Ogohlik – davr talabi
Bugungi axborot texnoogiyalari asrida turmushimiz qancha farovonlashgan bo'lsa, shuncha xavf-xatar ham ko'payib boryapti. Oldingiday dushmanni chetdan axtarishga hojat qolmadi. G'animlar yonimizda, hatto karmanlarimizda izg'ib yuribdi. Ba'zan kaftdekkina mobil qurilma bizning ag'yorimizga aylanib qolishi hech gap emas. Bu matoh farzandlarimizni ham chalg'itib, ularni turli buzuq aqidalarga boshlamoqda.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Ota-ona o'z bolasiga go'zal odobdan afzal narsa bera olmaydi», deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Boshqa bir hadisda: «Hech bir ota o'z farzandiga yaxshi tarbiya berish va odob o'rgatishdan ortiq hadya qilolmaydi», deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Nabiy alayhissalom farzandlariga, nabiralariga, umuman, yosh bolalarga juda e'tiborli bo'lganlar. U zotning tarbiyalarini olgan izdoshlari, sahobalar ham farzand tarbiyasida o'sha uslubni qo'llashgan.
Biz – bolajon millatmiz. Farzandlarimiz uchun o'zimizni o'tga-cho'qqa uramiz. Tinim bilmaymiz. O'zimiz emasak ham ularning og'ziga tutamiz. Lekin tarbiyadagi juda nozik jihatlarga bolamizning qalbiga kirishga, u bilan chinakam do'stlashishga, tillashishga, dillashishga har doim ham intilmaymiz.
Ota farzandi uchun hamma narsani muhayyo qilib qo'yadi. Biroq eng muhim narsani unutadi. Ha, odam bolasi uchun qorin to'qligiyu ustbutlikning o'zi kifoya qilmaydi. Unda ko'ngil bor. Ko'ngil esa doimiy e'tiborni, mehrni tusaydi. Har bir farzand otadan mehr ko'rishni xohlaydi, e'tibor xohlaydi.
Agar biz o'sha mehri bera olmasak, boshqalardan olsa, to'g'ri bo'ladimi? Ertaga o'zlarini g'arazli maqsadlariga yo'g'rilgan, Vataniga, diniga va ota-onasiga qarshi boradigan missioner va turli oqimlardan ota-onasidan ololmagan mehr-tarbiyani olsa, bu hammamiz uchun fojia bo'ladi.
Imom G'azzoliy bunday deydi: “Bolalar ota-onalariga berilgan bir omonatdir. Bolaning qalbi har qanday naqshu tasvirdan xoli bir qimmatbaho gavhardir. U qanday naqsh solinsa, qabul qiladi, qayoqqa bukilsa, egiladi. Agar yaxshilikka o'rgatilsa, shu bilan o'sadi va dunyoyu oxiratda saodatga erishadi. Uning savobiga ota-onasi ham, har bir muallimu ustozlari ham sherik bo'ladilar. Agar yomonlikka odatlantirilsa, hayvonlardek o'z holiga tashlab qo'yilsa, oxir-oqibat halok bo'ladi. Gunohi esa uning tarbiyasi uchun javobgar bo'lganlarning gardaniga tushadi”.
Hozirgi kunda ba'zi toifa va guruhlar manfur maqsadlari yo'lida Qur'oni karim oyatlari, hadisi shariflarning ma'nolarini buzib, o'z g'oyalariga moslashtirishmoqda. Shuningdek, ular solih ajdodlarimiz va o'tgan aziz ulamolarimiz aytgan so'zlarni ham butunlay noto'g'ri talqin qilib, o'z manfaatlari yo'lida foydalanishmoqda. Masalan, “hijrat”, “jihod” va “shahid” so'zlarini noto'g'ri talqin qilib, yoshlarimizni chalg'itmoqdalar.
Biz yoshlarimizga, mo'min-musulmonlarga, Islom dinimiz borasida oz bilimga ega bo'lgan kishilarga yuqoridagi so'zlarning asl ma'nosini tushuntirib berishimiz lozim. Shunda yoshlar xavf-xatar yuqoridagi so'zlarda emas, balki bu so'zlarni niqob, qurol qilib olgan toifa, guruh va adashgan jamoalarda ekanini anglab oladi.
O'sha toifalar haqida Alloh taolo A'rof surasining 179-oyatida bunday marhamat qiladi: «…Ularda qalblar bor, (lekin) ular bilan anglamaydilar. Ularda ko'zlar bor, (lekin) ular bilan ko'rmaydilar. Ularda quloqlar bor, (lekin) ular bilan eshitmaydilar. Ana o'shalar hayvonlar kabidirlar. Balki ular (yanada) adashganroqdirlar. Aynan o'shalar g'ofillardir».
Biz fazandlarimizni ba'zi toifa va guruhlarning manfur g'oyalariga uchib, yurtini tashlab vatangado bo'lib, yurtdoshlariga qarshi borib, vatan xoini bo'lishining oldini olishimiz shart.
Hullas, barcha musulmonlar uchun muqaddas tushunchalar va atamalarni g'arazli maqsad yo'lida suiiste'mol qilayotgan buzg'unchi toifalarga qarshi kurashish, ularning soxta da'volariga o'z vaqtida asosli raddiyalar berish har birimizning eng muhim vazifamizdir. Agar biz hushyorlikni bir dam yo'qotsak, payt poylab yurgan buzg'unchilar kirdikorlarini boshlashadi. Shu bois ogoh bo'lishimiz shart.
Mansur O'ROLOV
Toshkent shahri “No'g'ayqo'rg'on” jome masjidi imom-xatibi
Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazining Katta majlislar zalida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» mavzusidagi I ilmiy-amaliy anjumani boshlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu nufuzli tadbirda Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, shuningdek, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari, bosh imom-xatiblar va OAV vakillari ishtirok etmoqda. Anjumanga jami 700 nafarga yaqin pedagog va soha vakillari jalb etilgan bo‘lib, ularning 300 nafari bevosita zalda, 400 nafari esa hududlardan videoselektor orqali qatnashmoqda.
So‘zga chiqqan notiqlar so‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbuslari bilan diniy-ma’rifiy sohani takomillashtirish va zamonaviy kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga to‘xtalib o‘tmoqda. Ta’kidlanganidek, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti va madrasasi hamda 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi ilm ahliga keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Toshkent islom institutida magistratura ochildi, tizimdagi 510 nafar pedagogning 50 nafardan ortig‘i PhD va DSc ilmiy darajalariga ega bo‘ldi.
Shuningdek, yurtimizdagi diniy ta’lim muassasalariga Misrning Al-Azhar majmuasi ustozlari jalb etildi. 90 ta fan dasturi va yangi avlod darsliklari yaratildi. Mir Arab, Xadichai Kubro, Hidoya va Ko‘kaldosh madrasalari zamonaviy binolarga ega bo‘lib, Iordaniya, Misr va Birlashgan Arab Amirliklarining yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorliklar rivojlanmoqda.
Ushbu nufuzli anjumandan ko‘zlangan maqsad ham professor-o‘qituvchilar uchun ilmiy-amaliy muloqot maydonini yaratish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, ta’lim jarayoniga raqamli va innovatsion usullarni keng joriy etishdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati