Islom dini musulmonlarga rizqlarini halol mehnat qilib topishga va oila ahllarini nafaqa bilan ta'minlashga targ'ib etgan. Shunga binoan, har bir musulmon kishi o'zi uchun munosib kasb tanlashi va shu kasbi orqali rizqini istamoqligi lozim.
Bir kuni sahobalardan biri: Yo Rasululloh! Eng halol kasb qaysi? — deb so'radi. Payg'ambar alayhissalom: “Kishi o'z qo'l mehnati bilan qilgan amali va halol savdodir”, deb javob berdilar (Imom Ahmad rivoyati). Boshqa bir hadislarida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Birortangiz arqonini olib, tog'u toshdan bir bog' o'tin terib kelib, uni sotib, shuning puli bilan kifoyalanishi odamlardan tilanib, ular unga yo berib yoki bermaganlaridan ko'ra yaxshiroqdir”, deb marhamat qilganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Dinimizda halol kasb qilib oila boqish eng katta savobli amal darajasiga ko'tarilgan. Bu haqda quyidagi hadisda bunday deyilgan: Ka'b ibn Ujra raziyallohu anhu aytadilar: Bir yigit Payg'ambar sallallohu alayhi vasallamning oldilaridan o'tdi. Uning kuchini va g'ayratini ko'rgan sahobalar: Yo Rasululloh! Qani endi bu kuch va g'ayrat Alloh yo'lida bo'lsa edi, — deyishdi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Agar u yosh bolalarini deb ko'chaga chiqqan bo'lsa, demak, u Alloh yo'lida, agar qariya ota-onasini deb ko'chaga chiqqan bo'lsa, demak, u Alloh yo'lida, agar u o'zining iffatini saqlash uchun chiqqan bo'lsa ham, u Alloh yo'lida. Ammo o'zini ko'z-ko'z qilish, maqtanish uchun chiqqan bo'lsa, u holda shayton yo'lida bo'ladi”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Insonlar rizq topish va kasb qilish borasida bir necha toifaga bo'linadi. Masalan, bir toifa insonlar rizq topish uchun kasb qilish o'rniga odamlardan tilanib kun ko'rishni, tilanchilikni o'zlari uchun tirikchilik manbaiga aylantirib olgan. Dinimiz tilanchilik qilishdan qaytargan bo'lib, bu borada yuqoridagi hadis vorid bo'lgan.
Boshqa bir hadisda aytilishicha, ansoriylardan bir kishi Payg'ambar sallallohu alayhi vasallamning oldilariga tilanchilik qilib keladi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam undan: “Uyingda biror narsang bormi?” deb so'radilar. U: Ha, ostimizga solib o'tiradigan bo'yra va suv ichadigan xumchamiz bor, dedi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Ularni olib kel”, dedilar. Olib kelgach, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ularni qo'llariga olib: “Bu ikkisini kim sotib oladi?”, deb so'radilar. Bir kishi: Men bir dirhamga olaman, dedi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kim bir dirhamdan ko'proq beradi?”, deb ikki-uch marta takrorladilar. Boshqa bir kishi: Men ikki dirhamga sotib olaman, dedi. Rasululloh ikki dirhamga sotib, pulni ansoriyga berdilar va: “Bir dirhamiga oilangga taom sotib ol, ikkinchisiga esa bolta sotib olib oldimga kelgin”, dedilar. Boltani sotib olib kelgach, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam unga yog'ochdan sop yasab berdilar va: “Endi borib o'tin terib sotgin va o'n besh kun menning ko'zimga ko'rinma”, dedilar. O'n besh kun o'tin terib, sotib o'n dirham daromad qildi. Unga kiyim-kechak va taom sotib oldi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam unga: “Mana bu ishing qiyomat kuni yuzingda tilanchilikning asaridan dog' paydo bo'lishidan ko'ra yaxshiroqdir. Tilanchilik faqat uch kishiga mumkin: o'ta qashshoq kishiga, nochor qarzdor kishiga va zimmasida tovon to'lash majburiyati bo'lgan kishiga”, dedilar (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).
Ikkinchi toifa kishilar kasb qilish, rizq topish ekan deb halolidan haromini farq qilmaydi. Bunday kishilar oxir-oqibat qilgan ishlaridan pushaymon bo'lib, hasratu nadomatda qolishlari aniq. Chunki haromdan topilgan moldan baraka qochadi, bunday kishilarning ehsoni qabul, duosi ijobat bo'lmaydi. Ulamolardan birlari bunday degan: “Garchi ibodat vaqtida ustundek qotib tursang-da, to qorninga kirayotgan luqmanga e'tibor bermaguningcha ibodatingdan foyda yo'q”.
Uchinchi toifa kishilar kasb qilishda halol yo'lni tutadi va topayotgan molu davlatlarida Allohning haqqini ham ado etadi.
Insonning qilayotgan halol kasbi garchi odamlarning nazarida haqir, birovlar mensimaydigan darajada bo'lsa-da, o'zgalardan tilanib, boshqalarga boqimanda bo'lishdan yaxshiroq. Zero, inson o'zgalarga qaram bo'lmaslik bilan o'z or-nomusini asraydi. Umar ibn Hattob raziyallohu anhu aytadi: “Eng past kasbni qilish ham odamlardan tilanchilik qilib yurishdan yaxshiroqdir. Men bir odamni ko'rib, uning ko'rinishiga havasim kelsa, uning nima kasb qilishini so'rayman. Shunda menga: U ishlamaydi, deb aytishsa, nazarimdan qoladi” (Imom Ibn Abdulbar rivoyati).
Inson kasb qilar ekan, topgan molu davlatini tejab, iqtisod qilib sarflashni ham bilishi lozim. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “(Nafaqada) o'rtacha bo'lgan kishi hech ham kambag'al bo'lmaydi”, deganlar (Imom Tabaroniy va Imom Doraqutniy rivoyati).
Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhudan rivoyat qilingan marfu hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Iqtisod qilgan kimsa faqirlik ko'rmas, isrof qilish bilan ko'p mol ham qolmas”, deganlar (Imom Abu Shayx Asbahoniy rivoyati) .
Abdulmalik ibn Marvon qizi Fotimani Umar ibn Abdulazizga nikohlab berayotganida: Qizimga qancha nafaqa berasan? — deb so'radi. Shunda Umar ibn Abdulaziz: Ikki gunohning o'rtasidagi savobni, deb javob berdi va quyidagi oyatni o'qidi: “Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, (tutgan yo'llari) buning o'rtasida – mo''tadildir” (Furqon surasi, 67-oyat). Demak, barcha sohalarda bo'lgani kabi iqtisodiy jabhada ham mo''tadillikka rioya qilish kerak bo'ladi.
Alloh taolo barchamizni haloldan kasb qilib, haromdan hazar qilishga, oziga qanoat qilib, ko'pini o'zgalar bilan baham ko'rishga muyassar qilsin!
Jaloliddin domla HAMROQULOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari.
Hanafiy mazhabimizda «ishorai sabboba» sunnat amal xisoblanadi. U to‘g‘risida bir necha hadisu shariflar vorid bo‘lib, quyidagi manbalarda u to‘g‘risida va qanday qilinishi borasida to‘xtalib o‘tilgan. Abu Lays Samarqandiy “Navozil”, Kamoliddin Ibnu Humom “Fathul qodir”, Alloma Alouddiyn Kosoniy “Badoi’us Sanoiy”, Ibn Obidiyn “Raddul muxtor”, Abdulhay Laknaviy “Umdatur ri'oya”, “E’lo’us sunan” kabi mo‘tabar manbalarda ham sunnat ekanligi zikr qilingan. Bu haqida Aliy Qoriy ikkita “Tazyinul ibora tahsinul ishora” va “At-tadhiynu lit tazayyun”, Hofiz Ibn Hajar “Talhisul hobir”, Ibn Obidiyn “Raf’ ul taraddud” nomli bir qator risolalarda ham yozib o‘tganlar.
Imom Termiziy Abu Humayddan rivoyat qiladilar: “O‘ng kaftlarini o‘ng tizzalariga, chap kaftlarini chap tizzalarini ustiga qo‘yib barmoqlari bilan ishora qilar edilar”.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallolohu alayhi vasallam namozda, ya’ni tashahhudga o‘tirsalar o‘ng qo‘llarini o‘ng tizzalarini ustiga chap qo‘llarini chap tizzalarini ustiga qo‘yib ko‘rsatkich barmoqlarini ko‘tarib ishora qilardilar. Chap qo‘llari tizzalarini ustida turar edi”. Ushbu hadisga sahobalar, tobe’inlar amal qilib, tashahhudda ishorani ixtiyor qildilar. Ahmad Nofi’dan rivoyat qiladilar: “Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo namozda tashahhudga o‘ltirsalar ikki qo‘llarini ikki tizzalariga qo‘yib barmoqlari bilan ishora qilib, ishora qilgan barmoqlariga qarab turar edilar, so‘ng Rasululloh sallalohualayhi vasallam: “Barmoq bilan ishora qilish shaytonga temirdan ham shiddatliroq”, derdilar.
Aliy Qoriy “Tazyinul ibora tahsinul ishora” kitoblarida ushbu hadisni sharhlab aytadilarki, “Barmoq bilan ishora qilish urushda temir qurolni ishlatishdan ham qiyinroqdir, go‘yo tavhidga ishora qilish bilan shayton mo‘min bandani adashtirishi, shirkka olib borishdan bo‘lgan umidini kesadi”.
Imom Suyutiy “Jome’ul kabir” kitoblarida Uqba ibn Omirdan rivoyat qiladilar: “Kishi namozida ishora qiladigan har bir ishorasiga o‘nta hasanot yoziladi”, dedilar.
Ibn Obidiyn “Raf’ul taraddud” nomli kitoblaridagi «ishorai sabboba» haqida vorid bo‘lgan hadislar, olti sahih kitoblarning hammasida zikr qilingan. U hadislarni hattoki, ma’naviy mutovotir deyish durust bo‘ladi deganlar.
«Ishorai sabboba» qilish borasida sahobalar, ularga ergashgan tobe’inlar ixtilof qilmadilar. Imom Abu Hanifa va u zotning ikki shogirdlari Imom Abu Yusuf va Imom Muhammmad, Imom Molik, Imom Shofeiy, Imom Ahmad ibn Hanbal hamda mutaqaddim ulamolar «ishorai sabboba» sunnat ekanligiga ittifoq qilishgan.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, «ishorai sabboba»ni tashahhudga o‘tirganda, duoni o‘qib “Ashhadu anna...” deganda namozxon o‘ng qo‘lni ko‘rsatgich barmog‘ini ko‘taradi, “illalloh” deganda tushiradi. Tashahhud duosini avvalidan qo‘lni qimirlatib turish durust emas. Shuni takidlash lozimki, «ishorai sabboba» rivoyatlaridan bexabar bo‘lib, bu amalni qilmagan namozxonni aslo malomat qilinmaydi.
Namangan shahar "Mulla Bozor Oxund" jome masjidi
imom noibi Anvarxon Akramov
Manba: @Softalimotlar