Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Avgust, 2025   |   11 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:50
Quyosh
05:22
Peshin
12:34
Asr
17:29
Shom
19:39
Xufton
21:04
Bismillah
05 Avgust, 2025, 11 Safar, 1447

Allohga qaysi ismi ila duo qilsak, ijobat etadi?

05.01.2024   1659   3 min.
Allohga qaysi ismi ila duo qilsak, ijobat etadi?

Shayx Atiyya Saqr rahimahulloh bu savolga quyidagi javob beradilar: “Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Allohning go'zal ismlari bordir. Bas, Unga o'sha (ism)lar ila duo qiling” (A'rof surasi, 180-oyat).

Boshqa oyatda bunday deyiladi: “Allohga duo qilinglar, Rohmanga duo qilinglar, qaysisiga duo qilsangiz ham, bari bir. Go'zal ismlar Unikidir” (Isro surasi, 110-oyat).

Allohning barcha ismlari go'zaldir. Banda Allohga duo qilganida, qancha ko'p go'zal ismlari ila duo qilsa shuncha yaxshi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:“Alloh taoloning to'qson to'qqizta – bir kam yuzta ismi bor. Kim ularni ixso qilsa (yod olsa), jannatga kiradi. Alloh toqdir, toqni yaxshi ko'radi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Ulamolarimiz ushbu xadisda kelgan “ixso” kalimasini fakatgina yodlash emas, balki “uning ma'nolarini bilib, tafakkur kilish va unga muvofiq go'zal xulq bilan xulqlanish lozim”, deganlar.

Alloh taoloning shunday ismlari borki, kim ular bilan duo qilsa duosi ijobat qilinadi, so'rasa so'rovi beriladi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir kishining:

اللَّهُمَّ إِنِّي أَسْأَلُكَ بِأَنِّي أَشْهَدُ أَنَّكَ أَنْتَ اللَّه لاَ إِلَهَ إِلاَّ أَنْتَ الأَحَدُ الصَّمَدُ الَّذِي لَمْ يَلِدْ وَلَمْ يُولَدْ وَلَمْ يَكُنْ لَهُ كُفُوًا أَحَدٌ[1]

“Allohim, Sendan o'zga ibodatga loyiq Zot yo'qligi, O'zing yakkayu yolg'izliging, behojatliging, tug'magan va tug'ilmagan va Senga hech bir narsa teng kelolmaydigan Zot – Alloh ekaningga iymon keltirib so'rayman” deyayotganini eshitib:“Jonim qo'lida bo'lgan Zotga qasamki, u bilan duo qilsa, duosi ijobat bo'ladigan va u bilan so'rasa, beriladigan Allohning ulug' ismlari bilan so'radi”, dedilar.

Davron NURMUHAMMAD

 [1] Allohumma inniy asaluka bianniy ashhadu annaka antallohu laa ilaha illaa anta al-ahadu as-somadu allaziy lam yalid va lam yulad va lam yakunlahu kufuvan ahad.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

«Ishorai sabboba» qanday amal?

04.08.2025   4798   3 min.
«Ishorai sabboba» qanday amal?

Hanafiy mazhabimizda «ishorai sabboba» sunnat amal xisoblanadi. U to‘g‘risida bir necha hadisu shariflar vorid bo‘lib, quyidagi manbalarda u to‘g‘risida va qanday qilinishi borasida to‘xtalib o‘tilgan. Abu Lays Samarqandiy “Navozil”, Kamoliddin Ibnu Humom “Fathul qodir”, Alloma Alouddiyn Kosoniy “Badoi’us Sanoiy”, Ibn Obidiyn “Raddul muxtor”, Abdulhay Laknaviy “Umdatur ri'oya”, “E’lo’us sunan” kabi mo‘tabar manbalarda ham sunnat ekanligi zikr qilingan.  Bu haqida Aliy Qoriy ikkita “Tazyinul ibora tahsinul ishora” va “At-tadhiynu lit tazayyun”, Hofiz Ibn Hajar “Talhisul hobir”, Ibn Obidiyn “Raf’ ul taraddud” nomli bir qator risolalarda ham yozib o‘tganlar.

Imom Termiziy Abu Humayddan rivoyat qiladilar: “O‘ng kaftlarini o‘ng tizzalariga, chap kaftlarini chap tizzalarini ustiga qo‘yib barmoqlari bilan ishora qilar edilar”.

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallolohu alayhi vasallam namozda, ya’ni tashahhudga o‘tirsalar o‘ng qo‘llarini o‘ng tizzalarini ustiga chap qo‘llarini chap tizzalarini ustiga qo‘yib ko‘rsatkich barmoqlarini ko‘tarib ishora  qilardilar. Chap qo‘llari tizzalarini ustida turar edi”. Ushbu hadisga sahobalar, tobe’inlar amal qilib, tashahhudda ishorani ixtiyor qildilar. Ahmad Nofi’dan rivoyat qiladilar: “Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo namozda tashahhudga o‘ltirsalar ikki qo‘llarini ikki tizzalariga qo‘yib barmoqlari bilan ishora qilib, ishora qilgan barmoqlariga qarab turar edilar, so‘ng Rasululloh sallalohualayhi vasallam: “Barmoq bilan ishora qilish shaytonga temirdan ham shiddatliroq”, derdilar.

Aliy Qoriy “Tazyinul ibora tahsinul ishora” kitoblarida ushbu hadisni sharhlab aytadilarki, “Barmoq bilan ishora qilish urushda temir qurolni ishlatishdan ham qiyinroqdir, go‘yo tavhidga ishora qilish bilan shayton mo‘min bandani adashtirishi, shirkka olib borishdan bo‘lgan  umidini kesadi”.

Imom Suyutiy “Jome’ul kabir” kitoblarida Uqba ibn Omirdan rivoyat qiladilar: “Kishi namozida ishora qiladigan har bir ishorasiga o‘nta hasanot yoziladi”, dedilar.

Ibn Obidiyn “Raf’ul taraddud” nomli kitoblaridagi «ishorai sabboba» haqida vorid bo‘lgan hadislar, olti sahih kitoblarning hammasida zikr qilingan. U hadislarni hattoki, ma’naviy mutovotir deyish durust bo‘ladi deganlar.

«Ishorai sabboba» qilish borasida sahobalar, ularga ergashgan tobe’inlar ixtilof qilmadilar. Imom Abu Hanifa va u zotning ikki shogirdlari Imom Abu Yusuf va Imom Muhammmad, Imom Molik, Imom Shofeiy, Imom Ahmad ibn Hanbal hamda mutaqaddim ulamolar «ishorai sabboba» sunnat ekanligiga ittifoq qilishgan.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, «ishorai sabboba»ni tashahhudga o‘tirganda, duoni o‘qib “Ashhadu anna...” deganda namozxon o‘ng qo‘lni ko‘rsatgich barmog‘ini ko‘taradi, “illalloh” deganda tushiradi. Tashahhud duosini avvalidan qo‘lni qimirlatib turish durust emas. Shuni takidlash lozimki, «ishorai sabboba» rivoyatlaridan bexabar bo‘lib, bu amalni qilmagan namozxonni aslo malomat qilinmaydi.

Namangan shahar "Mulla Bozor Oxund" jome masjidi

imom noibi Anvarxon Akramov

Manba: @Softalimotlar