dovud Sijis­toniy o'ziga kiyim tiktirganida, uning engini keng qilib tiktirar, qayerga borsa, o'sha englarida kitob bo'lar ekan. Bo'sh vaqt topildi deguncha, kitob mutolaasiga kirishar ekan.

Mashhur ulamolardan Abul Faraj ibn Javziy bunday deydi: «Men kitob mutolaasidan hech to'ymaganman. Agar o'zim o'qib ko'rmagan birorta kitobni ko'rib qolsam, go'yoki xazinaning ichiga tushib qolgandek bo'lardim. Agar, “yigirma ming mujallad kitob o'qib chiqqanman”, desam ham, mubolag'a qilmagan bo'laman, lekin kitob o'qishda davom etaman», degan ekan.

Hasan ibn Sahl aytadi: «Ma'mun uxlaganda atrofida kitoblar turar edi. Uxlashdan oldin ham kitob o'qir edi. Uyqu­dan uyg'onib ketganda ham kitob o'qir edi. U inson shunday vasiyat qilar edi: “Yolg'izlik vahshatini kitob o'qish bilan enggin. Albat­ta, kitob­lar so'zlovchi tillar va tikilib tu­ruvchi ko'zlardir”».

Husayn Voiz Koshifiy: “Axloqi Muhsi­nin” asarida bunday deydi: “Eng yaxshi suhbatdosh va eng maqbul do'sti ulfat ulug'­larning ki­tobidir”. Jaloliddin Rumiy masnaviylarida ke­ladiki: .

Izlama kitobdan yaxshiroq hamdam,

Chunki suhbatdoshdir har qachon, har dam.

U dilga rohatu jonga orodir,

Sen neki istasang, unda paydodur.

Bundoq latif hamdam kim ko'rmish, ey yor,

Undan ranj ham etmas, ranjitmas zinhor.

Kitob ilmu donish va ma'naviy ozuqa ho­­sil qilishning asosiy manbaidir. Shun­day ekan, kitobni do'st bilmoq va unga eh­tirom ko'rsatmoq har birimizning vazi­famizdir. .

Otabek YuLDOShYeV,

Arnasoy tumani bosh imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan ko‘cha rekonstruksiya qilinmoqda

14.08.2026   19039   1 min.
Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan ko‘cha rekonstruksiya qilinmoqda

Samarqandning tarixiy qismida turizm infratuzilmasini keng ko‘lamli yangilash ishlari davom etmoqda. Amalga oshirilayotgan loyihalarning asosiy maqsadi xorijiy sayyohlarning qolish muddatini uzaytirish, qulay shahar muhitini yaratish va bir vaqtning o‘zida mahalliy aholining hayot sifatini oshirishdan iborat.

“Samarkandskiy vestnik” nashriga ko‘ra, turizmni rivojlantirish dasturi doirasida eski shaharning 13 ta ko‘chasi bosqichma-bosqich zamonaviy piyodalar yo‘lagiga aylantirilmoqda. Bu yerda yangi xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etilmoqda, jamoat joylari obodonlashtirilmoqda, milliy me’morchilik an’analarini saqlab qolgan holda muhandislik kommunikatsiyalari va bino fasadlari yangilanmoqda.

Eng yirik loyihalardan biri Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan Buxoro ko‘chasini rekonstruksiya qilish bo‘ldi. Ko‘chaning 850 metr qismi to‘liq piyodalar hududiga aylantiriladi. Loyihani ishlab chiquvchilardan biri, Samarqand davlat texnika universiteti o‘qituvchisi Jasur Berdiqulovning ta’kidlashicha, ilgari bu yerda qatnov qismining torligi tufayli muntazam ravishda tirbandliklar yuzaga kelgan, qulay piyodalar yo‘laklarining yo‘qligi esa piyodalar uchun jiddiy noqulayliklar tug‘dirgan. Ishlar yakunlangach, ko‘cha xavfsiz jamoat maydoniga aylanadi. Aholi uchun alohida to‘xtash joyi ajratilgan bo‘lib, transport vositalarining kirishiga faqat zarurat tug‘ilganda maxsus xizmatlarga ruxsat beriladi. Shu bilan birga, suv, gaz, elektr va boshqa muhandislik tarmoqlari to‘liq modernizatsiya qilinmoqda.

Oltin asr mahallasida joylashgan Bag‘dod ko‘chasida ham ishlar davom etmoqda. Bu yerda 600 metrlik hudud obodonlashtirilmoqda. Loyiha doirasida zamonaviy turizm va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini yaratish, kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari