Cavol: Masjidga bemalol yurib keladiyu lekin erga o'tirib namoz o'qishga biroz qiynaladigan kishi stulda o'tirib namoz o'qishi mukinmi?
Javob: Bismillahir rohmanir rohiym.
Bunday odamlar o'tirgan holda ruku qilish va erga sajda qilishga qodir bo'lsalar, kursiga o'tirib namoz o'qishlari joiz emas. Chunki bu kishilar erga sajda qilishlari farz. Agar kursiga o'tirib namoz o'qisalar, bitta farzni, ya'ni erga sajda qilishni tark qilgan bo'ladilar.
O'tirgan holda erga sajda qila olmasa, unday kishilar kursida o'tirib namoz o'qishi joiz.
«Fatovoi Tatarxoniya» kitobida bunday deyiladi:
وَإِنْ عَجَزَ عَنِ الْقِيَامِ وَقَدَرَ عَلَى الْقُعُودِ، فَإِنَّهُ يُصَلِّي الْمَكْتُوبَةَ قَاعِداً بِرُكُوعٍ وَسُجُودٍ، وَلاَ يُجْزِئُهُ غَيْرُ ذَلِكَ
«Tik tura olmaydigan, lekin o'tira oladigan odam farz namozlarni o'tirgan holda ruku va sajda qilib o'qiydi. Bundan boshqacha o'qish unga joiz emas».
Bir kishi tik turishga ham, sajda va rukuga ham qodir bo'lmasa, o'tirgan holatda, imo-ishora bilan namoz o'qiydi. Sajdaga qilgan imo-ishorasi rukuga qilgan ishorasidan ko'proq bo'ladi, ya'ni pastroq egiladi.
وَإِنْ تَعَذَّرَا مَعَ الْقِيَامِ أَوْمَأَ بِرَأْسِهِ قَاعِدًا إِنْ قَدَرَ، وَجَعَلَ سُجُودَهُ أَخْفَضَ مِنْ رُكُوعِهِ
«Ruku-sajda qilish ham, tik turish uzrli bo'lsa, namozni o'tirgan holatda, boshi bilan imo-ishora qilib o'qiydi, sajdasini rukusidan pastroq qiladi» («Muxtasarul viqoya»).
Mana shunday bemorlar, ya'ni tik turishga ham, ruku-sajdaga ham qodir bo'lmagan kishilar kursiga o'tirib namoz o'qishlari durust bo'ladi, chunki ular tik tura olmagani va erga sajda qila olmagani uchun kursiga o'tirib, imo-ishora qilib o'qisa, imkon darajasidagi ishni qilgan bo'ladilar. Lekin afzali – erga o'tirib imo-ishora qilishdir, chunki ruku-sajda qila olmaydigan odam tik turib imo-ishora qilganidan ko'ra erga o'tirib, imo-ishora qilgani afzaldir.
Shu erda eslatib o'tamizki, tik tura olmaydigan odam deganda tik tursa qattiq og'riq sezadigan, kasalligi kuchayib ketadigan yoki tuzalishi kechikib ketadigan kishilar ham tushuniladi («Muhitul-Burhoniy»). Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.
Savol: Qur’oni karim oyatlari yozilgan qog‘ozlarni yerga tashlash yoki ulardan meva-cheva, pista-bodom va shunga o‘xshash narsalarni o‘rashda foydalanish holatlari uchramoqda. Bunga dinimizning munosabati qanday bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qur’oni karim oyatlari, hatto uning boshqa tilga o‘girilgan tarjimasi yozilgan varaqlardan siz aytgan holatlarda foydalanish noto‘g‘ri, balki og‘ir gunoh hisoblanadi. Chunki bu Qur’oni karimni tahqirlash va xorlash demakdir. Bunday ishlarni qasddan qilgan kishi iymonidan ayriladi. Qur’oni karimni ulug‘lab ehtirom qilish, tahoratsiz holda ushlamaslik, nojo‘ya joylarga qo‘ymaslik dinimizning qat’iy talabidir. Imom an-Navaviy rahimahulloh bu haqda shunday deganlar:
“Barcha musulmonlar Qur’on mus'hafini asrash va uni hurmat qilish farz ekaniga ijmo (ittifoq) qilishgan. Bizning mazhab ulamolari va boshqalar ham bunday deyishgan: "Agar bir musulmon Mus'hafni axlatxonaga tashlasa, u bu amali bilan kofir bo‘ladi (Alloh saqlasin)!” (“At-Tibyon” kitobi).
Yuqoridagilardan xulosa qilib aytganda, Qur’oni karimni hurmat qilish har bir musulmonning e’tiqodiy burchidir. Qur’on sahifalarini har qanday nojo‘ya maqsadda ishlatish, uni kamsitish — Allohning Kalomiga nisbatan ochiq behurmatlik bo‘lib, bu ish katta gunoh bo‘lishi bilan birga iymondan ayiruvchi razil amaldir. Tavfiq Allohdan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.