frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Ahli sunna val jamoa kimlar?

27.12.2022   4906   6 min.
Ahli sunna val jamoa kimlar?

Bismillahir rohmanir rohim. “Ahli sunna val jamoa” arabcha ibora bo'lib, “Sunnatga amal qiluvchi va jamoatga ergashuvchi kishilar”, degan ma'noni anglatadi. Ahli sunna val jamoa – islom tarixining barcha davrlarida musulmonlarning katta qismini tashkil qilgan. Ular Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam va xulafoi roshidin: Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali raziyallohu anhumning sunnatlarini mahkam ushlaganlar. Ular – din peshvolari bo'lmish sahobalar, tobe'inlar va to'rt mo''tabar fiqhiy mazhab imomlari yo'llariga ergashgan jamoadir. Ahli sunnat val jamoa mazkur ulug'larning yo'lini naql va muttasil isnod (og'izma-og'iz eshitish) bilan qabul qilib olganlar.
Manbalarga qaraganda Ahli sunnat val jamoa atamasini dastlab Ibn Abbos raziyallohu anhu Oli Imron surasi 106-oyatini tafsir qilganda ishlatgan bo'lsalarda, bu atama islomning dastlabki davrlarida mashhur bo'lmagan. Balki o'zlarini turli nomlar bilan atagan firqalar ko'paya boshlagach, Ahli sunna val jamoa atamasi yuzaga chiqdi. Sunna va jamoa ahli kim deyilsa, ilmda peshvo sahobalar va ularning yo'lini tutgan zotlar, deyiladi. Imom Muslim Ibni Sirin rahimahullohdan rivoyat qiladilar:

لم يكونوا يسألون عن الإسناد فلما وقعت الفتنة قالوا سموا لنا رجالكم فينظر إلى أهل السنة فيؤخذ حديثهم وينظر إلى أهل البدع فلا يؤخذ حديثهم

ya'ni: “Odamlar fitna (hazrati Usmon raziyallohu anhuning shahid qilinishi) ro'y bergunicha bir-biridan isnod (hadislarni kimdan eshitganini) so'ramas edilar. Fitnadan keyin esa (hadis eshitgan) kishilaringizni nomlarini aytinglarchi, deyishardi. Qaralardi, agar ahli sunnatdan bo'lsa hadisi olinardi, agar ahli bid'atdan bo'lsa hadisi olinmasdi”.
Ahli sunna val jamoani tashkil qilgan sahobalardan tobe'inlar ilm o'rgandilar, ulardan esa mujtahid olimlar din ilmini qabul qilib oldilar.
Ikkinchi hijriy asrda ba'zi ilm ahli mutashobih oyatlarning zohiriga “yopishib”, Alloh taoloning ismi sifatlarini isbotlashda mubolag'a qilib, “tajsim” (Alloh taologa jism nisbat berish)ga o'tdilar. Buning muqobilida mo''tazila firqasi chiqib, Alloh taoloni noloyiq sifatlardan poklaymiz, deb mubolag'a qildilar va oyat-hadislarda sobit bo'lgan sifatlarni yo'qqa chiqardilar. O'sha paytda bo'lgan Ahmad ibn Hanbal va boshqa ahli sunnat vakillari (rahimahumulloh) ularga raddiya bildirganlar. O'zlaridan avvalgi sahobiylar, tobe'inlar va mujtahid ulamolarning yo'lini tutib, mutashobih oyatlar haqida: “Alloh taoloning sifatlari oyati karimalarda qanday bo'lsa shunday imon keltiramiz, ta'viliga kirishmaymiz”, – dedilar. Mo''tazila va mushabbihalarning bid'atlari yuzaga chiqib, ularning so'zlari tarqalgandan keyin bir qancha ulamolar chiqib Ahli sunna val jamoaning e'tiqodini kalomiy hujjatlar va usuliy dalillar bilan quvvatladilar. Bu sharafli vazifani Imom Abu Mansur Moturidiy va Imom Abul Hasan Ash'ariy kabi zotlar Ahli sunnaning e'tiqodini bayon qilish, shubhalarni daf qilish, naqliy va aqliy dalillar keltirish bilan chiroyli ado etdilar.
Imom Abu Mansur Moturidiy va Imom Abul Hasan Ash'ariy Ahli sunnatning aqoid bobida imomi ekanlari haqida ko'p ulamolar ta'kidlashgan. Jumladan, Imom Ibn Hajar Haytamiy shunday deydilar:

“المراد بالسنة ما عليه إماما أهل السنة والجماعة الشيخ أبو الحسن الأشعري وأبو منصور الماتريدي

ya'ni: “(Ahli sunna so'zidagi) Sunnatdan maqsad – ahli sunna val jamoa imomlari Abul Hasan Ash'ariy va Abu Mansur Moturidiy tutgan yo'ldir” (“Az zavojir an iqtirofil kaboir” kitobi).
Mashhur muhaddis olim Murtazo Zubaydiy rahmatullohi alayh aytadilar:

“إذا أطلق أهل السنة والجماعة فالمراد بهم الأشاعرة والماتريدية”

ya'ni: “Agar hech qanday qaydlarsiz “Ahli sunna val jamoa” deyilsa Ash'ariylar va Moturidiylar tushiniladi” (“Ithafu saadatil muttaqin sharhu ihyoi ulumid din” kitobi).
Alloma Toshkubrozoda aytadilar:

