Latviyada rus tilida nashr etiladigan «Freecity» jurnalida «Turizm O'zbekiston iqtisodiyotining harakatlantiruvchi kuchlaridan biriga aylanmoqda» sarlavhali maqola bosilib chiqdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Unda O'zbekiston o'z iqtisodiyotida turizmga alohida o'rin ajratayotgani qayd etilgan. «Sayyohlik bu yil pandemiyadan tiklanmoqda, deyiladi maqolada. – 2022 yil sentyabr' oyiga kelib O'zbekistonga kelgan xorijlik sayyohlar soni 2021 yilga nisbatan uch baravar ko'paydi. Yil boshidan buyon sayyohlik eksporti hajmi 926 million dollarni tashkil etdi. Horijiy sayyohlarning qolish muddati o'rtacha 4-5 kunga, xarajatlari esa 305 dollargacha oshdi. Mahalliy sayyohlar soni ham o'tgan yilga nisbatan 3,5 barobarga ortib, 7,5 million kishiga etdi».
Maqolada O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Samarqandda «Buyuk ipak yo'li» xalqaro sayyohlik markazi tashkil etilgani ma'lum qilingan. Ushbu ko'p funktsiyali markaz 8 ta zamonaviy mehmonxona, kongress-xoll, «Boqiy shahar» majmuasi, amfiteatr va boshqa ko'plab inshootlarni o'z ichiga oladi.
Materialda kayd etilganidek, O'zbekiston turizmining yana bir istiqbolli yo'nalishi bu ziyorat turizmidir. O'zbekistonda 1,2 mingdan ortiq ziyoratgoh bor. Agar bu imkoniyatdan to'liq foydalanilsa yiliga kamida 1 million sayyohni jalb qilish mumkin.
«Umuman olganda, kelgusi yili 7 million xorijiy va 12 million mahalliy sayyohni jalb qilish, sayyohlik xizmatlari eksportini 2 milliard dollarga etkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjud», deb yozadi «Freecity».
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot markazi
O‘zbekistondagi 2025 yilgi Haj mavsumi shu yil 13 maydan boshlanadi. 28 mayga qadar har kuni yurtimizdan Saudiya Arabistoniga aviaqatnovlar amalga oshiriladi.
Ziyoratchilar yurtimizning 9 ta hududidagi Toshkent, Buxoro, Namangan, Samarqand, Qarshi, Termiz, Urganch, Navoiy va Nukus shaharlaridagi aeroportlar orqali Madina shahriga to‘g‘ridan to‘g‘ri uchadi.
Aviaparvozlar Uzbekistan Airways bilan birga FlyNas va FlyAdeal aviakompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi.
Haj tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari jadal davom etmoqda:
– Ziyoratchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi;
– Emlash ishlari olib borildi;
– Guruh rahbarlari va shifokorlar biriktirildi;
– Safar oldidan amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi;
– Hujjatlar rasmiylashtirildi.
Shuningdek, har bir ziyoratchiga quyidagilar taqdim etilmoqda:
– "Haj – buyuk ibodatdir" qo‘llanmasi, sumka, nimcha, termos, soyabon, sim-karta va quvvatlagich.
Ayni paytda guruh rahbarlari ziyoratchilar bilan Haj amallari bo‘yicha suhbatlar olib bormoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlarida Haj amallari haqidagi suhbatlar, tavsiyalar va maqolalar taqdim etilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati