Musulmonlar orasida turli ixtiloflarni qo'zg'ayotgan bemazhablarning faoliyatlari ham o'ziga xos. Odatda, ixtilofni qo'zigan shaxs odamlarga ko'rinmaydi. Balki o'z odamini yuborib, «falonchiga mana bu savolni ber, u unday desa, sen bunday degin» qabilida gap o'rgatadi. Haligi odam uning aytganini qilib, musulmonlar ichida ixtilof qo'zg'aydi. Bu holat bir emas, bir necha kishidan, bir necha marta takrorlangandan keyin, ixtilof tarqalib, o'z kuchini ko'rsata boshlaydi. Ba'zi odamlar, biz noto'g'ri ish qilayotgan ekanmiz deb, ixtilofchiga ergashadi. Boshqalari shubhaga tushadi. Uchinchisi: «Shu paytgacha qilgan ibodatimiz nima bo'ldi?» deydi va hokazo. Oxiri, odamlar orasida katta noxushlik sodir bo'ladi.
Bu paytda ixtilofchilarning «mulla»si o'zining yugurdaklariga yana boshqa bir ixtilofni o'rgatib, ularni kishilar ichiga yuborishga tayyorlayotgan bo'ladi. Yugurdaklar esa, o'zlariga aytilgan, ixtilof qo'zg'ash uchun to'qilgan safsatani to'tiqushdek takrorlashga oshiqayotgan bo'ladilar. Ammo asta-sekin ularning sirlari fosh bo'lib, basharalari ko'pchilik ichida namoyon bo'lmoqda.
Muhtaram imom domlalarimizdan birlari masjidda namozxonlarga bir masalani bayon qilibdi. U kishining oldiga bir odam kelib: «Siz xato qildingiz, aslida bunday bo'ladi», debdi. Domla: «Bu gapni qayerdan oldingiz?» desa, «kitobda bor», debdi. Imom domla: «O'sha kitobni olib keling, o'qib ko'raylik», debdi. Haligi odam kitobni olib kelib, mazkur masala yozilgan joyini qo'li bilan ko'rsatibdi. Domla o'qib ko'rsalar, «Bu masalada mana bu gapni aytganlar ham bor», deb ixtilofchining gapi yozilgan va davomida: «Ammo bu gapning to'g'risi bunday», deb domlaning gapi yozilgan ekan. Domla: «Mana, men aytgan gap to'g'ri ekan-ku», deb ko'rsatsalar, ixtilofchi: «Men o'qishni bilmayman», der emish. Arab tilini bilmaydigan odam o'sha tildagi kitobni ko'tarib olib, olim odam bilan tortishgani kelibdi!
Keyinchalik, ma'lum bo'lishicha, ixtilofchilarning «mulla»lariga ham ko'rsatmalar chet eldagi xo'jayinlaridan kelar ekan. Boshqacha qilib aytadigan bo'lsak, dunyo musulmonlari orasida ixtilof qo'zg'ash ishlari xalqaro markazdan boshqarib borilmoqda. Endilikda ixtilofchi bemazhablarning «mulla»lariga markazdan faks, elektron pochtada yoki internet orqali ko'rsatmalar kelmoqda. Ular mazkur ko'rsatmalarni tarjima qilib, yugurdaklarni ko'tarib olib, mo'min-musulmonlar ichida ixtilof urug'ini sochmoqdalar. Ushbu satrlarda zikr qilinayotgan ixtiloflar nafaqat O'zbekiston, O'rta Osiyo yoki MDH davlatlarida, balki butun dunyoda musulmonlarning boshini qotirmoqda. Biz «ixtilofchilar» va «Bemazhablar» deb atayotgan muxoliflarimiz kimlar?
© Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh. “Ixtiloflar sabablar echimlar" kitobidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Dunyo ko‘zingizga tor bo‘lib ketganda ushbu voqeani eslang
Yetti farzandning otasi edi. Uch o‘g‘il, to‘rt qiz. Katta o‘g‘il ikki yoshdan o‘tar o‘tmas vafot etdi. Ikkinchi o‘g‘il bir yarim yoshida vafot etdi. Uchinchi o‘g‘il ham emizikli vaqtida, o‘n yetti oyligida vafot etdi. Katta qizi turmushga chiqdi va lekin 28 yoshida bandalikni bajo keltirdi. Ikkinchi qizi ham turmushga chiqib, 21 yoshida u ham vafot etdi. Uchinchi qizi 27 yoshida vafot etdi. O‘g‘illari Qosim, Abdulloh, Ibrohim, qizlari Zaynab, Ruqayya, Ummu Kulsum hammalarini o‘z qo‘llari bilan yerga qo‘ydilar. Faqatgina, kenja qizlari Fotimagina o‘zlaridan keyin olti oygina yashadi.
Boshingizga biror tashvish yoki g‘am tushsa, yuqoridagi voqeani eslang. Voqea egasini tanigandirsiz?
Allohumma solli va sallim va barik ’ala Sayyidina Muhammad.