Savol. Bilimi yo'q bir kimsa imomlardan birortasiga taqlid qilishni o'ziga lozim tutmaydi. Balki o'z e'tiqodicha, har bir olimni muqtado va peshvo deb biladi. U o'z davridagi taqvodor va dindor olimning aytganiga qarab amal qiladi. Bu xilda birorta mazhabga bog'liq bo'lmasdan, birortasiga taqlid qilmasdan amal qilishning hukmi nima?
Unga javob. Qadimgi va hozirgi ulamolar muayyan mazhabga bog'liq bo'lishning lozimligi borasida ixtilof qilib keladilar. Ayrim olimlar muayyan mazhabga taqlid qilishni vojibligini aytganlar. Alloma Mahalliy Shofi'iy «Jam' al-javome'» sharhida yozganlar:
يجب على العامى و غيره ممن لم يبلغ مرتبة الاجتهاد التزام مذهب معين من مذاهب المجتهدين يعتقده ارجح من غيره او مساويا له و ان كان فى نفس الامر مرجوحا على المختار، انتهى
«Omiga va ijtihod martabasiga etmagan boshqaga mujtahidlarning mazhablaridan o'zicha boshqasidan ko'ra ustunroq yoki teng deb e'tiqod qilgan birorta muayyan mazhabni lozim tutishi vojib bo'ladi. Garchi amalda o'sha mazhab ustun bo'lmasa ham mayli. Ixtiyor qilingan gap mana shudir». Tamom.
Imomi humom Kamoliddin ibn al-Humom «Tahrir al-usul» asarida bunday degan:
نقل الامام الاجماع على منع تقليد العوام لاعيان الصحابة و من بعدهم الذين وضعوا و دونوا على هذا ما ذكره بعض المتأخرين من منع تقليد غير الايمة الاربعة لانضباط مذاهبهم و تقييد مسائلهم و لم يدر مثلهم غيرهم الى الآن، انتهى
«Imom (muallif) avomlarning taniqli sahobalar va ulardan keyingi ilmlarni ajratib, tartib berib chiqqanlarga ergashishdan man qilinganligi to'g'risida ijmo'ni naql qilgan. Ayrim keyingi davr ulamolari to'rt imomdan boshqasiga taqlid qilishni man qilganlari zikr qilingan. Bu ularning mazhab tuzishlari, masalalarni qayd qilishlari kabilar hozirgacha birorta boshqa mazhablarda sodir bo'lmaganligi uchundir». Tamom.
Ayrim ulamolarning ixtiyor qilgani esa muayyan mazhabga taqlid qilish zarur emas. Har kimga o'zi xohlagan mazhabiga amal qilishi ixtiyorlidir. Biroq, shart shuki, biror mazhabni past sanamasin, o'zi amal qilayotgan mazhabga taassub qilmasin. Agar to'rt mazhabdan birortasiga taassub qilsa yoki haqorat qilsa, unga ta'zir berish vojibdir. Zulmanosib Shayx Ibn Hojib «Muxtasar al-Usul»da bunday deb keltiradi:
و لا يرجع عن قول المجتهد بعد تقليده اتفاقا و فى حكم آخر المختار جوازه لنا القطع لوقوعه و لم ينكر فلو التزم مذهبا معينا كمذهب مالك او الشافعى فثالثهما كالاول، انتهى
«Mujtahidga taqlid qilganidan so'ng ulamolar ittifog'iga ko'ra uning gapidan qaytib bo'lmaydi. Boshqa hukmga ko'ra uning joizligi ixtiyor qilingan. Bizningcha, bunday voqeaning yuz berishi qat'iydir, buni hech kim inkor qilmagan. Agar birorta muayyan mazhabni, masalan Molik yoki Shofi'iy mazhabi kabini o'ziga lozim tutsa, uchinchi mazhab avvalgisi kabi bo'ladi». Tamom.
Din imomlarining suyanchig'i Qozi Azud al-milla va-d-din mazkur asarning sharhida yozadi:
«Agar omi bir masalaning hukmida biror mujtahidning gapiga amal qilsa, undan boshqa hukmga qaytishi to'g'ri emas. Bunga ulamolar ittifoq qilganlar. Ammo boshqa bir masalaning hukmida boshqa mazhab hukmiga taqlid qilishi joiz bo'ladi, deyilgan. Sahobalar va boshqalar davrida bunday voqea yuz bergani uchun buning joizligi ixtiyor qilingan. Chunki, odamlar har bir asrda o'zlari xohlagan muftiylaridan fatvo so'rab kelganlar. Bir muayyan muftiyni hammasi lozim tutmaganlar. Bu holat keng tarqab, avloddan avlodga o'tib kelmoqda.
Agar bir muayyan mazhabni lozim tutsa yoki agar uni lozim tutmasa, bu borada uch xil qarash bor. Qat'iy birovini lozim tutish, lozim tutmaslik va keyingisi xuddi o'zi lozim tutmagan birinchisi kabidir, degan fikrlar. Agar biror voqea yuz bersa, bu borada bir mazhabning hukmiga ergashsa, undan qaytib bo'lmaydi. Boshqa masalalarda esa xohlaganiga ergashishi mumkin». Tamom.