“ثم اعلم أن رئيس أهل السنة والجماعة في علم الكلام – يعني العقائد – رجلان، أحدهما حنفي والآخر شافعي، أما الحنفي فهو أبو منصور محمد بن محمود الماتريدي، إمام الهدى… وأما الآخر الشافعي فهو شيخ السنة ورئيس الجماعة إمام المتكلمين وناصر سنة سيد المرسلين والذاب عن الدين والساعي في حفظ عقائد المسلمين، أبو الحسن الأشعري البصري

ya'ni: “Ma'lum bo'lsinki, Ahli sunna val jamoaning kalom ilmi (ya'ni, aqoid)dagi raislari ikki kishidir: Birlari hanafiy, boshqalari shofe'iy mazhabida. Hanafiylari Abu Mansur Muhammad ibn Mahmud Moturidiy bo'lib, u zot “Imomul Huda” – “Hidoyat imomi” degan nom qozongan. Shofe'iylari “Sunnat shayxi”, “Jamoat raisi”, “Mutakallimlar imomi”, “Payg'ambarlar sayyidi sunnatlariga yordam beruvchi”, “Din himoyachisi”, “Musulmonlar aqidasini saqlashga harakat qiluvchi” Abul Hasan Ash'ariy Basriydir” (“Miftahus saoda” kitobi).
Imom Muhammad Zohid Kavsariy aytadilar:

“فالأشعري والماتريدي هما إماما أهل السنة والجماعة في مشارق الأرض ومغاربها، لهم كتب لا تحصى، وغالب ما وقع بين هذين الإمامين من الخلاف من قبيل الخلاف اللفظي

ya'ni: “Imom Ash'ariy va Imom Moturidiy — mashriqu va mag'ribda Ahli sunna val jamoa imomlaridir. Ularning ko'p sonli kitoblari bor. Ular o'rtasidagi aksariyat ixtiloflar lafziydir”.
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bizga turli firqalar ko'paygan paytda musulmonlarning katta jamoasini lozim tutishni ta'kidlab, shunday deydilar:

“فَإِذَا رَأَيْتُمُ اخْتِلَافًا فَعَلَيْكُمْ بِالسَّوَادِ الْأَعْظَمِ”

ya'ni: “Agar ixtilofni ko'rsangiz, katta qora (jamoa)ni lozim tuting” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
Demak, hozirgi kungacha ham va hozirgi kunda ham katta jamoat – Imom Moturidiy va Imom Ash'ariylarning aqidada tutgan yo'llari hamda fiqhda to'rt mo''tabar mazhab (Hanafiy, Molikiy, Shofe'iy va Hanbaliy)larga muvofiq keladi. Mana shular Ahli sunna val jamoani tashkil etadi. Ahli sunna val jamoa ichida bulardan boshqa e'tiqodiy va fiqhiy mazhablar mavjud emas. Tavfiq Allohdandir.

O'zbekiston musulmonlari idorasi
fatvo hay'ati.

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Malayziya telekanalida O‘zbekistonning ziyorat turizmi imkoniyatlari keng yoritildi

17.08.2026   46059   2 min.
Malayziya telekanalida O‘zbekistonning ziyorat turizmi imkoniyatlari keng yoritildi

Malayziyaning “Berita RTM” telekanalida O‘zbekistonda ziyorat turizmi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maxsus dastur namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida efirga uzatilgan ushbu ko‘rsatuvda malayziyalik professorlar – Badrul Isa va Norfadilah Kamaruddin tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston–Malayziya: kreativ turizm” nomli loyiha taqdim etildi.

Olimlar tashabbusi bilan yaratilgan mazkur loyiha mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi, Turizm qo‘mitasi va Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida amalga oshirildi.

Tashabbus O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari haqida “Visual storytelling” formatida professional raqamli kontent yaratishni nazarda tutadi.

Loyihaga ko‘ra, 17–31 avgust kunlari Malayziya UiTM texnologiya universitetining professional fotograflari va dizaynerlaridan iborat ijodiy jamoa Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xorazmda suratga olish ishlarini olib boradi.

Malayziyalik ijodkorlar yurtimiz haqida tayyorlagan foto va videomateriallar “Instagram”, “Facebook”, “TikTok”, “YouTube” kabi internet platformalarda joylashtirilishi rejalashtirilgan. Loyihada yurtimiz oliy o‘quv yurtlarining dizayn, san’at, turizm va mehmonxona biznesi yo‘nalishidagi talabalari ham ishtirok etadi. Bu akademik, turizm va ijodiy sohalarda tajriba almashishni tashkil etish imkonini beradi.

Dasturda fikr bildirgan Badrul Isa loyiha ASЕAN mamlakatlari va musulmon olamida O‘zbekistonni yanada kengroq tanitishga xizmat qilishini ta’kidladi. Uning fikricha, raqamli platformalar orqali mamlakatimiz tarixiy merosi, ziyorat turizmi va amalga oshirilayotgan so‘nggi o‘zgarishlari keng yoritiladi.

“Biz boy tarixiy meros, yuksak madaniyat va mehmondo‘st xalqqa ega bo‘lgan O‘zbekistonni ASЕAN mintaqasi aholisi tomonidan qayta kashf etilishini istaymiz”, – dedi professor.

Shuningdek, u O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 35 yilligi bilan tabriklab, loyiha natijalari ushbu sanaga munosib sovg‘a bo‘lishini qayd etdi.

Ushbu tashabbus O‘zbekistonning ziyorat turizmini ommalashtirish va ASЕAN mamlakatlaridan ko‘proq sayyohlarni jalb qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari