Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Iyun, 2025   |   25 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:40
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
21 Iyun, 2025, 25 Zulhijja, 1446

Ota-onamdek bo'lmayman!

06.01.2024   644   4 min.
Ota-onamdek bo'lmayman!

Esimni taniganimdan beri oilaviy janjallar, baqir-chaqirlar, kelishmovchiliklar ichida katta bo'ldim. Uydagi ota-onamning o'zaro urushlari mening ichki olamimni hali murg'ak paytimdayoq vayron qilib yuborgan edi. Ularning janjallari, doimo bir-birlariga qovoq-tumshuq qilib yurishlari mening nafaqat ruhiyatimga, balki maktabdagi darslarimga ham o'z ta'sirini o'tkazardi. Hudoning bergan kuni uyida notinchlik bo'lgan bolaning dars qilgisi ham kelmay qolarkan.

Maktabdagi darslar u yoqda tursin, umuman hayotga bo'lgan qiziqishi ham so'nib, tushkunlikka tushib qolar ekan. Men bularning hammasini boshimdan o'tkazdim. Maktabdagi darslar tugagan payt sinfdoshlarim xursand bo'lib uylariga, ota-onalarining bag'riga shoshilishardi. Lekin mening ichimdan tamoman boshqa tuyg'ular o'tardi. Qani endi shu darslar tugamasa-yu men uyimga bormasam derdim. Uydan shunchalik bezillab qolgandimki, bo'yim etib oila qurish davri yaqinlashganda o'zimga o'zim birinchi kelgan sovchilarga rozilik beraman, kuyovning qanaqaligini surishtirib o'tirmay erga tegib ketaman, shu “jahannamdan” qutulsam bo'lgani degan qarorga keldim.

Nihoyat men kutgan o'sha “najot farishtalari” kelishdi. Sovchilarning maqtashiga qaraganda kuyov unchalik yomon odamga o'xshamadi. Birinchi xotini bilan ajrashgan ekan. Lekin menga buning qizig'i yo'qdek edi go'yo. Agar shu sovchilarga yo'q desam xuddi ketidan boshqa hech kim meni so'rab kelmas, oqibatda shu “do'zah”da qolib ketadigandek edim. O'ylab o'tirmay sovchilarga rozilik berdim. Lekin ko'nglimning bir chetida shoshilyotganimni, xato qilayotganimni sezib turardim.

Afsuski, yomg'irdan qochib do'lga tutilgan ekanman. Erim meni uyimdagi g'urbatxonadan ozod qiladi deb o'ylagandim. Chuchvarani xom sanabman. "Har erni qilma orzu har erda bor toshu tarozu" deganlaridek, oilaviy hayotda ham omadim kelmadi. Turmush qurganimizga ko'p qaqt o'tmagan bo'lsa-da uyimizda deyarli har kuni janjal bo'lardi. Lekin men ota-onam kabi bo'lishni, ulardek umrimni janjal, to'polonlar ichida o'tkazishni istamasdim. Shu sabab qo'limdan kelganicha turmush o'rtog'imga yumshoq gapirardim. Haq bo'lib turib gap eshitgan paytlarimda ham sabr qilardim. Barcha mashaqqatlarga farzandlarim uchun chidadim. Chunki farzandlarim men kabi ota-onasining orasidagi munosabatlar qurboni bo'lishlarni xohlamadim. Ularga uyda sokin va xotirjam muhit yaratib berishga harakat qilardim.

Bolalar ziyrak bo'lishar ekan. Har safar dadalari meni hafa qilganda ko'nglimni olishga urinishardi. Atrofimda girdikapalak bo'lib, ishlarimga yordam berishardi. Katta qizim ham 9 yoshga etib ancha ishimni qo'limdan oldi. Biz u bilan sirdosh edik. Qizalog'im o'zi hali yosh bo'lsa ham gapirmasimdan oldin nima deyishimni, ichimdan nimalar o'tayotganini ko'z qarashlarimdan bilib olardi. Ortiqcha gapirmasdi. O'rni kelganda yumshoq gaplar bilan ko'ngil so'rab yonayotgan yuragimga suv separdi, qalbiy dardlarimga malham qo'yardi.

Farzandlarim katta yoshga etib o'zlarini eplab ketganluricha shu zaylda chidab yashadim. Allohga shukrki, bolaligimdan beri chekib kelayotgan zahmatlarim qariganimda rohatga aylandi. Bolalarimning hammasi esli-xushli, tarbiyali bo'lib o'sishdi. Otalarining og'ir fe'liga qaramasdan barchasi o'qishlari va xulqlarida barchaga namuna bo'ladigan farzandlar bo'lib voyaga etishdi. Ko'cha-ko'yda menga faqat rahmat eshittirishdi.

Ota-onalar farzandlarining kelajagini o'z oralaridagi janjallarning qurboniga aylantirmasliklari kerak. Ayniqsa ayol kishi, agar sabrli bo'lsa, turmushning achchiq zarbalariga sabru sabot bilan turib bersa, o'tkinchi dunyoning mashaqqatlariga ozgina bardosh bersa, tez orada chekkan azob-uqubatlari rohatga aylanishini o'z ko'zi bilan ko'radi.

Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining

Farzand tarbiyasida 700 ta saboq” kitobidan

G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Tabiat ham Sizni halok etmasin

20.06.2025   5590   6 min.
Tabiat ham Sizni halok etmasin

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Tong sahar to‘rt muchamizning sog‘, oilamiz tinch, tashqarida hech qanday xavfning xatarisiz uyg‘onish biz har doim ham e’tibor beravermaydiganimiz, shukrini ado etishni esimizdan chiqaradiganimiz ne’matlar sirasiga kiradi. Go‘yo asli shunday bo‘lishi kerakdek yashayveramiz. Yana bir tur ne’matlar borki, bizning e’tiborimizdan chetda. Bularga suv, havo kabi biz qadrlamaydigan, lekin bular bo‘lmasa, bir soat ham yashay olmaydigan ehtiyojlarimiz kiradi.

Bu ne’matlarning shukrini ado etmaslik, ya’ni qadriga yetmaslik oqibati nimalarga olib kelishi bugungi kunda namoyon bo‘lyapti. Pala-partish foydalanish sabab Orol dengizining qurishi nafaqat mintaqamizning, balki butun dunyoning muammosiga aylanib ulgurganiga ancha bo‘ldi. Biz uchun tekinga berib qo‘yilgan bu bebaho ne’matni qadrlamaslik orqasidan bugun insoniyat jiddiy muammolar qarshisida turibdi. Alloh taolo O‘zining kalomida berilgan ne’matlarni qadrlashni ta’kidlab, «Yeb-ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Chunki U Zot isrof qiluvchilarni sevmas» (A’rof surasi, 31-oyat), deb buyurdi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahorat qilayotgan buyuk sahobalardan biri Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuning suvni ko‘proq ishlatayotganini ko‘rdilar va unga: «Hoy Sa’d! Bu qanday isrofgarchilik?!» dedilar. Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu: «Ey Allohning Rasuli! Tahoratda ham isrof bo‘ladimi?» dedi. U Allohning ibodati uchun tahorat qilayotganda suvni sal ko‘proq ishlatish isrof sanalmasa kerak, deb o‘ylagan ekan. Shunda u zot alayhissalom: «Ha, hatto oqib turgan daryoning yoqasida bo‘lsang ham», dedilar.

Biz esa «Suv – tekin» degan tushuncha bilan bir paytlar shaharlarimiz, qishloqlarimiz, mahallalarimizda zilol suvga to‘lib oqqan ariq-anhorlarni quritdik. Borlarini chiqindixonaga aylantirdik. Oqibatda ilgari odamlar bemalol ichavergan ariq suvlari hozir hatto qo‘l yuvishga ham o‘ylanib qolinadigan holga keldi.

Yaqin-yaqingacha poytaxtning shimoli-sharq tomonidan ko‘rinib, bahri dilingizni ochgan, xush kayfiyat bag‘ishlagan purviqor tog‘lar bugun ko‘rinmay qolganiga odamlar endi-endi ahamiyat bera boshlashdi. Daraxtlarning kamayishi, avtoulovlarning ko‘payishi, mavjud yashil hududlar qisqarib, o‘rniga rejasiz qurib tashlanayotgan uy-joy ekologiyaga, ona tabiatga ta’sir qilmay qolmadi. Qalin changli parda ortiga yashiringan tog‘lar xuddi bizni yordamga chaqirayotgan, vaqtida chora ko‘rilmasa, og‘ir oqibatlar yuzaga kelishidan ogohlantirayotgandek go‘yo.