«Musallam as-subut»da va uning sharhida Valiyulloh Laknaviy bunday deb yozganlar:
«Ko'pchilik olimlar fikricha, ilmda afzal turganida afzal bo'lmaganga taqlid qilish joiz bo'ladi. Bu fikrni aksari hanbaliylar yoqlaganlar. Uni Ibn al-Hojib ixtiyor qilgan, muallif ham ularga ergashgan. Imom Ahmaddan hikoya qilinishicha, ustun fikrga nazar solish vojib bo'ladi, degan. Bu imomiylar mazhabining ham ixtiyor qilganidir. Muqallid o'zi taqlid qilmayotgan mazhabiga taqlid qila oladimi? Amal qilmayotgan masalasida yoki ixtiyor qilgan hukmidan boshqasida taqlid qila oladi. Agar fatvo so'raganining fatvosiga qanoatlanadigan bo'lsa. Sahobalar davrining barchasida fatvo so'rovchilar bir marta biror mujtahidga ergashsa, boshqa marotaba umuman boshqa mujtahid so'ziga amal qilaverganlar. Muayyan bir mazhabni lozim tutsa, unda doim qolishi kerakmi? Qolishi kerak, deyilgan. Hatto ayrim takalluf qiluvchilar: «Hanafiy odam o'z imomining mazhabini tark qilsa, unga ta'zir beriladi», deganlar. Haqiqat shuki, ushbu gapning aslo dalili yo'q. Bu holda o'zicha shariat qilib olgan bo'ladi. Doim qolishi shart emas, deyilgan. «at-Taysir sharh at-Tahrir»da buni eng to'g'ri fikr deyilgan. Chunki, faqat Alloh taoloning o'zi vojib qilgan narsalargina vojib bo'ladi. Hullas, muayyan mazhabga taqlid qilish vojib bo'lmaydi, boshqasiga o'tish joiz bo'ladi. Lekin, uning bu ishi ulug' mujtahidlarni mensimaslik yoki hoyu havasi uchun bo'lmasligi lozim». Qisqartirilgan holda tamom.
Shuningdek, Bahr al-ulum Mavlono Abdulali «Musullam as-subut» sharhida va «at-Tahrir»ning sharhida muayyan mazhabga taqlid qilish shar'an vojib emasligini haqiqat deganlar.
Bu bobdagi tahqiq shuki, avomlarni bu xildagi masalalardan uzoq tutish lozim. Hususan, bizning zamondagi avomlarga bildirmaslik kerak. Ularning biror mazhabga taqlid qilishdan boshqa choralari yo'q. Agar farazan ular turli mazhablarni o'z xohishlaricha ixtiyor qilaveradigan bo'lsalar, dinda fitnalar yuz beradi, til ta'nalarni chiqaradi, ulug' imomlarni haqorat qilishlar paydo bo'ladi. Ayniqsa, Imom A'zam Abu Hanifa va boshqalar haqida aytadilar: «Bizning mazhablar bilan ishimiz yo'q. Bizga Allohning kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sunnatlari kifoyadir». Mazhablarga taqlid qilish dalillarga taqlid qilishning ayni o'zginasi, ekanini ular bilmaydilar. Alloh jalla va 'aloning mana bu buyrug'i:
فَاسْأَلُواْ أَهْلَ الذِّكْرِ إِن كُنتُمْ لاَ تَعْلَمُونَ
«Agar bilmasangizlar, zikr ahlidan so'ranglar!» (Nahl, 43) oyati karimasi bunga adolatli shohiddir.
Biror bilimsiz bir olimni muqtado qilib, unga suyanadigan bo'lsa, garchi o'tgan imomlar undan ko'ra taqvodorroq bo'lsa ham, uning uchun shu olim afzal bo'lib hisoblanadi. Demak, o'tgan imomlarga taqlid qilish o'rniga o'sha olimga taqlid qilishni afzal deb hisoblaydigan bo'lsa, bu yaxshi bo'lmagan ustunlikdir. Alloma Faxriddin az-Zayla'iy «Sharh Kanz ad-daqoiq»da, Shayx al-islom Badriddin Ayniy va boshqalar aniq qilib yozganlar:
الأحكام يتبدل بتبديل الأزمنة
«Hukmlar zamonlar o'zgarishi ila o'zgarib boradi».
Bunga guvoh sifatidi Abu Dovud Hazrati Oysha (r.a.)dan rivoyat qilgan:
لو أدرك رسول الله صلى الله عليه و سلم ما احدثه النسآء لمنعهن من المساجد كما منعه نسآء بنى اسرائل
«Agar xotinlar paydo qilgan narsalarni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ko'rganlarida edi, xuddi Bani Isroilning xotinlarini man qilingandek, ularni masjidlardan man qilgan bo'lardilar».
