Bilingki, din ikki qismdan iborat: birinchisi, gunoh ishlarni tark qilish, ikkinchisi toatlarni bajarish. Toatlarni bajarishga ko'pchilikni qudrati etadi, ammo gunoh ishlardan qaytish ancha mushkul vazifa bo'lib, bu kishidan o'ta qat'iy iroda va jiddu jahd ko'rsatishni talab qiladi. Shu boisdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Muhojir yomonliklarni tark etgan kishi, mujohid esa o'zining havoi nafsi bilan kurashgan kishidir,” deb marhamat qilganlar.
Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam Hajjatul vado'da: “Mo'min kishi haqida sizlarga xabar berayinmi, dedilar. Insonlar o'zlarining mollari va jonlari undan omonda bo'lgan odam mo'mindir. Insonlar uning tilidan va qo'lidan salomat bo'lgan kishi musulmondir, mujohid o'z nafsiga qarshi Allohning toatida kurashgan, muhojir esa – xato va gunohlarni tark qilgan kishidir”, degan edilar. Bu haqda Ibn Moja o'zining “Fitnalar kitobi”da va boshqa lafz bilan Imom Termiziy “Jihod fazilatlari” kitobida rivoyat qilishgan.
Bilginki, sen Alloh taologa faqat tana a'zolaring vositasida ma'siyat qilasan, vaholanki, ular Alloh tomonidan senga berilgan ne'mat va huzuringdagi omonatdir. Ularni gunoh ishlarda ishlatishing o'sha berilgan ne'matlarga nisbatan kufroni ne'matning eng kattasi bo'ladi va senga topshirilgan omonatga xiyonat qilishda tug'yonga ketishning eng cho'qqisi bo'ladi.
Sening a'zolaring sening qo'l ostindagi ra'iyat hisoblanadilar. Ularni qanday boshqarishga bir nazar sol! “Har biringiz mutasaddisiz, har biringiz qo'l ostingizdagilar uchun mas'ulsiz.” (Hadis). Yana bilginki, har bir a'zoing Qiyomat kuni senga qarshi tilga kirib xaloyiq boshida seni fosh qilib guvohlik beradi. Alloh taolo Qur'oni karimning Nur surasi 24-oyatida: “U kunda – Qiyomatda qilib o'tgan (bo'htonlari) sababli ularning tillari ham, qo'l va oyoqlari ham o'zlarining ziyonlariga guvohlik berur” va Yosin surasining 65-oyatida: “Bu kun Biz ularning og'izlarini muhrlab qo'yurmiz. Va Bizga ularning qilib o'tgan ishlari haqida ularning qo'llari so'zlar va oyoqlari guvohlik berur,” deb marhamat qiladi.
Shunday ekan, biz ojiz bandalar, butun tana a'zolarimizni gunohu ma'siyatlardan asramog'imiz lozim.
davomi bor...
Abu Homid G'azzoliyning "Bidoyatul hidaya" asari.
Tarjimon R.Oxunjonov
Narpay tumani markaziy masjidi hisoblangan “Naqshbandiy” jome masjidining yangi binosi qurilishiga dastlabki g‘isht qo‘yildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda oqsoqollar, imomlar, ziyoli va mas’ullar ishtirok etdi.
Marosimda so‘z olgan Samarqand viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrulla domla Sattorov va tuman hokimi Sherbek Buranov masjid qurishning foydalari, katta savobligi, uning homiylar va hashar yo‘li bilan barpo etilayotgani tahsinga loyiqligini ta’kidladi.
Xayrli ishni boshlashdan oldin Qur’oni karim tilovat qilinib, ezgu amallar bardavom bo‘lishi, elu yurtga omonlik va farovonlik so‘rab, duoga qo‘l ochildi.
Ma’lumot o‘rnida ushbu yangi masjid ikki qavatdan iborat bo‘lib, jami 5 000 namozxonni o‘z bag‘riga oladi. Uning qurilish ishlari 2026 yilga qadar yakunlanishi mo‘ljallangan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
Matbuot xizmati