Va achinarlisi bu og‘ir oqibatlar o‘zini ko‘rsata boshladi. 60 yillik tajribaga ega IQAir tashkiloti tomonidan tayyorlangan oxirgi yillik hisobotda qayd etilishicha, havoning ifloslanishi oqibatida bir yilda dunyo bo‘yicha 7 million aholi hayotdan bevaqt ko‘z yummoqda, milliardlab inson nafas yo‘llari kasalliklari hamda boshqa og‘ir dardlarga yo‘liqmoqda. IQAir sayti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil yakunlari bo‘yicha tuzilgan reytingga muvofiq, O‘zbekiston 134 davlat orasida 23-o‘rinni band etib turganini juda achinarli. Ro‘yxatdagi havosi eng iflos uchlikni Bangladesh, Pokiston va Hindiston egallagan (iqair.com/ru/world-most-polluted-countries).

Surunkali respirator kasalliklarining dunyo bo‘ylab tarqalishi va bu jarayonlarning asoratlarini o‘rgangan bir guruh britaniyalik olimlar inson o‘limiga sabab bo‘layotgan beshta asosiy omillardan biri nafas olish tizimi kasalliklar ekanini ma’lum qilishdi. Tibbiyot sohasiga oid yangiliklarni yoritadigan «The Lancet» nashri e’lon qilgan maqolada 1990–2019 yillarda nafas yo‘llari kasalliklarining tarqalishi 39,8 foizga, ushbu dardlardan vafot etganlar soni esa 28,5 foizga oshgani aytilgan. Bronxial astma eng ko‘p tarqalayotgan surunkali respirator kasallik sifatida qayd etilgan bo‘lib, nafas yo‘llarining kasallanishi, birinchi navbatda, chekish illati, shuningdek, havoning ifloslanishi hamda sanoat ishlab chiqarishining turli xildagi salbiy oqibatlari sabab yuzaga kelmoqda.

Yurtimizdagi maktablarning birida atrof-muhitni asrab-avaylash hamda boshqa ijtimoiy muammolarni bartaraf etish, ularning oldini olishga bag‘ishlangan tadbirda bir o‘quvchi yigit Ona Yerning odamlarga qilgan murojaatini o‘qib bergan edi. Siz ham bu murojaatga bir e’tibor berib ko‘ring-a:

«Ey odamzod, nimalar qilib qo‘yding, nimalar qilyapsan! To‘xta! Bo‘ldi! Yetar endi. Daraxtlarni kesib, qancha o‘rmonlarni yo‘q qilding, havoni, suvni bulg‘atding. Ko‘lu daryolarni quritding. Juda qizib ketdim. Yaratilganimdan beri bunaqa qizimaganman. Hammayog‘imni yondirib, ilma-teshik qilib tashlading-ku! Yana nima istaysan, odamzot?! Shaharlarda tuproq qolmadi! Hammayoqni toshdek beton bilan qoplab tashlading. Mening sabrim cheksiz emas. Zaxiralarim ham tugab boryapti. Meni asramasang, ertaga o‘zing qiynalasan. O‘zingni bos. To‘xta. Atrofga qara! Aql bilan ish tutib, menga ozgina yordam berib yuborsang, u yog‘iga o‘zimni o‘zim tiklab olaman. Yaxshiyam Alloh menga o‘zimni o‘zim sovutish qobiliyatini bergan. Lekin vaziyat shu zaylda davom etaversa, ya’ni tabiat shu tarzda ifloslantirilaversa, tiklanish qobiliyatim ham ish bermay qo‘yishi mumkin. Avvalgi holga qaytishi dargumonu, lekin vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish mumkin. Yaxshi insonlar hali bor bu dunyoda. Hammangiz birlashsangiz, qo‘lingizdan ko‘p narsa keladi, Xudo xohlasa».

O‘smir yigitning bu murojaati har birimizga ko‘zingizni oching, vaqt borida imkoniyatlarni ishga soling, deyayotgandek go‘yo...

Alloh hech bir narsani bekor yaratmagan. Har bir o‘simlikning, har bir jonivorning vazifasi bor. Shuningdek, ularning mavjudligi, yashashi bir-biriga chambarchas bog‘liq. Bu zanjirni uzish mumkin emas. Bordiyu hayvonot yoki nabotot olamining bir vakili yo‘q qilinsa, buning oqibati qachondir baribir sezilishi aniq.

Achchiq haqiqat shuki, bor tabiatdagi, ya’ni atrof-muhitdagi ko‘pgina resurslar yo‘qotib bo‘lingan. Ammo o‘sha narsalarning ko‘pini tiklash, qaytarish mumkin. O‘z navbatida, borini saqlab qolish ham juda muhim. Shunday ekan, Alloh bergan buyuk ne’matlar – suv, tuproq, havo, o‘simliklaru jonivorlarga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartiraylik, azizlar. Zero, bizdan keyingi avlod ham ozod va obod yurtda yashashga haqli.


«Hilol» jurnali 8(65)-sonidan