Shu sababdan «Hidoya» sohibi va Shams al-aimma Saraxsiy, balki jumla hanafiy va shofi'iy faqihlari bir necha o'rinda masalalarni yoritganlaridan so'ng bunday deb yozganlar:
لكن هذا مما لا يفتى به الناس
«Lekin bu odamlarga fatvo berilmaydigan masalalardandir!».
Fiqh kitoblariga nazar solib yuruvchiga bu ish maxfiy emas.
Demak, muhaqqiq olimlar nazdida muayyan mazhabni ixtiyor qilishning vojib emasligi haqidagi ravshan fikr bo'lsa-da, biroq, zamonamizdagi avomlar uchun ixtiyor qilingan fatvo muayyan mazhabga taqlid qilish vojib yoki mustahsan deyishdir. Chunonchi, bu ayrim olimlar fikri hamdir. Avomlarni ushbu mazhab borasida ixtiyorli bo'lishi ishidan hargiz, hargiz xabardor qilmaslik kerak. Mohir olim, mutaassibdan xoli dindor va taqvodor bo'lsa, o'zining ixtiyoridagi mazhabni tutaverishi albatta avlo va yaxshiroqdir. Orifi rabboniy Abdulvahhob Sha'roniy «Mezon»da yozadilar:
«Biror inson Sayyidim Ali al-Havossdan hozirda muayyan mazhabga taqlid qilish borasida, uning vojib yoki vojib emasligi haqida so'raydigan bo'lsa, unga aytar edilar: «Shariatning ayni shohidliklariga etmasang, Birorta mazhabga taqlid qilishlik senga vojib bo'ladi. Jami mazhablarning bir-biriga muttasil ekanini ko'radigan bo'lganingda esa senga taqlid vojib bo'lmaydi». Tamom.
Shoh Valiyulloh Dehlaviy «Hujjatulloh al-bolig'a»da yozadi:
«Tahrir qilib, tuzilgan to'rt mazhabga taqlid qilishning joizligiga bugungi kungacha ummat ijmo' qilib kelgan. Bunda masolihi mursala qoidasi borligi maxfiy emas. Hususan, himmatlar juda ham kamayib ketgan, nafslar havoga sho'ng'igan, har bir fikr egasi o'z fikri ila iftixor qiladigan bu kunlarda bu fikr ayniqsa muhim. Ibn Hazmning taqlid harom degan gapi xatodir». Tamom.
Yana «Iqd al-jiyd fiy ahkom at-taqlid»da qayd qilgan:
«Bilginki, ushbu to'rt mazhabni ushlashda katta maslahatli foydalar bor. Ulardan yuz o'girishda esa katta fasod-buzuqliklar bor. Biz senga buning bir necha jihatlarini bayon qilamiz:
Birinchidan, ummat shariatni tanishda o'tgan olimlarga suyanishga ijmo' qilib kelganlar. Demak, tobe'inlar sahobalarga suyanganlar, tab'a tobe''inlar esa tobe'inlarga suyanganlar. Shuningdek, har bir tabaqadagi olimlar o'zlaridan oldingilarga suyanganlar. Qabul qilish mana shu ishning yaxshi ekanligiga dalolat qiladi. Agar o'tgan olimlarning gaplariga suyanish aniq bo'lsa, suyanilayotgan ularning gaplari sahih isnod bilan rivoyat qilingan bo'lmog'i lozim yoki mashhur kitoblarda bitilgan bo'lmog'i kerak. Ushbu to'rtta mazhabdan boshqa hech bir mazhab bu xilda emas. Ey, Alloh! Imomiylar va zaydiylar mazhabi ham bor. Ular bid'at ahli bo'lib, ularning gaplariga suyanish joiz bo'lmaydi.
Ikkinchidan, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qilganlar: «O'zingizga katta jamoani – savodi a'zamni lozim tuting!». Haq mazhablardan faqat mana shu to'rttasi qolgan ekan, demak, ularga ergashishlik savodi a'zamga ergashishlik demakdir». Tamom.
Yana «al-Insof fiy bayon sabab al-ixtilof»da keltirgan:
«Odamlar avvalgi va ikkinchi yuz yilliklarda muayyan mazhabga taqlid qilishda jamlanmagan edilar. Ikkinchi yuz yillikdan so'ng odamlardan mazhablashuv yuz berdi. Muayyan mujtahidning mazhabiga suyanmaydigan kimsalar juda oz edi. Bu narsa ushbu davrda vojib bo'lgandi. Agar «Qanday qilib biror narsa bir zamonda vojib bo'ladi-yu, boshqa bir zamonda esa vojib bo'lmaydi, axir shariat bitta bo'lsa», deb so'ralsa, men javob beraman: «Asli vojib tafsiliy dalillardan far'iy hukmlarni taniy oladigan kimsaga taqlid qilishdir. Bunga haqiqat ahli ijmo' qilgan. Agar turli yo'llar vojib bo'ladigan bo'lsa, ta'yin qilmasdan yo'llardan birini tahsil qilish vojib bo'lib qoladi. Agar bitta yo'l bo'lsa, o'sha yo'lni maxsus muayyan qilinadi. Chunonchi, salafi solihlar hadislarni yozmas edilar. So'ng bizning davrimizda hadislarni yozib olish vojib bo'lib qoldi. Chunki, hadis rivoyatida ushbu kitoblarni tanishdan boshqa yo'l qolmadi. O'tganlar nahv-sarf va lug'at bilan ham mashg'ul bo'lmaganlar. Chunki, ularning tillari arabcha edi. So'ng bizning kunlarga kelib ularni o'rganish vojib bo'ldi. Demak, Hindiston va Movarounnahr shaharlarida shofi'iylarning ham, hanbaliylarning ham, molikiylarning ham mazhabi yo'q, ushbu mazhab kitoblari ham topilmaydi. Shuning uchun ushbu shaharlarda yashovchi bilimsiz insonga Abu Hanifa mazhabiga taqlid qilmog'i vojib bo'ladi, unga o'z mazhabidan chiqishi harom bo'ladi. Haramaynda yashagan kimsaga unday emas. Chunki, u erda jami mazhablarni topish imkoniyati bor». Tamom.
Gapning xulosasi shuki, bilimsiz kimsa biror mazhabni lozim tutmaydigan bo'lsa, taqvodor bir olimning gapiga amal qilsin. Shart shuki, o'sha bilimsiz dinni engil sanashdan, mujtahid imomlarga ta'na qilishdan va boshqa shunga o'xshash beodobliklarda xoli bo'lishi kerak. Shuningdek, u suyanayotgan olimning masalalarni tahqiq qilish bobida to'liq mahorati bo'lsin. Unda ham taassub asari bo'lmasin, uning tilidan mujtahid olimlarga ta'na qilish sodir bo'lmasin. Shu suratda o'sha kimsa muayyan mazhabni lozim tutmaslik bobida ixtiyorlidir. Lekin, bizning davrimizda na bunday dindor olim va na bunday bilimsiz taqvodor uchraydi. In sha-Alloh, bundaylar ham uchrab qolar….
Vallohu a'lam bi-s-savob va huva a'lamu bi-l-Kitob!
Abdulhay Laknaviy. Majmuat al-fatovo. 1-jild. – Laknav: Yusufiy, 1907. – B. 22-25.
Hamidulloh Beruniy tarjimasi
Hijriy II asrda ajrab chiqqan davlatlar
Islom olami roshid xalifalar davrida yagona davlat sifatida davom etdi. Umaviylarning davrida ham shunday bo‘ldi. Umaviylar qulashi bilan Islom olamida parchalanish boshlandi. Abbosiylar davlatining ba’zi bir bo‘laklari – amirliklar ajrab chiqib, o‘zlari alohida davlat sifatida mustaqil bo‘la boshladilar. Hijriy 138 (milodiy 756) yilda Andalusda paydo bo‘lgan umaviylar davlati ularning eng birinchisi bo‘ldi. So‘ng hijriy 140 (milodiy 758) yilda Mag‘ribda xorijiylar davlatiga asos solindi. Abbosiylar avvaliga ularni yo‘q qilishga urinib ko‘rishdi, so‘ngra iima bo‘lsa bo‘lsin, degan ma’noda tek qo‘yishdi.
O‘sha davrda ajrab chiqqan amirliklariiig barchasi ko‘proq Islom olamining mag‘rib tarafida bo‘lganini ko‘rish mumkin.
Ajrab chiqqan davlatlar
1. Umaviylar davlati. Andalusda. Hijriy 138–422 (milodiy 756–1031) yillar orasida.
2. Banu Midror davlati. Mag‘ribdagi Sijilmosa degan joyda. Hijriy 140–297 (milodiy 758–909) yillar.
3. Rustamiylar davlati. Jazoirda, O‘rta Mag‘ribda. Hijriy 160–296 (milodiy 777–908) yillarda hukm yuritishdi.
4. Idrisiylar davlati. Mag‘ribda, Marokashda. Hijriy 172–375 (milodiy 789–985) yillar.
5. Ag‘labiylar davlati. Qayruvon – Tunisda. Hijriy 174–296 (milodiy 801–908) yillar.
Andalusdagi umaviylar davlati
Andalusda tashkil etilgan umaviylar davlatining hukmronligi hijriy 138 yildan 422 yilgacha davom etdi (milodiy 756–1031 yillar).
Bu davlat Islom olamidan ajralib chiqqan birinchi mustaqil davlat edi. Ushbu davlatning asoschisi – Abdurrahmon ibn Muoviya ibn Hishom ibn Abdulmalik Umaviy. U umaviylar davlati inqirozga uchraganidan keyin Abbosiylar davlatidan qochib chiqib, Andalusga bordi va o‘zini Abdurrahmon Doxil deb atadi. O‘sha vaqtda Andalusda ishni Yusuf Fihriy Muzariy olib borar, muzariylar bilan yamoniylar o‘rtasida kuchli nizo bor edi. Abdurrahmon Doxil u yerga borgach, yamoniylar va umaviylar uning bayroq ostida birlashdilar va Qurtubaga, Yusuf tomon yurish qilib, u yerda jang qildilar. Urush bir yil davom etdi, oxiri Abdurrahmon g‘alaba qozondi va hijriy 138 yilda hokimiyatni egallab oldi.
Abdurrahmon g‘alaba qozongan mazkur urush Musora nomi bilan mashhur bo‘lgan. Abdurrahmonning ishi qamrovi kengayib, barcha sohillarni o‘ziga bo‘ysundirdi. Hattoki u abbosiylardan Shom yurtlaridagi hokimiyatni tortib olish haqida ham o‘ylay boshladi. Shunda Abu Ja’far Mansur Abdurrahmonni yo‘q qilish maqsadida bir necha marta unga qarshi lashkar yubordi. Hech bir natija bo‘lmagach, unga qarshi urush qilishdan to‘xtadi. Abu Ja’far Mansur Abdurrahmonga tan berib, uni «Quraysh lochini» deya atadi.
Mahdiy xalifa bo‘lganida Abdurrahmon Doxilga qarshi urush qildi, lekin u ham yengildi. Falabadan umidini uzgan Mahdiy ham uni o‘z holiga qo‘yishga majbur bo‘ldi.
Abdurrahmon Doxil hijriy 172, milodiy 788 yilda vafot etdi. Bu paytda davlatning poytaxti Qurtuba shahri edi.
Ushbu davlatning eng mashhur hokimlaridan Abdurramon III, ya’ni Abdurrahmon Nosir hijriy 300–350 (milodiy 912–961) yillarda o‘z hukmini yuritgan. U hokimiyatni egallagan paytda yurtda chuqur iztirob va beqarorlik hukm surardi. U barcha qo‘zg‘alonchilarni o‘ziga bo‘ysundirdi, so‘ngra nasroniylarning yurtlariga qarshi fath ishlarini olib bordi. Ularning ustidan bir qancha ulug‘ g‘alabalar qozondi. Shaxsan o‘zi askarlarga rahbarlik qilib, bir necha urushlarga olib bordi.
Bir marta hijriy 308 (milodiy 920) yilda uyushtirilgan Handaq urushida nasroniylardan yengildi. Lekin keyinroq ularni yengib, o‘z quvvatini tiklab oldi. Uning asrida Andalus o‘z hayotining oltin davrini yashadi. Aynan shu davrda Andalus o‘zining qudratini, go‘zalligini namoyon qildi, siyosiy tamaddun va me’morchilik sohasida buyuk yutuqlarni qo‘lga kiritdi va barchaning ehtiromiga, taqdiriga sazovor bo‘ldi.
Andalus diyorini shon-shuhratga to‘ldirgan ajoyib va yorqin madaniyat, u bilan til va din yagonaligi, iqtisodiy va insoniy aloqalar yordamida yaqindan bog‘langan arab va ispan madaniyatining bir qismi sifatida shakllangan edi.
Vizigot qirollarining hukmronlik yillarida Ispaniya u darajada rivojlanmagan, uning madaniyati yarimyovvoyi ahvolda edi. Musulmonlar tomonidan fath etilganidan so‘ng Ispaniya madaniyati gullab-yashnadi. Yuz yildan kamroq vaqt mobaynida shu paytgacha ishlov berilmagan yerlar haydaldi, huvillab yotgan shaharlar odamlar bilan gavjum bo‘ldi, ajoyib obidalar qurildi, boshqa xalqlar bilan savdo-sotiq aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Musulmonlar fan va me’morchilik san’atini jadal sur’atlar bilan rivojlantirdilar. Ular uzoq vaqt davomida butun Yevropa bo‘yicha ilmning yagona manbai bo‘lib kelgan oliygohlarga asos soldilar. Yunon va lotin tilidagi ko‘plab asarlar tarjima qilindi. Uch asr davomida Qurtuba, shubhasiz, «ko‘hna dunyo»ning eng yorqin shaharlaridan biri bo‘lib keldi.
Ijozatingiz bilan o‘sha vaqtlarda musulmon olamining Yevropaga tutashib turgan bo‘lagi – Andalusning ilmiy sohasidagi holat haqida ham ikki og‘iz so‘z yuritsak:
«Uchish moslamasini yaratish g‘oyasi aka-uka Raytlardan ming yil oldin andalusiyalik falakiyotchi va ixtirochi Abbos ibn Firnas at-Takurunniyda paydo bo‘lgan. 852 yilda u erkin hilpiraydigan, yog‘och cho‘plar tikilgan yengsiz keng kiyimda masjid tomidan sakraydi. Ibn Firnas qushga o‘xshab erkin parvoz qilishni niyat qilgan edi. To‘g‘ri, bu orzusi ushalmadi, lekin yuqoridan tushishini sekinlashtirgan uning egnidagi keng kiyimni birinchi parashyut deyish mumkin edi. Olimning o‘zi esa bir oz qo‘rquv va yengil lat yeyish bilan qutuldi. Bu ixtiro parashyutning ilk ko‘rinishi bo‘ldi.
875 yilda 70 yoshni qarshilagan ixtirochi o‘zining uchish moslamasini takomillashtirdi. Unda uchish jarayonini boshqarishning ilk ko‘rinishlari aks etgan edi. Bu qanotlari ipak matodan bo‘lgan, qushga o‘xshash moslama bo‘lib, uning yordamida havoda parvoz etish mumkin edi. Shu tariqa Abbos birinchi deltaplanni ixtiro qildi. U o‘z ixtirosini qo‘liga olib, Jabal al-Arus nomli tepalikdan sakraydi. Havo oqimlari olimni ko‘tarib, oldinga olib ketadi. Ko‘p ming sonli odamlarning ko‘z o‘ngida u havoda o‘n daqiqacha parvoz etadi va sezilarli balandlikka ko‘tariladi. Lekin yerga qo‘nish omadsiz bo‘lib, moslama o‘z ixtirochisi bilan birga pastga qulaydi. Abbos jiddiy jarohatlanadi. Keyinchalik u moslamaga dum qismini o‘rnatish orqali qo‘nishni osonlashtirish mumkinligini ta’kidlagan. Xuddi shu olimning o‘zi planetariy va artmillyar qubbani ko‘radi hamda vaqtni o‘lchash uchun o‘ziga xos asbob yaratadi. Oydagi kraterlardan biri uning ismi bilan nomlangan.
Andalusiyalik mashhur olim Abdulloh ibn Baytar (milodiy 1190–1248) o‘rta asrlarda yirik o‘simlikshunos va farmatsevt sifatida shuhrat qozongan bo‘lib, 1400 ga yaqin dorivor o‘simliklar va o‘tlarni tavsiflagan, ulardan 300 ga yaqini ilgari tabobatda ma’lum bo‘lmagan. Uning amalga oshirgan ishlari XVI asrgacha o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Ular orasida dorivor o‘simliklar haqidagi ilmiy asar alohida o‘rin tutadi.
Mashhur tabib Xalaf Zahroviy (milodiy 963–1013) jarrohlikni mustaqil fanga aylantirdi va ikki yuzga yaqin jarrohlik asboblarini tavsiflab berdi. U o‘rta asrlardagi eng buyuk musulmon jarroh va zamonaviy jarrohlikning ustozlaridan biri hisoblanadi. Uning ko‘pgina mavzularni qamrab olgan tibbiy matnlaridan ham musulmon, ham Yevropa mamlakatlarida olib borilgan jarrohlik amaliyotlarida to Uyg‘onish davrigacha foydalanilgan. Xalaf Zahroviyning jarrohlik va asboblar haqidagi «At-Tasrif» nomli ilmiy asari uning tibbiyot sohasi ilmiga, shuningdek, ushbu soha tarixiga qo‘shgan eng katta hissasidir. Mazkur kitob jarrohlik sohasining rivojlanishida alohida ahamiyat kasb etgan va ko‘pgina tillarga tarjima qilingan. Zahroviy ko‘plab murakkab jarrohlik amaliyotlarini muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirgan. U qalqonsimon bezning bir qismini olib tashlash jarayonini hali bu kabi amaliyotlar Yevropada amalga oshirish boshlanmasidan to‘qqiz asr oldin tavsiflab bergan. Zahroviy og‘iz bo‘shlig‘ida turli jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirgan, mahsus asboblar yordamida tishdagi toshlarni olib tashlagan, singanlarini davolagan va pastki jag‘ chiqishini muolaja qilgan. Uning ilmiy asarida tish sug‘urish asbobi – omburlarning har xil turlari tavsif qilingan. Tish katagining qonashida uni to‘yingan kuporos bilan to‘ldirishni yoki o‘sha yerga qizdirilgan asbob bosishni tavsiya qilgan. Qurtubadagi Zahroviy yashagan ko‘cha uning nomi bilan – «Calle Albucasis» («Abul Qosim ko‘chasi») deb ataladi. U mazkur ko‘chadagi 6-uyda yashagan bo‘lib, ushbu uy hozirda turizm bo‘yicha Ispaniya Kengashi tomonidan bronzadan yasalgan xotira taxtachasi (1977 yilning yanvar oyida taqdirlangan) bilan saqlab qo‘yilgan, bu taxtachada quyidagi so‘zlar bitilgan: «Bu Abul Qosim yashagan uy».
Andalusiyalik olim Jobir ibn Aflah (XII asr) o‘zining falakiyot va riyoziyot sohasidagi ixtirolari bilan shuhrat qozondi. U Klavdiy Ptolemey o‘zining mashhur «Almagest» nomli falakiyot sohasidagi ilmiy asarida yo‘l qo‘ytan xatolarni tuzatgan. Uning kuzatuvi ostida Sevilyada Yevropadagi birinchi rasadxona qurilgan. Jobir ibn Aflahning sharafiga oydagi Geber krateri uning nomi bilan atalgan.
Yana bir andalusiyalik falakiyotchi olim Nuriddin al-Bitrujiy (1204 yilda vafot etgan) bitgan asarlarning tarjimalari ham Yevropada katta qiziqish uyg‘otgan. Ptolomeyning sayyoralar harakati borasidagi nazariyasini tanqid qilgan holda, u samoviy jismlar harakatining yangi nazariyasini ilgari suradi. Oydagi Alpetragiy krateri uning ismi bilan atalgan.
Ma’lumki, Ibrohim al-Fazariy (milodiy 777 yilda vafot etgan) tomonidan usturlobni – yulduzlar joylashuvini aniqlash uchun ishlatiladigan burchakni o‘lchaydigan asbobning ixtirosi musulmon olimlarning astronomiya sohasiga qo‘shgan buyuk xizmatlaridan biri bo‘ldi. Ushbu asbob andalusiyalik olim Ibrohim az-Zarqaliy (milodiy 1028–1087) tomonidan takomillashtirildi. «Yassi usturlob» deb atalgan ushbu yangilangan asbob bir necha asr davomida sayyohlar va falakiyotchilarning talablarini qondirib keldi. Az-Zarqaliyning sharafiga oy sathidagi tog‘ tekisligi uning nomi bilan – Arzaxel deb nomlangan.
Atoqli andalusiyalik faylasuf Ibn Rushd (1126–1198) Arastuning (Aristotel) o‘rta asrlardagi birinchi sharhlovchisi hisoblanadi. Uning asarlari ta’sirida Fransiyada «lotin averroizmi» (Ibn Rushd ismining lotincha talaffuzi – Averroes) nomi bilan tanilgan oqim paydo bo‘ldi. Boshqa tarafdan, uning asarlari Ulug‘ Albert (milodiy 1206–1280) va akvinalik Foma (1226–1274) kabi faylasuflar qarashlarining shakllanishiga katta hissa qo‘shdi.
Qurtubalik musulmon olim Idrisiy (1100–1166) 850 yil oldin zamonaviy jo‘g‘rofiy xaritalarga yaqin bo‘lgan dunyo xaritasini tuzishga muvaffaq bo‘ldi.
Musulmonlarning riyoziyot sohasidagi yutuqlarini ham e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Ushbu yutuqlarga hatto zamonaviy Yevropa olimlari ham qoyil qolmoqdalar. Misol uchun, taniqli g‘arb olimi, professor Jak Risler shunday degan: «Uyg‘onish davridagi bizning riyoziyot ustozlarimiz musulmonlar bo‘lishgan».
Ta’kidlash lozimki, 950 yilda Andalusda Yevropadagi birinchi qog‘oz ishlab chiqarish fabrikasi qurilgan. «Ko‘hna dunyo»ning boshqa mamlakatlarida esa bunday fabrikalar ancha keyin paydo bo‘lgan: Rumda – 1100 yilda, Siqilliyada – 1102 yilda, Olmoniyada – 1228 yilda, Angliyada esa 1309 yilda.
Qurtubada aholi orasida deyarli to‘liq savodxonlikka erishilgan. Uning aholisi, olimlari va savdogarlari, jangchilari va mehnatkashlari – barcha-barchasi ilm olishga, ilmiy mubohasalar olib borishga, kitoblarni o‘qish va muhokama qilishga nihoyatda istakli edilar. Hatto Qurtubadagi ayollar orasida ham kitob yig‘ishga ishtiyoq kuchli edi.
Musulmonlar faoliyati ilm-fan, sanoat va san’atning barcha sohalarini qamrab olgan edi. Ular tomonidan amalga oshirilgan jamoatchilik ishlari rimliklar faoliyatidan ham kattaroq edi. Barcha yerlarda ko‘priklar, yo‘llar qurilar, sayyohlar uchun mehmonxonalar qad ko‘tarar, ularning adadi tobora oshib borar edi. Arxiyepiskop Ximenes keyinchalik Grenadada arab qo‘lyozmalarini yoqar ekan (ulardan sakson ming atrofida to‘plagan edi), o‘z dinining dushmanlari haqidagi xotiralarni tarix sahifalaridan butunlay o‘chirib tashlamoqchi bo‘ldi. Ammo ayon bo‘ldiki, ularning nomlari nafaqat yozma meroslari, balki musulmonlar Yer yuzida qoldirgan sonsanoqsiz mehnat maxsullari tufayli saqlanib qoldi.
Dengiz floti nihoyatda rivojlangan bo‘lib, uning vositasida Yevropa, Osiyo va Afrikaning barcha dengiz bo‘yi shaharlari bilan savdo-sotiq ishlari olib borilgan. Uzoq vaqt davomida musulmonlar O‘rta yer dengizining yagona xo‘jayinlari bo‘lishgan (Gyustav Lebon. «Arablar tamadduni», 1884).
Bir necha yuz yil ichida Ispaniyani ham ma’naviy, ham moddiy jihatdan o‘zgartirgan musulmonlar uni Yevropadagi (barcha xalqlar ustidan eng yuqori darajaga chiqarib qo‘yishdi. Hatto odob-axloq ham ulkan o‘zgarishlarga uchradi. Musulmonlar nasroniylarni eng qimmatli insoniy sifat- bag‘rikenglikka o‘rgatdilar (barcha hech bo‘lmaganda shunday bo‘lishga harakat qilardi). Ularning fath etilgan mamlakat aholisiga nisbatan marhamati shu darajada ediki, hatto nasroniy ruhoniylarga cherkov yig‘ilishlarini o‘tkazishlariga ijozat berilgan edi. 782 yilda Sevilyadagi yig‘ilish yoki 852 yilda Qurtubadagi yig‘ilish shu jumladandir. Arablar hukmronligi davrida ko‘rilgan ko‘plab cherkovlar ham ularning o‘z qo‘llari ostidagi xalqlar e’tiqodiga nisbatan hurmatini isbotlaydi. Musulmonlar Ispaniyasi Yevropadagi yahudiylar panoh topgan yagona mamlakat edi. Shuning uchun ko‘plab yevropaliklar bu yerlarga ko‘chib kelishgan.
Gyustav Lebonning yozishicha, Ispaniya arablarini bag‘rikenglikdan tashqari, oliyjanoblik xislatlari ham ajratib turardi. Ritsarlik qonunlari: zaiflarga shafqat qilish, mag‘lubga nisbatan marhamatli bo‘lish, berilgan so‘zga sodiq qolish va boshqalarni nasroniy mamlakatlar keyinroq qabul qildilar; odamlar qalbiga dindan ko‘ra mazkur qonunlar ko‘proq ta’sir ko‘rsatdi, bular esa Yevropada arablar sababli tarqalgan edi.
Omiriylarning xokimiyatni egallashi
Andalusda hijriy 366–399 (milodiy 976–1008) yillarda Hojib Mansur Omiriy mulkni, hukumatni o‘ziniki qilib oldi. U o‘n yoshli xalifa Hishomning vasiysi bo‘lgani va Banu umayyalarning zaiflashganidan unumli foydalandi. Mansur Omiriy o‘tkir zehnli, shijoatli va tadbirkor odam bo‘lib, qo‘zg‘alon va fitnalarni ustalik bilan bostirar edi. U nasroniylarga qarshi fath ishlarini davom ettirdi. Ko‘pincha urushlarga o‘zi rahbarlik qilar edi. Ellikta jang olib borilgan bo‘lsa, ularning birortasida mag‘lubiyatga uchramadi. Shimoli-g‘arbdan Ispaniyaning eng uzoq hududlarigacha yetib bordi. Yevropa podshohlarining barchasi uning haybatidan titrar edi.
Mansur Omiriydan keyin hokimiyatni o‘g‘li Abdulmalik oldi. U ham shijoatda, zakovatda huddi otasiga o‘xshardi. Abdulmalikdan keyin hokimlik uning ukasi Abdurrahmonga o‘tdi. Abdurrahmon otasi va akasidan ko‘ra anchagina zaif edi. U hijriy 399 yilda qatl qilindi. Ushbu hodisa bilan omiriylarning Andalusdagi hukmi nihoyasiga yetdi.
Hukmdorlik yana Banu Umayyaga qaytdi. O‘sha vaqtda Banu Umayyaning odamlari zaif bo‘lib, o‘zaro urushlar, nizolar tez-tez chiqib turardi. Nihoyat hijriy 422 (milodiy 1031) yilda ularning hukmi tugadi va Andalus turli amirliklarga bo‘linib, tarqalib ketdi. Hokimiyatni amirliklarning podshohlari egallab oldi. Bu haqda keyinroq batafsil so‘z yuritiladi.
Andalusdagi eng mashxur umaviy jokimlar:
1. Abdurrahmon Doxil. Hijriy 138–172 (milodiy 756–788) yillar
2. Hakam ibn Hishom. Hijriy 180–206 (milodiy 796–821) yillar.
3. Abdurrahmon ibn Hakam. Hijriy 206–238 (milodiy 821–852) yillar.
4. Muhammad ibn Abdurrahmon. Hijriy 238–273 (milodiy 852–886) yillar.
5. Abdulloh ibn Muhammad. Hijriy 275–300 (milodiy 888–912) yillar.
6. Abdurrahmon ibn Muhammad Nosir. Hijriy 300–350 (milodiy 912–961) yillar.
Keyingi mavzu:
Mag‘ribdagi Sijilmosaning Banu Midror davlati;
O‘rta Mag‘ribdagi rustamiylar davlati;
Marokashdagi idrisiylar davlati;
Tunis – Qayruvondagi ag‘labiylar davlati;
Tashqi fathlar.